Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:56

OzodMaktub: “Gippokrat bobo, men sizdan xafaman!”


O‘zbekistonda hamshira va do‘xtirlar dala va qurilish ishlariga majburan jalb qilinadi.
O‘zbekistonda hamshira va do‘xtirlar dala va qurilish ishlariga majburan jalb qilinadi.

Saharlikni qilib dam olib yotganimda birdan telefon jiringlab, Namangan viloyati Chust tuman tibbiyot birlashmasi xo‘jayini Olimjon Qosimov Janoblarining shum xabarchisi bugun ertalab 7.00 da Chust tuman san’at saroyiga hamma medpersonal yig‘ilishi shartligini aytdi.

Ey, Xudo, yana nima bo‘ldiykin dedim.

Xullas, yig‘ilishga borsam hamma tibbiyot xodimlari, tumandagi maktablarning biologiya o‘qituvchilari yig‘ilgan. Xo‘jayin Qosimov shaxsan o‘zlari minbarda, yonlarida esa o‘rinbosari desammi, bo‘ribosari desammi, xullas G‘ulomjon, Bekzodlar turishardi.

Ana endi tomosha boshlanadi deganda Chust tuman Tibbiyot birlashmasi miss madonnasi Sanobarxon (ya’ni bular xam Xo‘jayinga o‘rinbosar bo‘ladilar) kirib keldilar. Bu opa TTB hamshiralarini, to‘g‘rirog‘i ayol xodimlarini ishlatib tartibga solib so‘kib, kerak bo‘lsa urib, ishlatadigan mushtumzo‘r opalardan biri.

Yig‘ilish boshlandi. Kun tartibidagi masala yuzasidan Chust tuman TTB bosh hakimi (xo‘jayin) Olimjon hoji Qosimov so‘zga chiqib, u tumanimiz paxtazorlarida g‘o‘zaga turli xil kasalliklar kelayotgani, 2015-2016 yil qish mavsumi unchalik sovuq bo‘lmaganligi sababli turli xil zararkunandalar ko‘payib ketganini kuyinib gapirdi. Xozirda paxta dalaridagi g‘o‘za ko‘chatlariga o‘rimchakkana degan bir balo yopishib, quritayotganligini ko‘zida yosh bilan tasvirlab berdi.

Shundan so‘ng u so‘zni Namangan viloyati hokimligidan kelgan vakilga berib, undan bu g‘o‘za kasalligi qanaqa kasal, qanday ko‘payadi, xullas hammasini tasvirlab berishni so‘radi.

Bu salobatli va vajohatli vakil butun TTB xodimlari va maktabning biologiya o‘qituvchilariga g‘o‘za kasalligini tushuntira ketdi.

Men ham ancha narsa bilib oldim. G‘o‘za o‘rgimchakkanasini kapalaklar olib kelib, u shu kapalaklar orqali ko‘payar ekan. Bir kunda 50 tagacha tuxum qo‘yar ekan.

Xullas, bu kapalaklarning qoshi, ko‘zi, rangi, mo‘ylovi, nechtaga ko‘payishi, qanaqa ko‘payishini yakshanba, dam olish uchun tong sahardan miyamizga quydi, vakil tushmagir.

Chunki, vakil janoblari bizni do‘xtirlar emas, agronom yoki veterinar deb o‘ylagan bo‘lsa ajab emas.

Ha yo‘q, bizning do‘xtir ekanligimizni boshlig‘imiz Qosimov janoblari esga solib qo‘ydilar. U hammaga biz tibbiyot xodimlari xalatimiz va ko‘nglimiz oqligi haqida to‘lqinlanib gapirib berdi. Bu maqtovlardan erib, ko‘zimizga kelgan yosh boshliqning mana bu gaplaridan so‘ng kristallga aylanib, endi ko‘zni achishtira boshladi:

"Mana xabaringlar bor, boshqa tashkilotlar xozir xam dala maydonlarida g‘o‘zani yagona va chopiq qilib yuripdi. Sizlarning xar biringiz mani o‘z qizimsizlar men sizlarni o‘z qizimdek ko‘rganim uchun shu kungacha Sizlarni dalaga chiqarmadim", desa bo‘ladimi.

Ey, voh, nima deyapti bu odam? Rahbar, kamiga Haj amalini bajarib kelgan "HOJI" bo‘lsa.

Shu birov indamasayu shartta oldiga chiqib "ey ahmoq, shuncha dalaga chiqib chopiq qilib qishin yozin ishlab, fermerni ishini qigan kim? Itmi yoki mushukmi? Balkim eshshakdir?", deb qulog‘ining tagiga tortivorsang. Bu ham mayli, yana anavi yonida turgan bo‘ribosarlari uning gapini ma’qullab turibdi.

Xullas Yig‘ilish qaror qildi.

Mana shu kapalaklar bilan kurashish biz oq ko‘ngilli insonlarga ishonib topshirilgan ekan, buni biz sidqidildan bajarib berishimiz shart ekan.

"Hoziroq TTB bo‘lim boshliqlari o‘z xodimlariga fermer xo‘jaliklarini yerlariga borishi uchun avtomashina tashkillashtirsin. Bu avtomashina xarajatlarini hozircha yoningdan qilib turasanlar! Oy oxirida oylik chiqqanda xodimlardan yig‘ishtirib olasanlar, tushunarlimi?», deb do‘q qildi hoji boshliq.

Ish shunday. Har kuni sahar soat 6.00 da borib erni o‘rtasidagi moslama (bakalajkalar)larga o‘simliklarni ximoya qilish jamiyati tayyorlab bergan dori quyib chiqiladi. Ertasiga o‘sha tutilgan kapalaklarni terib, starshiyga berish kerak.

"Dorining tarkibi zararlimas qo‘rqmalaring… Suv, asal, shakar suspenziyasi..", qo‘shimcha qildi janob Qosimov.

- Biologiya o‘kituvchilari, sizlarning vazifalaringiz. Har biringizga biriktirilgan hamshiralarga kapalakni tanitib qo‘yib, yonida birga borib kelasizlar. Hammaga gap tushunarlimi?

–Tushunarli.

- Savollar yo‘qmi ?

–Yo‘q.

Chust tuman San’at saroyidagi sahardagi yig‘ilish shu yo‘sinda tugadi.

Men hamshiraman. Shu payt Gippokratdan xafa bo‘lib ketdim. Buyuk donishmand qasamyodning tarkibiga shu dala ishlarini ham kiritib ketganda, bunchalik alam qilmasdi.

Masalan, odamlar bilan birga o‘simliklarning sog‘lig‘ini himoya qilishga, g‘o‘zalar salomatligiga zarar keltiradigan kapalaklarni qirishga ont ichaman deb yozib qo‘ysa, asakasi ketarmidi.

Gippokrat bobo, sizdan ranjidim. Sizku aqlli odam edingiz, lekin aqlsizlarga ham bir narsa yozib keting edi.

Ha, bo‘pti, dugonajon o‘rindan turing endi, ketdik kapalaklarni qirgani, bo‘lmasa shu ishimizdan ham ayrilib qolamiz...

Chust tumani tibbiyot birlashmasi hamshirasi.

XS
SM
MD
LG