Линклар

O‘zbekistonlik taniqli hofiz Sherali Jo‘raev "Ahmad vasvasasi" filmida unga qarshi ilgari surilgan iddaolarni shaxsan inkor qildi. Shov-shuv.uz saytiga intervyu bergan hofiz uning O‘zbekiston telekanallariga chiqishini taqiqlagan amaldorlar va’dasini ham ochiqlar ekan, oradan 20 yil o‘tib qilingan bunday tuhmat yana takrorlanguday bo‘lsa, sudga murojaat qilishini ta’kidlagan.

Shov-shuv.uz saytining muxbiri Rossiyadan davolanib qaytgan Sherali Jo‘raev bilan suhbatlashib, "Ahmad vasvasasi” nomli maxsus ko‘rsatuvda hofizga nisbatan ilgari surilgan iddaolarga munosabatini so‘radi.

Maqolada keltirilishicha, hofiz shu kunda moliyaviy piramida qurishda ayblanayotgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevga pul berganiga oid iddaolarni, hatto, uni tanishini ham inkor qilgan:

Maqolada hofizdan: "Eng qizig‘i, bu “boy”ning ismini ham aniq bilmayman. San’at ahlining el xizmatida yurishi burch sanaladi. Ayniqsa, yetim farzandlarning to‘ylarida beminnat qo‘shiq kuylash farz hamdir. Bir tanishim chinozlik tadbirkor moddiy kam ta’minlangan mahalladoshlarining to‘yini o‘tkazib berayotganini aytib, taklif etdi. Savob umidida taklifga rozi bo‘ldim... San’atkor ko‘pligidan, “ikki yarimta” qo‘shiq aytdim, xolos. Shu bilan uyga qaytdim", degan iqtibos keltirilgan.

Suhbat jarayonida hofiz so‘nggi 20 yildan oshiq muddat davomida O‘zbekiston televidenie va radiokanallarida chiqarilmayotganiga ham to‘xtalar ekan, bu gal tuhmat bilan uni TVga chiqargan amaldorlarning va’dalarini ham xotirlatgan:

"Shuncha san’atkor qolib, meni “reklama” qilishdan maqsad nima? Bir paytlar menga yov bo‘lgan ayrim insonlar aytgandi: “Agar seni TVda ko‘rsatsam, xotinim taloq bo‘lsin!” Qiziq, ularning va’dasi qaerda qoldi? Ular hozir o‘z mansabida ishlayaptimi yo yo‘q, bundan bexabarman. Baribir oynai jahonda ko‘rsatishar ekan, ko‘rsatishga arzigulik qancha ijodiy ishlarim, konsertlarim bor. Insonning xato qilishini kutishadimi? Aslida noto‘g‘ri harakat qani? Xatoim – yetimlar to‘yida “2,5 ta” qo‘shiq kuylaganimmi? Xursandman, TVda chiqishimni uzoq kutgan elimiz uchun diydorimni ko‘rsatishdi. Biroq, “noto‘g‘ri” ko‘rsatishganidan ranjidim", deydi Sherali Jo‘raev.

Ya’ni, hofiz uning O‘zbekiston televideniesidan olib tashlanishiga sabab bo‘lgan alohida amaldorlar borligi va, hatto, u TVga qaytmasligi uchun "xotinini taloq qilishga" tayyor mulozimlar bo‘lganini aytmoqda. Sayt muharririga ko‘ra, hofiz aynan qaysi amaldorlarni nazarda tutganini ochiqlamagan.

Sayt bergan xabarga ko‘ra, hofiz O‘zTV namoyish qilingan "Ahmad vasvasasi" ko‘rsatuvidagi kabi tuhmat takrorlanguday bo‘lsa, bu ishning "tepasida turganlar"ni sudga berishini bildirgan. Bunga qadar hofizning vakili BBC o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida Sherali Jo‘raevning ayni masalani yuristlari bilan muhokama qilayotganini bildirgan edi.

O‘zbekiston xalq artisti, sevimli hofiz Sherali Jo‘raev ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston rasmiy tele-radiokanallarida chiqarilmay kelmoqda. O‘zTV ko‘rsatuvida Ahmadboy piramidasiga pul tikkan sahna yulduzlari talay ekani ta’kidlangan bo‘lsa-da, aynan Sherali Jo‘raev va yana bir taniqli san’atkor - so‘z ustasi Obid Asomov "Ahmadboy piramidasiga pul tikkan san’atkorlar" sifatida alohida ko‘rsatildi. Buni inkor qilgan har san’atkor O‘zTVning iddaolaridan norozligini bildirmoqda.

30 iyun kuni O‘zbekistondagi barcha telekanallar namoyish qilgan "Ahmad vasvasasi" nomli ko‘rsatuvda Ahmad Tursunboevning o‘zi firibgar ekaniga “iqror” bo‘lib mijozlaridan uzr so‘radi. Shuningdek, u “moliyaviy piramidasining bankrot bo‘lib, boshi berk ko‘chaga kirganini“ e’tirof qildi.

Bundan tashqari, ushbu ko‘rsatuvda "hokim, militsiya va boshqa puldor mulozimlarning Ahmadboyga o‘z pulini “ko‘paytirish” uchun berib turgani" ta’kidlandi.

Chinoz "Avto Hamkor" shirkati rahbari 39 yashar Ahmad Hamidovich Tursunboev ustidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Shuningdek Tursunboev 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bo‘yicha ham ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG