Линклар

Iyul oyining boshlarida Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev gitara bilan qo‘shiq aytgan video Internet tarmog‘ida paydo bo‘ldi. Prezident ma’muriyati “Sudbe nazlo”, deb nomlangan qo‘shiqni Almazbek Atambaevning o‘zi yozganini va o‘zi kuylaganini rasman tasdiqladi.

Tasvirlarda Atambaevning o‘zi ko‘rinmaydi, uning ovozi kadr ortidan eshitiladi. Videoda esa Atambaevning qo‘shig‘iga “Provinsialnыy roman" kinofilmidan olingan parchalardan iborat klipni ko‘rish mumkin.

"Qirg‘izfilm" kinostudiyasida suratga olinib, o‘z davrida Sovet Ittifoqida juda mashhur bo‘lgan mazkur filmni rejissyor M.Ubukeev suratga olgan, Bosh rollarni esa Talgat Nigmatullin va Venera Nigmatullina ijro etgan.

Atambaev kuylashdan oldin bu qo‘shiqni uzoq yillar avval yozganini va bu uning birinchi adabiy mashqi bo‘lganini aytadi.

Ikki kun ichida 8 mingga yaqin odam tomosha qilgan ushbu videoklip ostiga sharhlar ham qoldirilgan.

Ayrim sharhlarda tarmoq foydalanuvchilari qo‘shiqni Atambaev aytganiga ishonmasligini yozsalar, ko‘pchilik sharhlarda “Nash prezident krasavchik!:)))”, “Krasavchik, iygilik (muvaffaqiyat)!” kabi so‘zlarni o‘qish mumkin.

Ayrim sharhlarda Atambaevning rus tilida qo‘shiq kuylaganiga norozilik ham bildirilgan. Masalan, sharh qoldirganlardan biri: “Rasvo bo‘ldiku, davlat rahbari o‘rischa qo‘shiq aytayapti. Bu nimaning belgisi? Qirg‘izistonni o‘rsilarga berdik deganimi?”, deb e’tiroz bildirgan.

O‘zini Siymik Sabirov deb tanishtirgan foydalanuvchi esa “Almazbek Atambaev gitara jo‘rligida o‘zi yozgan “Sudbe nazlo” qo‘shig‘ini kuyladi. Bu qo‘shiqni u 40 yil avval Moskvada o‘qiyotganida yozgan edi”, deb sharh qoldirgan.

Bundan bir necha kun avval esa Atambaev maktab bitiruvchilari bilan uchrashuvda yoshlarni halol mehnat qilishga chaqirib: "halol mehnat qilishdan qo‘rqmaslik kerak. Men ham o‘z vaqtida kerak bo‘lsa farroshlik qilib kun kechirganman", deb aytgan edi.

XS
SM
MD
LG