Линклар

Yekaterinburg prokuraturasi mahalliy politsiyaga shaharda mehnat qilayotgan muhojirlarni ommaviy tartibda politsiya bo‘limlariga olib kelishni taqiqladi. Shahar prokuraturasi huquq himoyachilarining 1041 migrantning politsiyaga keltirilishi ortidan qilgan arzi asosida tekshiruv o‘tkazilganini bildirdi.

Yekaterinburg prokuraturasi “Nolegal migrant” maxsus amaliyoti davomida mehnat muhojirlarining ommaviy qo‘lga olinib, politsiya bo‘limlariga keltirilishini noqonuniy ekaniga e’tibor qaratdi.

Prokuratura politsiya xodimlaridan xorijliklarni asossiz to‘xtatib, “hujjat tekshiruvi” bahonasida politsiyaga olib keltirishni bas qilish kerakligi to‘g‘risida maxsus qaror ham chiqardi.

Sverdlovsk viloyat politsiya bo‘limida bu tekshiruvlar mahalliy huquq himoyachilari tashabbusi bilan o‘tkazilganini tasdiqlashdi.

“Yekaterinburg prokuraturasi tomonidan janob Bashkov V.A.ning Yekaterinburg shahri IIBsi xodimlarining noqonuniy hatti-harakatlari ustidan qilgan murojaati asosida tekshiruv o‘tkazildi. Noqonuniy migratsiyaning oldini olish maqsadida olib borilgan amaliyotlar davomida politsiya bo‘limlariga 1041 xorijlik

A.Shvidchenko xati. "Noviy den" nashri fotosi.

A.Shvidchenko xati. "Noviy den" nashri fotosi.

keltirilgan, jumladan 210 kishi ma’muriy qonunbuzarliklar, 19 kishi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 322.3, 327, 158, 162 moddalari asosida, 812 shaxs politsiyaga qonunda belgilangan asoslarsiz keltirilgani ma’lum bo‘ldi”, deyiladi Yekaterinburg prokuraturasi xulosasida.

Tekshiruvchilarning bu qaroriga binoan, Sverdlovsk viloyat politsiya boshqarmasi boshlig‘i muovini A.Yu.Shvidchenko imzosi ostida shaxsiy tarkib xodimlari orasida maxsus tushuntirish ishlari kuchaytirilishi lozimligi va politsiya bo‘limlariga odamlarni asossiz olib kelish amaliyotlari to‘xtatilishi talab qilingan hujjat ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘ldi. Politsiyachilarga, shuningdek, “Politsiya to‘g‘risida”gi Federal Qonunni yaxshilab o‘rganib chiqish tavsiyasi berildi.

Sverdlovsk viloyat politsiya boshqarmasida Ozodlik so‘roviga prokuratura tavsiyasi mahalliy jurnalistlar va huquq himoyachilari tomonidan noto‘g‘ri talqin etilganini bildirishdi.

- Bu ma’lumot prokuratura xabarining yanglish tarzda talqinidir. Aslida hech kim hibs etilmagan – odamlar politsiya bo‘limlariga shaxsini aniqlash maqsadida keltirilgan. Bo‘limlarga asosan hujjati yo‘qlar olib kelingan. Shaxslari aniqlangandan keyin migrantlar qo‘yib yuborildi – ularni hech kim chertgani ham yo‘q! Shunchaki, mahalliy jamoatchilik komissiyasiga navbatdagi marotaba saylanishni istagan ba’zi bir huquq himoyachilari bu mavzuni ko‘tarib, masalani ko‘pirtirdi. U prokuraturaga murojaat qilibdi, prokuratura esa nimadir javob qaytarishi kerakku! Ular bizni “bechora muhojirlarni ushlayotgan irqchi politsiyachilar” sifatida namoyon qilayotir, dedi Sverdlovsk viloyat politsiyasi boshqarmasi vakilasi podpolkovnik Nina Pelevina.

Ayni paytda, politsiyaning nolegal mehnat qilayotgan muhojirlarga qarshi qaratilgan ommaviy tekshiruvlari ustidan Yekaterinburg prokuraturasiga Sverdlovsk viloyat Jamoatchilik kuzatuvchi komissiyasi a’zolari shikoyat qilgani ma’lum bo‘ldi.

Yekaterinburgdagi politsiya “zachistka”lari asosan masjidlar, bozorlar, omborlar va oziq-ovqat bazalarida olib borilishi aniqlangan. Huquq himoyachilari shu yilning 20 may kuni Yekaterinburgning Repin ko‘chasidagi shunday amaliyot vaqtida juma namoziga yig‘ilgan yuzlab muhojir hujjati tekshirilishiga qaramasdan, ularning aksari bo‘limlarga keltirilganini xabar qildi.

Olib borilgan tekshiruv davomida bo‘limlarga keltirilgan atigi 10 foiz muhojirgina Rossiyada yurish-turish qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Yekaterinburg prokuraturasi rasmiy vakilasi Marina Kanatova Ozodlik bilan suhbatda idora mahalliy politsiya hatti-harakatlari ustidan hayfsan e’lon qilganini tasdiqlab, ammo bu “bundan buyon politsiya tekshiruvlari batamom to‘xtatildi” degani emasligini tushuntirishga urindi:

- Prokuratura politsiyaga migrantlarga nisbatan biror amal qilmaslikni taqiqlagani yo‘q. Gap shundaki, siz gapirayotgan tavsiyanoma o‘tkazilgan aynan bir amaliyotga tegishli edi. Shahar prokuraturasi politsiya bo‘limlariga 1 mingdan ziyod muhojirni keltirilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi. Ularga “Politsiya to‘g‘risida”gi qonun buzilgani ko‘rsatildi. Ammo prokuratura politsiyaga migrantlarni tekshirishni man etgani yo‘q, deya ta’kidladi prokuror Marina Kanatova.

2016 yilning iyun oyiga bergan hisobotida Sverdlovsk politsiyasi “Nolegal migrant” amaliyotlari davomida 7 mingdan ortiq odamning hujjatlari tekshirilib, Rossiya migratsiya qonunlarini buzgan 700 kishi aniqlagani va ulardan 134 nafari deportatsiya qilinganini e’lon qildi.

Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham mehnat muhojirlari va xorij fuqarolarini “qora ro‘yxatdan” tekshirish uchun ommaviy tartibda politsiya bo‘limlariga olib kelish odat tusiga kirgani to‘g‘risida Ozodlik ko‘p marotaba xabar bergan.

XS
SM
MD
LG