Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 18:49

O‘zbekistonda xususiy yuk mashinalar egalari g‘alla tashishga majburlanmoqda


O‘zbekistonda fermerlar yetishtirgan g‘alla hosilini qabul punktlariga tashishga davlat korxonalari avtomobillari yetishmagani bois, bu ishga xususiy yuk mashinalari egalari majburlanmoqda. Ozodlikka shikoyat qilgan haydovchilarning aytishicha, postlardagi yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari xususiy avtomobillar egalarining hujjatlarini olib qo‘yib, kechgacha g‘alla tashib berishga majburlamoqda. Haydovchilarning aytganlarini rasmiylar ham tasdiqladi.

Toshkent - Termiz avtomagistralining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi Sangzor postida militsiya xodimlari 5 iyul kuni o‘nlab yuk avtomobillarini to‘xtatib, g‘alla tashishga majburlagan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan voqea guvohlaridan birining aytishicha, inspektorlar haydovchilarning hujjatini olib qo‘ygan:

“G‘allaorolda Sangzor blok postida GAI xodimlari ellikka yaqin yuk mashinalarini g‘alla tashiysan deb, ushlab turishganini ko‘rdim. Haydovchilar janjal qilyapti. Lekin GAI xodimlari kechgacha g‘alla tashib berasan, keyin hujjatingni olib ketasan, deb aytishyapti”, dedi voqea guvohlaridan biri.

G‘allorollik Nabijon Jo‘raboev 6 iyul, hayit kuni ham ushbu postda yuk avtomobillari ushlab turilganiga guvoh bo‘lganini aytdi:

- Sangzor postidan sal beriroqda ikkita GAI xodimi besh-oltita yuk mashinalarini to‘xtatib turganini ko‘rib, o‘sha yoqqa bordim. Bitta Samarqand mashinasi somon ortib olgan ekan, haydovchisidan sekin bu erda nima qilib turibsiz, deb so‘rasam, u “GAIlar dokumentlarimni olib qo‘ydi, borib somoningni tushirib kelasanda g‘alla tashiysan, deb turibdi. Harchand iltimos qilsak ham qo‘yvormayapti”, dedi. Boshqa mashinalarning ham dokumentlarini olib qo‘ygan ekan”, dedi suhbatdosh.

Ismi sir qolishini so‘ragan haydovchilardan birining aytishicha, tumandagi g‘alla qabul punktiga yuk tashiyotgan barcha avtomobillarning davlat raqamlari echib olingan:

- Meni ham g‘alla tashishga majbur qilishdi. Aks holda, hujjatlarimni olib qo‘yishadi va mashinamni shtrafploshadkaga olib borib, tiqib tashlashadi. Men kabi haydovchilar bilan arzimagan pulga og‘zaki shartnoma tuzishadi. Har bir reys g‘alla uchun 3 ming so‘mdan pul beriladi ekan. Lekin, o‘zlari zapravka qilib berishadi. Agar bir kunda beshta reys qila olsam 15 ming so‘m bo‘ladi ekan. Bu bir kilo go‘shtning ham puli emas. Gapning ochig‘i, fermerlar bir-ikki qop bug‘doy ham berishadi. Shuning uchun ishlayapmiz, dedi haydovchi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, yuk avtomobillari egalari g‘alla tashishga majburlanayotgani faktini tasdiqladi:

“Hozir ilgarigiday avtobazalar yo‘q. Hamma yuk mashinalari xususiy bo‘lib ketgan. G‘alla tashishga mashina etmay qolyapti. Shuning uchun viloyat hokimining topshirig‘i bilan xususiy yuk avtomobillari egalarini bu ishga jalb qilganmiz. Fermerlar uyushmasidan vakillar bilan YHXB xodimlari birga bo‘sh yurgan yuk avtomobillarini ushlab, bu ishga safarbar qilyapti. Bir-ikki kun yordam berishsa hech narsa qilmaydi”, dedi boshqarma mulozimi.

O‘zbekistonda dala ishlariga vatandoshlarni safarbar etish mutlaqo an’anaga aylangan.

Ayniqsa, fermerlar zimmasiga yuklangan bug‘doy va paxta hosilini yig‘ib olish kampaniyalari paytida majburiy mehnat ommaviy tus oladi.

Byudjet tashkilotlari ishchilarining bug‘doyni o‘tdan tozalash, paxta chopig‘i va terimi kabi dala ishlariga majburan safarbar etilishini xalqaro tashkilotlar muntazam tanqid qilib keladi.

XS
SM
MD
LG