Линклар

Samarqandlik ilon o‘ynatuvchi Alisher Yarmatov Ginnesning rekordlar kitobiga kirish harakatida. Bog‘chalarda bolalarga seriallar ko‘rsatilayotgani ota-onalar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonliklar bozorlarda plastik kartochka orqali to‘lov amalga oshirish imkoni bo‘lmayotganidan shikoyat qilmoqdalar.

Uyida 100 dan oshiq ilon boqayotgan samarqandlik morboz Ginnes kitobiga kirmoqchi

Samarqandning Jom qishlog‘ida yashovchi morboz Alisher Yarmatov Ginnesning rekordlar kitobiga kirmoqchi (“Darakchi”, 30 iyun). Yillar davomida eng qo‘rqinchli ilonlar bilan ham til topisha olgan A.Yarmatov mamlakatda eng mashhur morboz sanaladi. Ko‘p chaqqanidan unga ilon zahriham ta’sir etmaydigan bo‘lib qolgan. U ayni paytda uyida 100 dan oshiq ilon boqmoqda. “Yarmatovlar mehmonga borar bo‘lishsa, uy eshigiga qulf solmasdan ham ketaverishlari mumkin. Chunki hech kim bu xonadonga uy egasi yo‘q paytda qadam bosa olmaydi” deb yozadi gazeta.

Bog‘chalarda bolalar serialxonlik qilayotgani ota-onalar noroziligiga sabab bo‘ldi

Ko‘plab maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga televizor orqali serial va nomaqbul multfilmlar qo‘yib berish holatlari kuzatilmoqda (“Oila davrasida”, 30 iyun). Bundan norozi bo‘lgan ota-onalar bolalar bog‘chaga tengdoshlari bilan muloqot qilish, ijtimoiy malaka hosil qilish uchun borishini aytgan. “Komil avlod” bolalar bog‘chasi uslubchisi Noiba Umarova jangovarlik, to‘polonchilikka undovchi multfilmlarni ko‘rsatish zararli ekanini ta’kidlagan. Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmasi vakili Saodat To‘raxonovaga ko‘ra ham, bog‘chalarda bolalarning bo‘sh vaqtini televizor ko‘rishga ketkazish maqsadga muvofiq emas.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Chorsu buyum bozorida plastik o‘tmayotgani yuzasidan izoh berdi

Toshkentdagi “Chorsu” bozoridagi birorta kiyim-kechak rastasida bank plastik terminali yo‘q, deya arz qiladi Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi Dilbar Sodiqova. “O‘zim davlat tashkilotida ishlayman, ish haqimning 70 foizi plastik kartamga o‘tadi. Buyum bozorlarida terminallarni ko‘paytirishning iloji yo‘qmi?” deya savol yo‘llagan D. Sodiqova “Darakchi” nashriga. “Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan patent asosida pullik xizmat ko‘rsatayotgan sub’ektlar banklarda hisob-varaq ochmaganligi sababli ularga to‘lov terminallarini o‘rnatish imkoni bo‘lmayapti”, deya vaziyatni izohlagan Markaziy bank raisi o‘rinbosari M.Eshmatov. Qayd etilishicha, to‘lov terminallarini atayin ishlatmaslik yoki yashirib qo‘yish holatlarini nazorat qilishga banklar haqli emas, bu soliq idorasi vakolatidagi ishdir.

XS
SM
MD
LG