Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:30

Karimovning Termizga safari payti shahar "falajlanib qoldi"


Karimov Termizga safari paytida fermerlarga dehqonchilik bobida o‘gitlar berdi.
Karimov Termizga safari paytida fermerlarga dehqonchilik bobida o‘gitlar berdi.

Prezident Islom Karimovning 30 iyun kuni Surxandaryo viloyati markazi Termizga safari chog‘ida 140 ming aholisi bo‘lgan shahar yarim kun davomida batamom berkitildi.

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy aholi vakillariga ko‘ra, viloyat hokimiyati shahar tashqi ko‘rinishidagi kamchiliklarni O‘zbekiston prezidenti nigohidan yashirishga uringanlar.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati prezident Karimov Surxandaryo va Qashqadaryo viloyatlariga safar qilib, ikki viloyatdagi "obodonlashtirish ishlari" bilan tanishgani haqida xabar tarqatdi.

"O‘zbekiston" telekanali bergan xabarga ko‘ra, Karimov Termizda qurilgan namunaviy uylar va Termiz markazidagi ko‘ngilochar bog‘da qurilayotgan "San’at saroyi" qurilishini ko‘zdan kechirgan.

Termiz shahrida Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga shu yil may oyida ochilgan "Xotira va qadrlash" majmuasini ham ziyorat qilgan.

Falajlangan shahar

Termiz markzaidagi "Xotira va qadrlash" majmuasiga eltuvchi barcha yo‘llar berkitilgan edi
Termiz markzaidagi "Xotira va qadrlash" majmuasiga eltuvchi barcha yo‘llar berkitilgan edi

​Ozodlik suhbatlashgan termizliklar, ertalabki soat beshdan tushlikka qadar, shahar falajlanib qolganini aytdi.

Termiz yashovchilaridan biriga ko‘ra, shahar markazida nafaqat mashinalar, balki yo‘lovchilarning harakatlanishi ham taqiqlab qo‘yilgan:

- Butun Termiz shahrida avtomobil harakati soat 12-00 gacha batomom to‘xtatilib, ertalab soat 5-00 dan keyin shaharga hech kim va hech qaysi texnika kiritilmadi. Shahar falajlangandi. At-Termiziy ko‘chasida joylashgan barcha do‘kon, apteka, maishiy xizmat nuqtalari ochilmadi. Hatto markaziy dehkon bozorida bironta dehqon yoki savdogar ko‘rinmadi. Hamma qurilishlarda quruvchilar ham uyiga jo‘natilib, Karimov kelishi munosabati bilan barcha ishlar to‘xtatildi, - dedi Termiz yashovchilaridan biri.

Termizlik do‘kondorlardan birining aytishicha, ichki ishlar va xavfsizlik xodimlari odamlarni "hatto hojatga chiqishga" izn bermagan:

- Termiz shahrida vahima "prezident kelyapti", deb soat o‘n yarimlarda melisa bilan SNB butun Termiz shahri yo‘llarini katta-kata mashinalar bilan "blokirovat" qilib qo‘ydi. Tadbirkorlar do‘konlarini yopib qo‘yib, restoran, oshxonalar mijozlarini ko‘chaga haydab yuborib, savdo -sotiq qilishlariga yo‘l qo‘yishmadi.Tushlik vaqtiga tayyorlangan osh, somsa va hokazolarni sota olishmadi. Oshxona va do‘konlar ishchilarini ichkariga qamab, eshikni oldida melisa xodimlari turib olib, hatto hojatga chiqishga ruxsat berishmadi, - dedi u.

Ko‘p qavatli uyda yashovchi boshqa bir termizlik shahar markaziga borishning umuman imkoni bo‘lmaganini aytadi:

- Bizni umuman hatto domlar orasida yurgani qo‘yishmadi. Uni oldiga kamida besh kilometr atrofida hatto pashsha ucholmadi.

"Zolotaya Bochka" o‘rniga "Milliy taomlar"

Islom Karimov namunaviy uylarni ko‘zdan kechirgan
Islom Karimov namunaviy uylarni ko‘zdan kechirgan

Termizlik o‘qituvchi esa Islom Karimov kelishi oldidan shahar ikki kecha-kunduz davomida "xuddi yalab chiqqandek" tozalanganini bildirdi:

-U Termiz shahriga kelishi oldidan quruvchilar o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarni asfalt bilan kechayu kunduz yamab chiqishdi. Butun hokimiyat va aholi ikki kun uxlamay chiqdi. Yo‘llar xuddi yalab chiqqandek tozalanib, Termiz shahrida bironta ham qum chang qolmadi, - dedi tozalik ishlariga jalb etilgan termizlik o‘qituvchi.

