Линклар

logo-print

Toshkentning xalq orasida "Panelniy" deb tanilgan hibsxonasi - shahar IIBga qarashli vaqtinchalik saqlash markazida 22 kun yotgan Davron poytaxtni viloyatliklar uchun rasman pullik qilib qo‘yish kerak, degan xulosaga kelgani aytdi. Toshkentda vaqtinchalik yashashga ruxsatnomasi bo‘la turib, pasporti yonida bo‘lmagani uchun zax bosgan hibsxonaga tashlangan 21 yashar abiturient "O‘zbekiston fuqarolarini o‘z yurtida xo‘rlayotgan militsionerlarning asosiy dardi jarima yig‘ish", demoqda.

Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga o‘qishga kirish uchun poytaxtga kelgan surxondaryolik 21 yashar Davron so‘nggi ikki-uch oy ichida 3 bor IIV xodimlari tomonidan to‘xtatilgani va 1 million so‘mdan ortiq jarima to‘laganini aytmoqda:

- Vaqtinchalik propiskasi bo‘lmaganlarga, 400 ming so‘m jarima solayapti. Yaqinda 350 ming so‘m pulim bor edi, shuni berib chiqdim. Shaharga vaqtinchalik propiskaga qo‘yishmayapti, desangizam farqi yo‘q. Men o‘zi shu muammoni deb "Panelniy"da 22 kun yotib ham chiqqanman, - deydi Davron.

U Ozodlikka murojaat qilishdan maqsadi - xalq orasida "Panelniy" deb ataladigan hibsxona - Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli vaqtinchalik saqlash markazida guvoh bo‘lgani holatni so‘zlab berish ekanini aytdi.

Uning hikoya qilishicha, pasporti yonida bo‘lmagani uchun bu markazda 22 kun saqlanganini O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sganlar uchun mislsiz haqsizlik, deb bilishini aytmoqda:

- Yonimda notarius orqali pasportimdan bir nusxa bor, yo‘qotmay, deb nusxasini olib yurardim. Mehnat birjasidan 6 oy Toshkentda ishlash va yashash haqqini beradigan ruxsatnoma ham bor. Ko‘rsatdim: "Pasport kvartiramda", dedim. Inobatga olmadi, to‘g‘ri "Panelniy"ga olib borib, bir oyga arest qilib qo‘ydi. Ertasi kuni pasportimni ham olib kelishdi, baribir chiqarmadi. O‘zbekistonda tug‘ilib-o‘sgan odam - yoningida pasporting yo‘q, degan sabab bilan 30 kunga hibs qilinishi - uyat-ku! - deydi Davron.

O‘zbekistonda shu paytgacha mavjud tartibga ko‘ra, viloyatlardan ishlash maqsadida Toshkentga kelganlar mehnat birjalarida qayddan o‘tishi va ulardan shaharda qolish-ishlash uchun ruxsatnoma olishi lozim. Bu ruxsatnoma IIV tomonidan vaqtinchalik qayd o‘rnida qabul qilinishi aytilgan, ammo aksar hollarda viloyatdan borganlarni ko‘cha-kuyda ovlab yuradigan militsionerlarning bu hujjatni tan olmasligidan shikoyat ko‘p bo‘ladi.

Ana shunday shikoyatchilardan biri bo‘lgan Davronning hikoya qilishicha, shu tariqa u 22 kun dahshatli sharoit hukm surgan hibsxonada saqlangan:

- Bu "Panelniy" degan joylari juda rasvo joy ekan. Tashqarida qor yog‘ayapti, biz ichkarida 8 kishilik kamerada beton supa ustida tashlab qo‘yilgan taxtada, yupun kiyimimiz bilan yotdik. Sovuq, shamollaysiz, kamerada esa tualet yo‘q. Uch marta maxsus olib chiqishadi. Bir yigit shamollab, isitmalab qoldi - dori ham berishmadi. Bir kunda ertalab bir buxanka non, tushlikka ovqat beradi - tamom. Xullas, hech aybingiz yo‘q holingizda - xuddi bir jinoyat qilib qo‘ygan odamdek azob chekasiz, - deya xotirlaydi Davron.

Uning aytishicha, hibsdan chiqarkan IIB xodimlari undan tilxat yozdirib olishgan:

- "Mening IIV xodimlaridan hech qanday davoim yo‘q", degan tilxat yozdirib olishdi. Qop-qorong‘u kameradan tashqariga chiqsam, oppoq qor edi, esimda. Ko‘zlarim tinib, ko‘rmay qoldi, amakimni quchoqlab, yig‘lab ham yubordim. O‘z yurtingda shunchalik xo‘rlansang - bu nima bo‘ladi? Bunaqa yurtda buyuk kelajak bo‘ladimi?! Men bundan noroziman. Jarima yig‘ish uchun militsionerlar shu yurtning fuqarolarini olib borib, "Panelniy"ga tiqyapti. Undan ko‘ra, Toshkentni viloyatliklar uchun rasman pullik qilib qo‘yishsin, oyiga 20-30 ming so‘mlik patent qilib qo‘yishsin! To‘laylik-da, xotirjam yuraylik, - deydi Davron.

Quyida Davron bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Mustaqil inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov "Panelniy" aslida jazo izolyatori emas, balki ma’muriy tartibbuzarlik sodir etgan yoki biror jinoyatda gumon qilingan shaxslar uchun ajratilgan vaqtinchalik saqlash markazi ekanini alohida ta’kidlaydi.

Toshkentning Yashnaobod tumanida joylashgan bu markazda bir necha bor bo‘lgan huquq faoli hech bir jinoyatda gumon qilinmagan ma’muriy tartibbuzarlarga nisbatan, go‘yoki, jinoyati isbotlangan mahkumlarga bo‘ladigan munosabat kuzatilishini alohida qayd etdi:

- Ushlangan shaxslar bu yerga borgandan keyin, surishtirishadi. Agar biror jinoyatda gumon qilish uchun asos topishsa, keyin uni bu markazdan SIZOga olib ketishadi va tergov qilishadi. Ya’ni, qonun bo‘yicha bu tergov izolyatori emas, balki vaqtincha saqlash markazi, - deb ta’kidlaydi huquq faoli.

Toshkent shahrida 23-24 iyun kunlari o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik doirasida shu yilning may oyidan pasport rejimi joriy etilgan edi.

Shundan so‘ng poytaxt ahli va viloyatdan borganlar, ayniqsa, ishlash uchun borganlardan militsiya reydi kuchaygani, yonida pasporti va Toshkentda vaqtinchalik qaydi bo‘lmaganlar qo‘lga olinib, "Panelniy"ga olib borilayotganidan shikoyatlar ko‘paydi.

Ushlanganlar bu markazda tekshirilib, 400 ming so‘mdan jarimaga tortilishi, aksar hollarda esa ham jarimaga tortilib, ham 15 sutkaga hibs qilingani kuzatildi.

XS
SM
MD
LG