Линклар

Toshkent shahri va viloyatiga vatandoshlarni vaqtincha ro‘yxatga olish tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, pasport bo‘limiga hujjat topshirgan shaxslardan uni propiska qilish haqida ish joyidan iltimosnoma talab qilinmaydi. Vaqtincha propiska uchun ijara shartnomasi, uy-joy mulkdorlar shirkatining roziligi va yana bir qator hujjatlar talab qilinadi. Rasmiylarga ko‘ra, vaqtinchalik propiska qilish birmuncha yengillashtirilgan.

Vatandoshlarni Toshkent shahri va viloyatida vaqtinchalik propiskaga olish tartibi, O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Ahmadjon Ahmadboevning "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida"gi buyrug‘iga asosan o‘zgartirildi.

Buyruqda aytilishicha, 2012 yilning 20 mayidagi shu nomdagi buyruq o‘z kuchini yo‘qotgan.

Yangi yo‘riqnomaga asosan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatga kelgan fuqarolar qaydga olinmaydi.

Agar vatandosh besh kundan ortiq muddatga kelgan bo‘lsa, turgan joyidagi tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining xorijga chiqish, kelish va fuqarolarni rasmiylashtirish bo‘limiga:

ariza;

pasport;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining yoki O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsiy guvohnomasi;

16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va 35x45 mm o‘lchamli 2 ta fotosurat;

uy-joy mulkdorlarining turar joy maydoni berishi to‘g‘risidagi arizasi;

ijara shartnomasi;

turar joy uchun hujjatlarning nusxalari va boshqa hujjatlarni topshiradi.

Hujjatlar to‘liq taqdim etilgach, fuqaroga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘i beriladi.

Qayd varag‘i fuqaroning turgan joyida hisobga olinganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

Ariza beruvchining pasportiga, va turar joyning uy daftariga hisobga olish to‘g‘risida belgi qo‘yilmaydi.

Buyruqda ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan fuqarolar ham vaqtinchalik ro‘yxatga olinishi aytib o‘tilgan.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha hisobga olingan fuqaro hisobga olingan joyida yashashi kerak.

Toshkent shahri xorijga kirish chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu buyruqdan so‘ng, vatandoshlarning Toshkent shahri va viloyatida vaqtinchalik ro‘yxatga turishi birmuncha yengillashtirilganini aytdi:

“Vaqtinchalik propiska shu paytgacha juda og‘ir muammo bo‘lib kelayotgan edi. Jumladan, Toshkent shahriga kelgan odam toki ishga kirganligi haqida ma’lumotnoma va korxona rahbaridan iltimosnoma olib kelmaguncha vaqtinchalik ro‘yxatga olinmayotgan edi. Endi esa, bu narsa talab qilinmaydi. Har qanday odam kerakli hujjatlarni to‘plab, pasport bo‘limiga topshirsa kifoya”, dedi mulozim.

Mulozimga ko‘ra, vatandoshlar dushanba kunidan boshlab Toshkent shahridagi pasport bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.

Vaqtincha propiska muammosiga duch kelgan vatandoshlarning aytishlaricha, baribir vaqtincha qaydga qo‘yish qiyinligicha qolmoqda:

Ish topish va ishxonadan spravka talab qilmaslik yaxshi bo‘ldi, albatta. Lekin, haliyam qog‘ozbozlik judayam ko‘p. Birgina ijara shartnomasi qilguncha 18 ta hujjat yig‘ishing kerak. Propiskani pasport bo‘limlari qiladigan bo‘pti. O‘zi shunday ham pasport bo‘limlarining ishi boshidan oshib yotibdi. Hech qaysi mamlakatda vaqtincha propiska degan narsani olish bunchalik og‘ir emas”, dedi vatandoshlardan biri.

O‘zbekistonda vaqtinchalik propiska qilish o‘tgan yil to‘xtatilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil, 26 fevralda qabul qilingan qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan O‘zbekiston fuqarolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus ruxsatnomasiz ishlayotganda qo‘lga tushib qolsa, doimiy yashash joyiga majburan chiqarib yuborilishi aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG