Линклар

Turkiya janubi-g‘arbidagi Mug‘la viloyati Marmaris tumanida politsiya soxta pulni o‘tkazishga uringan o‘zbekistonlik er-xotinni ushlagan.

Bu haqda 3 iyulda xabar bergan turk matbuotiga ko‘ra, O‘zbekiston vatandoshi Qobiljon Hasanov uch yarim ming yevro va 200 dollar bilan lyuks mehmonxonalardan birida qo‘lga olingan.

Marmarisga uch kun avval kelgan 35 yoshli Hasanov va uning ismi oshkor etilmayotgan xotini mahalliy do‘konlardan turli xil tekstil va teri mahsulotlarini soxta yevro va dollar bilan xarid qilgan.

Turk matubotiga ko‘ra, do‘kondorlar pullarning soxta ekanini sarroflik do‘konlariga borgan paytda aniqlashgan.

Ular yozgan ariza asosida politsiya nazorat video kameralari yordamida shubhali shaxslarni aniqlagan.

Qobiljon Hasanov va xotini 3 iyul kuni Marmarisdagi savdo markazida aylanib yurgan paytda politsiya tomonidan ushlangan.

Politsiya tintuvi chog‘ida o‘zbekistonliklar yonidan 100 yevrolik soxta banknotlardan uch yarim ming yevro va ikki dona soxta 100 dollarlik chiqqan.

Turkiya jinoyat kodeksiga ko‘ra, soxta pulni ishlatishga uringan har qanday shaxs ikki yildan 12 yilga ozodlikdan mahrum etilishi hamda 10 ming dollarga qadar jarimaga tortilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG