Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:29

Namanganlik bog‘bonlarga ham bug‘doy topshirish majburiyati yuklandi


Namangan viloyati hokimining topshirig‘iga ko‘ra, bog‘ va tokchilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklari har gektar bog‘i hisobiga 500 kilodan bug‘doy topib topshirishi kerak. Bog‘bonlar bozordan qimmat narxda bug‘doy sotib olib, arzon narxda hukumatga topshirishga majbur bo‘lmoqdalar.

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida bog‘bonlarga har gektar eri hisobiga 500 kilogrammdan bug‘doy solig‘i solindi.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan bog‘bonlarga ko‘ra, tumanda bug‘doy rejasi bajarilmaganining og‘irligi ularning zimmasiga yuklanmoqda:

“Assalomu alaykum Ozodlik. Yaqinda xususiy bog‘lar va tokzorlar tugatilib, ularning o‘rnida fermer xo‘jaliklari tashkil qilindi. Men ham ana shunday fermer xo‘jaliklaridan birining rahbariman. Tumanda bug‘doy rejasi bajarilmayotgani sababli bizga erimizning har gektari hisobiga 500 kilogrammdan bug‘doy topshirasan deb majburlashyapti. Bizning bundan boshqa ishimiz yo‘qmi? Biz bog‘bon bo‘lsak bug‘doyni qaerdan topib beramiz?”, deb yozadi bog‘bonlardan biri.

Tumanda tokchilik bilan shug‘ullanadigan boshqa fermer ham Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bozordan bug‘doy sotib olib hukumatga topshirishga majbur bo‘layotganini aytdi:

“Bu yil yomg‘ir ko‘p bo‘lgani bois g‘alla yaxshi bo‘lmadi. Hokim endi bizga yopishyapti. O‘zi planlarimiz yetarli bo‘lsa, yana g‘allaga balo bormi? Qo‘ymayapti. Har kuni hokimiyatga chaqirib boshimizni og‘rityapti. Majbur bo‘ldik. Bozordan bug‘doyning har kilosini 800 so‘mdan sotib olib, 460 so‘mdan topshirmoqdamiz. Ular bu ishlari bilan ko‘zi qonga to‘lib turgan odamlarni prezidentimizga qarshi qo‘ymoqda”, dedi bog‘bonlardan biri.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, rejani bajargan fermerlarning o‘zlariga qolishi kerak bo‘lgan bug‘doyi ham tortib olinib, don qabul qilish punkti omboriga olib borib qo‘yilmoqda.

Fermerlarning arz-dodlariga javoban, hokimiyat ularning yerlari tortib olinishi bilan tahdid qilyapti.

Ozodlik bu masalaga munosabat olish maqsadida Yangiqo‘rg‘on tumani hokimiyati bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan mulozim haqiqatan ham, bog‘bonlarga bug‘doy solig‘i solinganini tasdiqladi:

“Endi bu faqat bizda bo‘layotgani yo‘q. Bu yil g‘alla masalasi butun viloyatda yomon bo‘lyapti. Bu viloyat hokimining topshirig‘i. Boshqa tumanlardagi bog‘bonlarga ham shunday soliq solingan. Planni bajarmasak, bo‘lmaydi”, dedi mulozim.

Namangan viloyati hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Bundan bir necha kun avval Namangan viloyatining Chust tumanidagi bog‘bonlarga ham har gektar yer hisobiga 500 kilogrammdan bug‘doy topshirish majburiyati yuklangani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Joriy yildan boshlab O‘zbekistonda shartnomada belgilangan planni bajarolmagan fermerlarga nisbatan jarima miqdori ko‘paytirildi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, agar fermer shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotni topshirishdan bo‘yin tovlagan yoki topshira olmagan bo‘lsa, ana shu topshirilmagan mahsulotining 30 foizlik narxi miqdorida jarima to‘laydi.

Biroq, fermerlar, rejani bajarmaslikka sabab bo‘lgan suv tanqisligi, tabiiy ofatlar, o‘simlik kasalligi kabi ob’ektiv sabablar hokimiyat tomonidan e’tiborga olinmayotganidan shikoyat qiladilar.

XS
SM
MD
LG