Линклар

Issiqko‘lda avval O‘zbekiston tasarrufida bo‘lgan uch pansionatning nomi o‘zgartirilgani haqida Ozodlikka Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi matbuot kotibi Daniyar Do‘smatov ma’lum qildi.

- Eski nomi “Zolotiye peski” bo‘lgan pansionat “Bo‘steri” deb nomlandi. “Rohat NBU” degan pansionatning yangi nomi “Altin jay” bo‘ldi. “Dilorom” degan pansionatning nomi esa “Ene say” deb o‘zgartirildi. Hozir “Bo‘ston” degan pansionatning nomini o‘zgartirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda, bu pansionat nomi ham almashadi, - dedi Daniyar Do‘smatov.

Joriy yilning 4 aprelida Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Temir Sariev Sovet Ittifoqi paytida O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari va korxonalar hisobidan Issiqko‘lda bunyod etilgan “Rohat”, Dilorom”, “Oltin qum” va “Bo‘ston” pansionatlarini Qirg‘izistonga qaytarib olish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. O‘shanda bu pansionatlar 1992 yilda hukumatlararo qabul qilingan shartnoma va qarorlarga muvofiq Qirg‘izistonga o‘tkazilgani aytilgandi.

Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi matbuot kotibi Daniyar Do‘smatovga ko‘ra, avval O‘zbekistonga qarashli bo‘lgan bu pansionatlar hozir “Vityaz” deb nomlangan davlat korxonasi tarkibiga kiritilgan va shu kunda sho‘’ba korxonasi o‘laroq faoliyat yuritmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, avval bu pansionatlar Qirg‘izistonda mas’uliyati cheklangan jamiyatlar o‘laroq faoliyat olib borgan. “Rohat-NBU” pansionatining ta’sischisi O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oltin qum”niki “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, “Dilorom”niki “Asakabank”, “Bo‘ston”niki esa “O‘zsanoatqurilishbank” edi.

Xo‘sh, bu korxonalar o‘zlaridan olib qo‘yilgan pansionatlar uchun tovon puli oldimi?

Bu savolimizga javob bera oladigan kishini Milliy bankda ham, “O‘zsanoatqurilishbank”da ham, “O‘zbekiston temir yo‘llari”da ham topolmadik. “Asakabank”dan esa bu savolga javob olish uchun rasmiy xat yo‘llashimiz lozimligini aytishdi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida qirg‘iz rasmiylari Bishkek pansionatlar uchun Toshkentga tovon puli to‘lamasligini bildirgan.

Ayni paytda o‘zbekistonlik mas’ullardan biri avvalroq pansionatlarning Qirg‘iziston tomonidan olib qo‘yilishi masalasi Toshkentda tegishli davlat organlari tomonidan o‘rganilib, muhokama qilinayotganini aytgandi.

Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi matbuot kotibi Daniyar Do‘smatov Issiqko‘ldagi pansionatlar bo‘yicha O‘zbekistondan mulk da’vosi bo‘lgan-bo‘lmagani haqida o‘zida ma’lumot yo‘qligini aytdi.

Janob Do‘smatov bugungi kunga kelib mazkur pansionatlarning ijrochi rahbarlari ham almashganini ma’lum qildi.

- “Altin jay” pansionatining rahbari Ismailov Mirzabek Turusbekovich, “Bo‘steri”niki Chaljanov Kelgenbay Kunuevich, “Ene say”ning rahbari esa Ataev Aqjo‘l Sabirbekovich bo‘ldi. “Bo‘ston” rahbari bo‘yicha masala esa hozir ko‘rib chiqilayapti, - dedi Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi vakili Daniyar Do‘smatov.

Issiqko‘l viloyatining “Bo‘steri” qishlog‘idagi “Oltin qum” pansionati 28,35 gektar maydonni, Qarao‘y qishlog‘idagi “Dilorom” pansionati 21,77 gektar maydonni, yana shu qishloqdagi “Rohat-NBU” pansionati 19,05 gektar maydonni, Kunchig‘ish qishloq hukumati hududidagi “Bo‘ston” pansionati esa 10,65 gektar maydonni egallagan.

XS
SM
MD
LG