Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:55

O‘zbekiston konversion kartalaridan chet elda pul yechib olish yana cheklandi


O‘zbekiston Markaziy banki chet eldagi bankomatlardan pul yechib olishga cheklov joriy etdi va 1 iyuldan boshlab oylik limitni 300 AQSh dollari qilib belgiladi. Bundan tashqari Xitoy, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarining ko‘plab ulgurji savdo terminallarida O‘zbekiston banklarining konversion kartalari qabul qilinmaydi. O‘zbek rasmiylari valyuta chayqovchiligiga qarshi kurash doirasida bunday choralarga qo‘l urilganini aytishmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki mulozimlariga ko‘ra, joriy yilning 1 iyulidan boshlab o‘zbek banklarining konversion kartalaridan bir oyda 300 AQSh dollaridan ortiq pul yechib olib bo‘lmaydi.

Kunduz kungi limit esa 100 AQSh dollari qilib belgilandi.

Bundan tashqari 1 iyuldan e’tiboran Xitoy, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarining ko‘plab ulgurji savdo markazlari terminallarida O‘zbekiston banklarining konversion kartalari qabul qilinmaydi.

Lekin, o‘zbekistonliklar xorijda konversion kartalardan mehmonxona, tibbiy xizmat to‘lovlarini amalga oshirish yoki oziq-ovqat sotib olishda foydalanishlari mumkin.

- Kundalik zaruriy extiyojlar uchun cheklov yo‘q. Supermarketlardan shu kartalar bilan oziq -ovqat yoki boshqa narsalarni sotib olishlari mumkin. Lekin, Xitoy, Turkiya yoki Dubayga boruvchilar ulgurji savdo markazlarida bu kartalardan foydalana olishmaydi. Naqd pul yechib olishmoqchi bo‘lishsa oylik limit faqat 300 AQSh dollari, shundan ortiq yechib bo‘lmaydi, - dedi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Markaziy bankining ismi sir qolishini istagan mulozimi.

O‘zbekiston vatandoshlari xorijga otlanar ekan konversion kartalar yordamida xorijiy valyutani davlat kursi bo‘yicha olib, xorijiy davlatlarda foydalanishadi.

Mamlakatda joriy etilgan qoidaga muvofiq, xorijga yo‘l olgan har bir o‘zbek vatandoshi banklardan 2 ming AQSh dollari miqdorida pulni davlat kursida olishi mumkin.

Banklar dollarni “qora bozor”dagi kursdan ancha past bo‘lgan davlat kursida almashtirib beradi.

Shu bois, ayrim mijozlar bir necha shaxs nomiga plastik kartochka olib, hisobidagi pulni xorijda naqdlashtirib qaytish yo‘liga o‘tgan edi.

O‘zbekistondagi banklar bu kabi chayqovchilik oldini olish maqsadida mijozlari kartochkalaridan yechib olinadigan pul miqdorini chekladi.

- Xorijga ketayotganlarga yengillik bo‘lsin, qiynalishmasin, deb davlat kursida dollar olishlari imtiyozlar bor. Ayrimlar bu kartalarga davlat kursida dollar tushirtirib, xorijga borib naqd qilyapti. Tujjorlar esa besh-olti, o‘nta qartalarni olib Xitoydan latta-putta olib kelib sotyapti. Endi unaqa qilisholmaydi. Cheklov bor. Lekin, qornini to‘yg‘azish, davolanish yoki mehmonxonada bo‘lish uchun bu kartalardan bemalol foydalanish mumkin, - dedi O‘zbekiston Markaziy banki mulozimi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston "qora bozori"da AQSh dollarining qiymati 6 yarim ming so‘mdan oshgani kuzatilyapti.

AQSh dollarining O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan rasmiy kursi esa 2943 so‘m 46 tiyindir.

XS
SM
MD
LG