Termizlik do‘kondorning aytishicha, shahar hokimiyati tadbirkorlarni do‘konlar peshtoqidagi bannerlarni o‘zgartirishga majburlagan:

- "Alko Market" aroq do‘konlarini nomi o‘zgartirilib, "Yaxna ichimliklar sotish do‘koni" degan bannerlar yozib qo‘yildi. "Zolotaya Bochka" restorani "Milliy taomlar" oshxonasiga aylantirildi , "Zolotaya Bochka" ustini "Milliy taomlar" degan so‘zlar bitilgan bannerlar bilan yopib qo‘yishdi, - deydi mahalliy do‘kondor.

Uning ilova qilishicha, hattoki ba’zi bo‘shab yotgan yangi kvartiralar tadbirkorlar hisobidan vaqtincha do‘konlarga aylantirilgan:

- Yangi qurilgan uch qavatli uylarning birinchi qavati juda qimmat bo‘lgani uchun hech kim sotib olmayotgandi. Bu kvartiralar bir yildan beri bo‘shab yotuvdi. Hatto shu kvartiralar, Karimov kelishi munosabati bilan, tadbirkorlar hisobidan prilavkalar qo‘yilib, vaqtinchalik to‘ldirib, ko‘zbo‘yamachilik qilindi, dedi tadbirkor.

"Mundir kiygan qaroqchilar" va "ko‘nikkan xalq"

Karimov Termizda ekan kimsa tashqariga chiqa olmagan
Karimov Termizda ekan kimsa tashqariga chiqa olmagan

​Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan mahalliy inson huquqlari faoliga ko‘ra, ish joyi, daromadi va hatto ozodligidan ajralib qolishga qo‘rqqan tadbirkorlar "mundir kiygan qaroqchilar" topshirig‘ini bajarishga majbur:

- Millardlab mablag‘lar tadbirkor boshiga tushadi. Biznes ikki-uch kunga to‘xtaydi. Hatto "Kaptiva" va boshqa avtomashinalar ko‘chadan to‘xtatilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentdan oldindan kelgan delegatsiyani 15-20 kun olib yurishga majburlanadi. Benzinini hatto fuqoro o‘z yonidan xarajat qiladi. Avtobuslar, "Foton" va boshqa barcha katta texnikalar "chastniy sektor"niki bo‘lsa ham, ekspluatatsiya qilinadi. Qurilish material do‘konlaridan bir tiyinsiz xohlagancha olib, ishlatib yuboriladi. Hokimiyat to‘laydi deyishadi, lekin hech qachon to‘lanmaydi. Agar tadbirkor "jaloba" qilsa, unda uning bor-yo‘g‘i noqonuniy tortib olinib, o‘zini miliardlab sun’iy qarzdor qilishadi va kerak bo‘lsa qamatib yuborishadi. Buni hamma biladi. Shuning uchun ham hamma kuysa ham, ular xohlagan qurilish materiallarini o‘zini "ubitkasi"ga beradi. O‘zbekistonda hokimiyat va mundir kiygan qaroqchilar bor, - dedi mahalliy huquqbon.

U Termiz aholisi O‘zbekiston yuqori rahbarlari kelishidon oldin ko‘riladigan bunday choralarga ko‘nikib qolganini aytdi:

- Odamlar ko‘nikib ham qoldi. Elektroenergiya ular kelishi oldidan o‘chmay qoladi. Ular kelib, ketgandan yoki bayram tugagandan svet va gaz o‘cha-o‘ch bo‘lib qoladi. Xalqimiz og‘zida: Limitimiz oshib ketdi rahbariyat kelib, shuning uchun ham o‘chirib limitni qoplayapti, degan gap yuradi. Hech kimni kommunal to‘lovi bo‘lmasada, hamma negadir qarzdor! Hech kim hech narsani isbotlay olmaydi bu jamiyatda, - deya xulosa qiladi huquqbon.

XS
SM
MD
LG