Линклар

Avtohalokatga uchragan xonanda Ahror Usmonov 10 kundan beri komada yotibdi


Ahror Usmonov 1980-yillar o‘rtalaridan san’at muxlislariga yaxshi tanish

Ahror Usmonov 1980-yillar o‘rtalaridan san’at muxlislariga yaxshi tanish

O‘n kun muqaddam Toshkent viloyati G‘azalkent shahriga kiraverishda avtohalokatga uchragan taniqli xonanda Ahror Usmonov og‘ir ahvolda shifoxonada yotibdi.

Uni yaqindan tanigan san’atkorlarga ko‘ra, avtohalokatda qo‘li va boshidan jarohat olgan xonanda hamon hushiga kelgani yo‘q.

Hodisa 21 iyun tushlikdan keyin xonanda yengil avtomobilda 50 yoshini qutlagani yaqinlari bilan toqqa chiqishga qarori ortidan yuz bergan.

Yosh xonanda Alijon Isoqovga tegishli bo‘lgan Toyota Land Cruiser Prado ichida mashina egasidan tashqari Ahror Usmonov, uning turmush o‘rtog‘i va uch farzandi hamda bir shogirdi bo‘lgan.

Ahror Usmonov yaqinlaridan birining aytishicha, halokat mashinani Ahror Usmonovning turmush o‘rtog‘i boshqarayotgan paytda yuz bergan.

Alijon Isoqovning mahalliy matbuotga ma’lum qilishicha, u qo‘lidan va Ahror Usmonovning xotini oyog‘idan jarohat olgan.

"G‘azalkentga yetganimizda to‘satdan to‘s-to‘polon boshlanib ketdi, bu orada kelinoyim rulni o‘ziga bo‘ysundira olmay, mashina ag‘darilib ketdi," deb aytgan Alijon Isoqov.

Asli Farg‘onadan bo‘lgan Ahror Usmonov 1980 yillar o‘rtalaridan o‘zbek san’at muxlislariga yaqindan tanish.

U "Aqling bo‘lsa", "Ikki ko‘z", "Ayrilmasin", "Sizga nima siz uxlang", "Yolg‘ondan kulsa do‘st" kabi qo‘shiqlari bilan shinavandalar orasida shuhrat topgan.

Taniqli qo‘shiqchi-shoir Muhammad Ismoil "jonli ijrodan ikki-uch soatlab qo‘shiq ayta oladigan kamdan-kam qo‘shiqchilardan biri" deya Ahror Usmonov san’atiga yuksak baho bergandi.

XS
SM
MD
LG