Линклар

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (TDPU) bosh binosining sirt qismi batamom buzib tashlanmoqda. Toshkentning Bobur maydonida joylashgan binoni buzish ishlari iyunь oyi oxirida talabalar ta’tilga chiqishi bilanoq boshlatilgan.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qaroriga muvofiq, TDPU ma’muriyati o‘tgan hafta universitet byudjeti keskin qisqarishini ma’lum qilgandi.

Qarorga asosida universitetda mavjud to‘qqizta fakulьtetdan sakkiztasi Toshkentning Chilonzor tumaniga ko‘chirilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahri yoki viloyatidan bo‘lmagan bir necha ming talabadan o‘z viloyatiga qaytib o‘qish haqida "ixtiyoriy-majburiy" arizalar yozib olinmoqda.

Universitetda mavjud 750 nafar o‘qituvchi va murabbiylari, Ozodlik manbalariga ko‘ra, “deyarli ikki baravarga” qisqargan.

Ulardan ayrimlari boshqa oliygohlarga o‘tkazib yuborilgani, ayrimlari esa boshqa sohaga o‘tayotgani yoda nafaqaga chiqayotgani aytiladi.

"Dahshatli manzara"

Bino old devoridagi monumentlar er bilan yakson bo‘lib yotibdi

Bino old devoridagi monumentlar er bilan yakson bo‘lib yotibdi

Guvohlarga ko‘ra, hozirga kelib tunuka devorlar bilan o‘rab olingani TDPU bosh binosining faqat chordevorlari qolgan.

Ozodlikka yetib kelgan suratlarda to‘rt qavatli muhtasham bino kiraverishiga o‘rnatilgan monumentlarning er bilan yakson bo‘lib yotganini ko‘rish mumkin.

Shanba kuni Bobur maydonida bo‘lgan toshkentliklardan biri "dahshatli manzara"ga duch kelganini aytadi:

- O‘tayotib binoning old tomonidagi dahshatli manzaraga ko‘zim tushdi. Yer bilan yakson bo‘lib yotibdi. Beshyog‘ochdagi bir butun me’morlik majmuasining eng asosiy binosini buzib tashlashayapti. Bu - jinoyat-ku! Lekin hech kim, miq etmaydi, - dedi guvohlardan biri.

Vayron etilayotgan bino tasvirlari Facebook tarmog‘ida tarqalishi yuzlab internet foydalanuvchilarining ehtiros va g‘azabga to‘la izohlarni yozishga undadi.

Ba’zilar binoning vayron etilishini "vahshiylik" deb atagan bo‘lsa, ba’zilar bu holatni Suriyaning Palmira shahridagi qadimiy obidalarning "Islomiy davlat" jangarilari tomonidan buzib tashlanishiga o‘xshatgan.

O‘zbekiston oliygohlari ichida eng yiriklaridan bo‘lgan ushbu binoni buzish ishlari ustida, binoni buzayotgan ishchilardan birining aytishicha, O‘zbekiston oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining “shaxsan o‘zi turibidi”.

Avval Frunze, keyin Nizomiy, endi Navoiy

TDPU binosini buzish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda

TDPU binosini buzish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda

O‘tgan hafta TDPU ma’muriyati xodimi ushbu oliygohdagi tub o‘zgarishlar haqida Ozodlikka izoh berarkan, ularni Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilishiga bog‘lagan edi.

O‘zbekiston prezidentining 13 mayda chiqargan farmoniga muvofiq, TDPU bosh binosi yangi oliygoh ixtiyoriga topshirilmoqda.

Farmonga asosan, Alisher Navoiy nomidagi universitet tarkibida uchta fakultet: o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Hozirgacha TDPU tarkibida bo‘lgan O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti ham yangi universitetga qo‘shib yuboriladi.

Shuningdek, Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Universitet tarkibiga o‘tkazilib, uning negizida O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etiladi.

Yangi universitetda o‘quv jarayonini shu yil sentyabridan boshlashga qaror qilingan.

TDPU O‘zbekistonda eng muhtasham binolardan birida joylashgandi

TDPU O‘zbekistonda eng muhtasham binolardan birida joylashgandi

Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti bosh binosi Stalin davrida shakllangan me’morchilik oqimlaridan biri - alohida milliy unsurlar qorishmasidagi neoklassika uslubida barpo etilgandi.

Bino joylashgan Bobur maydoni markazida 1958 yilda Qizil Armiya qo‘mondoni Mixail Frunzening ot ustidagi haykali o‘rnatilgan edi.

Keyinchalik bu haykal olib tashlandi va uning o‘rniga 2004 yilda ozariy shoiri Nizomiy Ganjaviy byusti o‘rnatildi.

Yangi rejaga muvofiq Nizomiy Ganjaviy byusti o‘rniga shoir Alisher Navoiy haykali qad ko‘tarishi lozim.

XS
SM
MD
LG