Линклар

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda kuydirgi (antraks, ruschasi -sibirskaya yazva) kasalligi tarqagani borasida muhokamalar qizimoqda. Go‘yoki kuydirgi oqibatida yara toshgan odamlar rasmlari va ovozli fayllar telefondan telefonga ko‘chib vahimani kuchaytirmoqda.

Bu vahimalar ortidan Ozodlik o‘z surishtiruvini o‘tkazdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 1 iyul kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev kuydirgining oldini olish bo‘yicha selektor kengash o‘tkazgan.

Respublika davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ bu selektor kengashdan keyin chorva mollarini kuydirgiga qarshi navbatdan tashqari vaksinatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma tarqatilgan.

Manbaning aytishicha¸ mol go‘shti bilan savdo qiladigan do‘konchi va qassoblar ham tekshirilmoqda.

Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ kuydirgi kasalligiga chalinganlikda gumon qilinib, bir kishi Toshkentdagi shifoxonaga yotqizilgan:

- Katta vahimaga asos yo‘q. Bilishimcha, bir kishi qoramol go‘shtidan zaharlanib kuydirgi taxmini bilan kasalxonaga yotqizildi. Bu bemor ayol 22- formani to‘ldirib, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilgani haqida ma’lumot bor¸ dedi Sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi manba.

Manba aytgan Toshkentdagi kasalxonaga bog‘landik. Ma’lum bo‘lishicha¸ bir hafta oldin bir bemor kuydirgi taxmini bilan laboratoriya testidan o‘tkazilib, boshqa bir kasalxonaga yuborilgan. Bu kasalxona bilan bog‘langanimizda yaqin o‘n kun ichida kuydirgi tashhisi bilan hech kim murojaat qilmagan.

- Sibirskaya yazva kasali ehtimoli bo‘lgan bemorlar bizga kelishi kerak¸ lekin keyingi 10 kunda bunday bemor qayd qilinmadi. Kuydirgi tarqab ketibdi¸ kuydirgidan odam o‘libdi, degan xavotir bilan telefon qilayotganlar so‘nggi ikki kun ichida ko‘payib ketdi¸ deydi kasalxonadagi manba.

O‘zbekistonda “kuydirgi vahimasi” qo‘shni Qozog‘istonning Chimkent shahrida ikki kishining kuydirgi kasaliga chalingani haqidagi habarlar tarqalgan paytga to‘g‘ri keldi.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra¸ kuydirgi kasali oldin Qarag‘anda viloyatida tarqab¸ keyin O‘zbekistonga qo‘shni Janubiy Qozog‘istonga o‘tgan.

O‘tgan yillarda O‘zbekistonda kuydirgi bilan kasallanganlar haqida Ozodlik habar tarqatgan edi.

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 2014 yili kuydirgi kasalligi chalingan, deb gumon qilinib, shifoxonaga yotqizilgan 35 odamning 9 nafariga kasallik yuqqani aniqlangan edi.

Kuydirgi nima?

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining vebsaytida kuydirgi kasalligi haqida shunday ma’lumot berilgan:

Kuydirgi – odamlar va hayvonlar uchun o‘ta xavfli hisoblangan yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi batsillalar ikki xil: vegetativ va spora shaklida uchraydi. Vegetativ shakldagi batsillalar tashqi muhit, yuqori harorat va dezinfeksiyalovchi moddalar ta’siriga chidamsizligi bois tezda nobud bo‘ladi, spora shaklidagi batsillalar esa aksincha, o‘ta chidamli bo‘lib, suvda o‘n yil, tuproqda esa bir necha o‘n yillab saqlanishi va unda ko‘payishi, to‘planishi ham mumkin. Spora shaklidagi batsillalar 60 daqiqa davomida qaynatilgandagina nobud bo‘ladi.

Kuydirgi kasalligining manbai asosan uy hayvonlari – qoramol, ot, qo‘y, tuya, echki va shu kabi qon so‘ruvchi hasharotlar hisoblanadi. Kuydirgi tayoqchasi kasal hayvonlarning barcha organlariga tarqalib, ularning peshobi va najasi bilan ajralib, tuproq, em-xashak, yaylov, suv havzasi va boshqa erlarni ifloslantiradi. Kasallik sog‘lom odamga veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan hayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste’mol qilganda yuqishi mumkin.

XS
SM
MD
LG