Линклар

AQSh Senatining harbiy kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Jon MakKeyn yetakchiligidagi delegatsiya Pokistonning “Al-Qoida” hamda Tolibon jangarilari o‘rnashib olgani aytiladigan hududiga tashrif buyurdi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bildiruvda yozilishicha, to‘rt kishidan iborat guruh 3 iyul kuni Afg‘oniston yaqinida joylashgan Shimoliy Vaziriston viloyatiga borgan.

Senatorlar Pokiston bosh vazirining tashqi ishlar bo‘yicha to‘ng‘ich maslahatchisi Sartaj Aziz bilan uchrashib, AQSh va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikni hamda Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishgan.

MakKeyn safar davomida olingan suratlarni Twitterda e’lon qildi. Senator delegatsiya Pokiston armiyasi qo‘mondoni Rashif Sharif bilan “yaxshi uchrashuv” o‘tkazib, “hududdagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni muhokama qilgani” haqida yozdi.

Xorijliklar hamda jurnalistlar odatda Vaziristonga kiritilmaydi. 2014 yil mazkur viloyatda Pokiston armiyasi jangarilarni yo‘q qilish amaliyotini boshlagan.

AQSh bu hududda “Al-Qoida” hamda Toliblar etakchilarini yo‘q qilish uchun dron hujumlarini amalga oshirib keladi.

Keyingi yillarda AQSh va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar tarang ahvolga kelgan.

Ayrim AQSh rasmiylari Pokistonni afg‘onistonlik toliblarni zo‘ravonlikni qoralashga chorlash uchun etarlicha chora ko‘rmaslikda ayblab keladi.

Pokiston esa AQShning dron kampaniyasini tanqid qilib keladi. Dron hujumlari bir necha oddiy fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG