Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:55

Rossiya ma’murlari navoiylik 27 yashar qochqinni O‘zbekistonga berib yubordi


Shu yilning 30 iyunida Rossiyaning Arxangelьsk shahrida hibsga olingan o‘zbekistonlik qochqin Olim Ochilov Inson haqlari bo‘yicha Yevropa sudi qaroriga xilof ravishda O‘zbekistonga berib yuborildi. Himoyachilar O‘zbekistonda “terrorchilik va ektremistik tashkilotlarga, jumladan “Turkiston Islom harakati”ga aloqadorlikda gumonlanayotgan 27 yashar navoiylik bu yigit 1 iyul kuni Moskvaning Domodedovo aeroporti orqali chiqarib yuborilganini aytmoqda.

O‘zbekiston vatandoshi, 1989 yilda tug‘ilgan Olim Ochilov uni deportatsiya qilishga urinayotgan Arxangelsk politsiyasi ustidan joriy yil boshlarida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga arz qildi.

Olim o‘z yurtida unga nisbatan soxta jinoyat ishi ochilgani va berib yuborilsa qiynoqlar qo‘llanishi mumkinligidan xavotirlanib, Rossiyadan qochqinlik so‘ragan. Biroq, Rossiya migratsiya idoralari uning arizasiga rad javobini berib, uni deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Ochilov huquqlari himoyasini ta’minlayotgan Inson huquqlari institutining “Boshpana olish huquqi” dasturi himoyachisi Eleonora Davidyan 28 iyun kuni Strasburg hakamlari o‘zbekistonlikning talablarini qondirgani va uni O‘zbekistonga yubormaslik uchun Sud Reglamentining 39- qoidasini qo‘llaganini Ozodlikka gapirib berdi.

- 30 iyun kuni Arxangelskda hibsga olinib, u shahar aeroporti orqali Moskva aeroportiga keltirilgan. Buning hammasi ochiqchasiga sodir bo‘layotgan edi. U bizga Moskva aeroportidan qo‘ng‘iroq qilib, politsiya uni deportatsiya qilish bilan tahdid etayotganini aytdi. Biz ular Yevropa sudi qarorini bunday qo‘pol tarzda buzishlari mumkinligini tasavvur ham qilmagan edik, chunki 28 iyun kuni Ichki ishlar vazirligiga Inson haqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarori borligi to‘g‘risida bildirishnoma yuborilgan! Undan tashqari, biz 30 iyun kuni telefon orqali va xat orqali politsiya, Bosh prokuratura va boshqa idoralarni ogohlantirgan edik. Biz hozir shok holatidamiz, chunki bungacha o‘zbek qochqinlari yo o‘g‘irlab ketilardi, yoki “migratsiya qoidasini bo‘zganligi” vaji bilan deportatsiya qilinardi. Bunaqasi anchadan beri kuzatilmayotgan edi, dedi advokat Eleonora Davidyan.

Shu tariqa, 30 iyun kuni Arxangelsk aeroporti politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan asli karmanalik Olim Ochilov, 1 iyul kuni Domodedovo aeroportiga keltirilgan va u yerdan ertalabki 11:20 larda uchoqda Toshkentga badarg‘a qilingan.

Himoyachining aytishicha, Olimov O‘zbekistonda 244-1, 244-2, 159, 155 va 223 moddalar asosida “ekstremistik va terrorchi tashkilotlarga aloqadorlikda” gumonlanib xalqaro qidiruvga berilgan. U, shuningdek, “Turkiston Islomiy harakati” faoli sifatida unga qo‘yilayotgan barcha jinoyatlarni Rossiya Federatsiyasi hududida sodir etgani ma’lum qilindi.

Himoyachi Davidyan o‘zbekistonlik dindorning ochiqchasiga berib yuborilishi kuni kecha Rossiya Ichki ishlar vazirligida sodir bo‘lgan islohotlar hamda FMSning tugatilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

- Men bunga ikkita asosdan biri sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Birinchisi, migratsiya xizmati IIVga o‘tkazilganidan keyin yangi kelgan layoqatsiz amaldorlar nima qilayotganini tushunmasdan, Ochilovni berib yuborgan. To‘g‘risi, bunga hatto o‘zimning ham biroz ishongim yo‘q, chunki Migratsiya departamentida eski odamlar ishlashni davom ettirmoqda. Ikkinchi varianti: o‘zbekistonlik Rossiya maxfiy xizmati – FSB buyrug‘i bilan Toshkentga berib yuborilgan.Chunki bunday surbetlikka faqat shu tashkilot qodir! deya faraz qildi advokat.

“Boshpana olish huquqi” tashkiloti qochqin Olim Ochilov Yevropa sudi qarori qasddan qo‘pol tarzda buzilgan holda O‘zbekistonga berib yuborilgani yuzasidan maxsus bayonot ham tarqatdi.

Ariza beruvchi vakillarining fikricha, Yevropa sudi farmoyishi deportatsiya uchun javobgar tuzilmalar tomonidan qasddan e’tiborsiz qoldirilgan”, deyiladi tashkilotning maxsus bayonotida.

Advokat Eleonora Davidyan “Boshpana olish huquqi” Rossiya huquq-tartibot idoralarining loqaydligi va qonunbuzarligi ustidan ham jinoiy ish qo‘zg‘atilishi talabi bilan chiqishini bildirib, dedi:

- So‘zsiz, biz Ochilov ishini Yevropa sudida ko‘rib chiqishni davom ettiramiz. Faqat bu jiddiyroq qonunbuzarlik ekani barchaga ayon, chunki Yevropa sudi farmoyishi bajarilishi ochiqchasiga rad etildi. Bunday vaziyatda ular “bilmasdan qolibmiz” degan bahonalar bilan qutulishi qiyin! Biz Rossiya Adliya vazirligining bu hodisaga izohini talab qilamiz. Undan tashqari, biz o‘zbek qochqinining adolatsiz tarzda berib yuborilishiga aloqasi bor Rossiya rasmiylarini jinoiy javobgarlikka tortilishini ham talab qilib chiqamiz, dedi Eleonora Davidyan.

Ta’qidlash joyizki, Sud Reglamentining 39 Qoidasining ijro etilmasligi Strasburg sudi tomonidan Inson huquqlari Konventsiyasining o‘ta qo‘pol tarzda buzilishi sifatida qabul qilinadi.

Ozodlik Yevropa sudi Rossiya tomonidan bu Konventsiyaning oldin ham buzilishi qayd etilgani to‘g‘risida xabar bergan.

O‘zbekistonga noqonuniy tarzda berib yuborilgan, deportatsiya qilinganlar va o‘g‘irlab ketilganlar jumlasida andijonlik qochqin Abdumutalib Abdulhaqov va Savriddin Jo‘raevlar, “Xizb-ut Tahrir” tashkilotiga a’zolikda gumonlanib Rossiyada birinchi bo‘lib qamalgan va keyinchalik o‘g‘irlab ketilgan Yusuf Qosimoxunov, quvalik Shokirjon Soliev, toshkentlik Umid Yoqubov, diniy ekstremizmda ayblanib O‘zbekistonga olib chiqilgan andijonlik Azamatjon Ermakov, Ikromjon Mamajonov,Sanjarbek Sotivoldiev, Ma’murjon Yusupov, Ahmadjon Bekpo‘latovlar va ko‘plab boshqalar bo‘lgan.

2014 yilning sentyabrida Rossiyadan o‘g‘irlab ketilgan va uzoq muddatga hukm etilgan yana bir diniy qochqin Javliddin G‘anievning jasadi 2015 yilning aprelida O‘zbekistondagi hibsxonadan chiqqan.

XS
SM
MD
LG