Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:55

Ayolining xushtorini o‘ldirishga qotil yollagani gumonlanayotgan o‘zbekistonlik ushlandi


Peterburgda o‘z ayolining xushtorini 45 000 yevroga “zakaz” qilgan o‘zbekistonlik yirik biznesmen hibsga olindi. Tergovchilar Samarqanddan qochib ketgan ayolni ta’zirini berish maqsadida u Sankt-Peterburgga maxsus kelgani va qotillikni sodir etishga “rozilik” bergan operativ xodimga pul berayotganida qo‘lga olinganini ta’kidlamoqda.

2016 yilning 6 iyulida Rossiya shimoliy poytaxtining Krasnogvardeyskiy tumanidagi restoranlardan birida qotil yollamoqchi bo‘lgan shaxs hibs etildi.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlab bergan Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov pulning bir qismini operativ xodimga berayotganida qo‘lga tushirilgan odam yirik o‘zbekistonlik tadbirkor ekani aniqlanganini bildirdi.

- Uning ishi tergovi bilan biz – Bosh tergov qo‘mitasi shug‘ullanamiz. U kecha kechki payt qo‘lga tushirildi. O‘zbekistondan maxsus shu jinoyatni amalga oshirish uchun kelgani ma’lum. Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 30 moddasi 1 qismi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish) va 105 moddasi 2 qismi “z” bandi (yollanma qotillikka tayyorgarlik ko‘rish)da belgilangan jinoyat alomatlari asosida O‘zbekiston vatandoshiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, dedi Sergey Kapitonov.

Tergovchi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda xorij fuqarosini sud qarori bilan hibsga olish uchun zaruriy hujjatlar tayyorlanmoqda.

Bu ish tergoviga jalb qilingan Peterburg shahri Ichki ishlar boshqarmasi tergovchilari Ozodlik bilan suhbatda hodisa tafsilotlarini so‘zlab berdilar.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan tergov xodimi 58 yoshli gumonlanuvchining sevgan ayoli 2016 yil boshlarida O‘zbekistondan Sankt-Peterburgga - o‘zining xushtori oldiga qochib kelganini gapirib berdi.

- Jinoyat sababi – gumonlanuvchi bilan nikohsiz yashab kelgan 34 yashar ayol uning doimiy davolariyu talablaridan qochib,joriy yilning iyun boshlarida 1983 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik boshqa erkak bilan Rossiya Federatsiyasiga qochib keladi va Peterburgda ijaraga olingan kvartirada yashashni boshlaydi. Rashkchi er ayolning ortidan qidirib, topib keladi va uning jazmanini o‘ldirishga qaror qiladi, deya hodisa tafsilotlarini ochiqladi politsiya xodimi.

Ozodlik o‘z manbalaridan qotillikni tashkillashtirishda ayblanayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor 1956 yilda tug‘ilgan Vladimir Moiseevich Karmazin ekanini aniqladi. Karmazin santexnika maxsulotlari oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani, Rossiyaga 16 iyun kuni Samarqand - Sankt-Peterburg reysi bilan uchib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Peterburgning Viborg tumanidagi mehmonxonada joylashib olgan Vladimir o‘z niyatini amalga oshirish maqsadida mahalliy xususiy detektivlik agentligiga murojaat qilib, qotillik uchun 45 ming yevro miqdorida pul va’da qiladi. Ammo, detektiv ayblanuvchining jinoiy amallari borasida huquq muxofazasi idoralariga xabar qildi.

Jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari maxsus amaliyot ishlab chiqib, unga 2 hafta vaqt sarfladi.

O‘z niyatlari jiddiyligini namoyish qilish maqsadida Karmazin “qotil” rolini bajarayotgan politsiya xodimining bank kartochkasiga hatto 24 ming 120 yevro miqdorida pul o‘tkazib beradi.Shuningdek, u raqibini “albatta ko‘kragiga pichoq sanchib o‘ldirish”ni ham tayinlab qo‘yadi.

Operativ eksperiment davomida izquvarlar o‘ldirilishi kerak bo‘lgan 34 yashar yigitning “pichoq bilan ko‘kragiga urib o‘ldirilgani” fotosuratini tayyorladi.

Nihoyat, 2016 yilning 6 iyulida soat kunduzgi 4:00larda Kosigina ko‘chasidagi “Antonovka” restoranida “qotillik ijrochisi” rolini bajarayotgan xodim jabrlanuvchining “yo‘q qilingani”ni tasdiqlovchi fotosuratlar va uning pasportini Vladimir Karmazinga topshirdi.

O‘zbekistondan kelgan qotillik buyurtmachisi Sankt-Peterburg shahrining 2-chi Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan qolgan 20 ming yevro miqdorida naqd pulni uzatganida qo‘lga olindi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan politsiya xodimi o‘zbekistonlik tadbirkor qo‘lga tushirilganidan keyin uni “hech kim o‘lmagani bois qo‘yib yuborishni” qayta va qayta iltimos qilganini gapirib, kuldi.

XS
SM
MD
LG