Линклар

O‘zbekistonda davom etayotgan bug‘doy o‘rimi kampaniyasi, fermerlarning aytishlaricha, qatag‘on sur’atini olmoqda. Davlat rejasini bajara olmayotgan fermerlar mahalliy hokimlar tomonidan haqorat qilinyapti, kaltaklanyapti, qamoqqa olinish bilan tahdid qilinmoqda. Ba’zi tumanlarda, fermerlar mol-holini sotib, bozordan bug‘doy sotib olishga majbur bo‘lmoqdalar.

Ozodlikka kelayotgan maktublarda bug‘doy o‘rish kampaniyasi davomida fermerlar mahalliy hokimlar va militsiya xodimlari tomonidan tazyiqqa uchrayotganliklari haqida xabar qilmoqda.

“Rejani “Bangladesh”dan olib bajaryapmiz”

Namangan viloyatining Chust tumani hokimi bug‘doy rejasini bajarolmayotgan fermerlarni rejani bajargan fermerlardan bug‘doy sotib olishga majbur qilmoqda. Bu haqda mahalliy fermerlardan biri Ozodlikka gapirdi:

“Hokim bizga shunday shart qo‘ygan. O‘zingga bir gramm ham bug‘doy qoldirmaysan, hammasini topshirasan deyapti. Planing to‘lmagan bo‘lsa, planni bajargan fermerdan bug‘doy sotib olib topshir, deyapti. Bizda fermerlar orasida bir ibora paydo bo‘lgan. Fermerlar bir-birimizni ko‘rganda “planni bajardingmi” deb so‘raymiz. “Ha, Bangladeshdan olib bajardik”, deydi. Bangladesh degani yo‘q narsa, ya’ni yo‘q joydan topib bajardik, degani bu. Kimdir bug‘doy sotib olib beryapti, kimdir pulini naqd beryapti”, deydi fermer.

Chustlik boshqa bir fermer esa, planni bajara olmaslikning ob’ektiv sabablarini hokimiyat inobatga olmayotganidan shikoyat qiladi:

“Bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani sababli bug‘doyga zang kasali tushdi. Ayrim joylarda bug‘doy gulga kirgan paytda chirib ketdi. Boshoq zo‘r, somon zo‘r, bug‘doy dabdala. Lekin bu sabablarni hech kim eshitishni ham istamaydi. Ering tagidan bo‘lsa ham topib bajar, deyapti hokim. Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi agronomi Alisher Tojiboev bir fermerning paxtasini do‘l urib ketgani uchun akt qilib bergan ekan. Sen nega bu fermerga akt qilib berding deb, uni va yana bir mutaxassisni ishdan haydab yubordi”, dedi fermer.

Chustlik tadbirkorlardan birining aytishicha, hokim har bir tashkilotga va katta do‘konlarga 400-500 kilogrammdan bug‘doy topshirish vazifasini yuklagan.

Chust tumani hokimining yordamchisi Adhamjon Ozodlik bilan suhbatda, fermerlarning iddaolarini qisman tasdiqlar ekan, tashkilotlarga bug‘doy solig‘i solinganini inkor qildi:

- To‘g‘ri, yog‘ingarchilik bu yil ko‘p bo‘lib, planga sal zarar bo‘ldi. Biz fermerlarga bug‘doyni sotib olib ber demayapmizu, lekin baribir planni bajarish kerakda. Biz ham viloyatga hisobot beramiz. Endi, imkoniyat darajasida bug‘doy topib bajaringlar, deyapmiz. Bog‘bonlarga murojaat qildik, yordam qilinglar, deb. Chunki ular bog‘lariga bug‘doy ekkan. Planini zo‘rg‘a 30-40 foiz qilgan fermerlar ham borda, axir. Endi ularga anaqa qilmasangiz bo‘lmaydi, ertaga paxtada ham qiynaydi, dedi hokim yordamchisi.

“Rejani bajarmagan fermerlarni uchastkovoylar hokimga olib boryapti”

Andijon viloyatining Izboskan tumanidan bo‘lgan fermer ham, aksariyat fermerlar davlat rejasini bajarolmagani uchun har kuni so‘kish eshitayotganini aytdi:

“Ko‘plar qatori men ham planimni bajara olmadim. Bug‘doyga kasal tushgani bunga sabab bo‘ldi. Aksariyat fermerlarning ahvoli shunday. Uchastkovoylar har kuni uyma-uy yurib plani to‘lmagan fermerlarni hokimning oldiga olib boryapti. Nuqul so‘kish eshityapmiz, hokim planni bajarmagan fermerlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘ataman deyapti. Tamoman bezib ketdik, fermer bo‘lganimizga ming pushaymon bo‘lyapmiz”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan fermer.

Izboskan tumani hokimi Ulug‘bek Abdullaevning telefoni o‘chirilgani bois, bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Joriy yildan boshlab O‘zbekistonda shartnomada belgilangan planni bajarolmagan fermerlarga nisbatan jarima miqdori ko‘paytirildi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, agar fermer shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotni topshirishdan bo‘yin tovlagan yoki topshira olmagan bo‘lsa, ana shu topshirilmagan mahsulotining 30 foizlik narxi miqdorida jarima to‘laydi.

Biroq, fermerlar, rejani bajarmaslikka sabab bo‘lgan suv tanqisligi, tabiiy ofatlar, o‘simlik kasalligi kabi ob’ektiv sabablar hokimiyat tomonidan e’tiborga olinmayotganidan shikoyat qiladilar.

XS
SM
MD
LG