Линклар

O‘zbekistonda “islomiy jangarilar va yot g‘oyalarga qarshi” navbatdagi tashviqot filmini suratga olish jarayoni nihoyalab bormoqda. “Muqaddas istak” nomli ushbu film asosida “dindorligi uchun Sovet davrida ta’qibga olingan, ammo mustaqillik tufayli ozodlikka erishgan oddiy inson hikoyasi” yotadi.

Filmdagi asosiy qahramonlar orasida O‘zbekistonda terrorchi tashkilot deya e’lon qilingan “O‘zbekiston Islomiy Harakati” asoschilari Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniy obrazlari ham bor.

Film O‘zbekkino Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olinmoqda.

Kinorejissyor – o‘zbek kinomuxlislariga davlat sisyosatini targ‘ibu tashviq qilish bilan yaxshi tanilgan “O‘zbekfilm” kinostudiyasining direktori Hilol Nasimov.

“Muqaddas istak” badiiy filmi O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi tantanalari paytida kinoteatrlarda namoyish etilishi kutilmoqda.

Namanganda portlash

Film asosan Toshkent va Namangan shaharlarida suratga olinmoqda

Film asosan Toshkent va Namangan shaharlarida suratga olinmoqda

7 iyul tushlikdan so‘ng O‘zbekistonning ikkinchi yirik shahri bo‘lmish Namangan bo‘ylab aholi orasida vahima tarqaldi – Chorsu bozoriga o‘t ketibdi, avtobus portlabdi.

Guvohlarga ko‘ra, hatto shahar chetida ham odamlar orasida Chorsu bozoriga o‘t ketgani haqida gap-so‘zlar urchigandi.

"Bizdan besh kilometr narida bozor. Lekin hammaning og‘zida bir gap: bozorga o‘t ketibdi," deb yozdi hodisaga oydinlik kiritishni so‘rab Ozodlikka bog‘langan namanganliklardan biri.

Biroq, Chorsu dahasida yashovchi Ozodlik manbasi "Muqaddas istak" filmidagi jang sahnasi tasvirga tushirilayotganini bildirdi.

"Hamma Chorsu bozoriga yig‘ilgan. Hokimiyat vakillariyu milisa ham, aktyorlaru oddiy xalq ham shu yerda. Filmning final qismini olishayapti. Hozirgina bir eski avtobusni portlatib yuborishdi," dedi Ozodlik manbasi.

“Muqaddas istak” filmida yetakchi rollardan birini ijro etayotgan aktyorning aytishicha, suratga olish jarayoni 8 yoki 9 iyulda nihoyasiga yetadi.

Hilol Nasimov o‘zining ziddiyatli filmlari bilan tanilgan

Hilol Nasimov o‘zining ziddiyatli filmlari bilan tanilgan

Ammo, film rejissyori Hilol Nasimov Ozodlikka, uzr bildirgan holda, film haqida hech nima deya olmasligini ma’lum qildi.

"To‘g‘ridan to‘g‘ri zakaz"

Yetakchi rollardan birini ijro etayotgan aktyor film asosida "dindorligi uchun Sovet davrida ta’qibga olingan, ammo mustaqillik tufayli ozodlikka erishgan oddiy inson" hikoyasi yotganini aytdi.

"Bu - terror g‘oyalarini qoralovchi film. Film islomiy jangarilar va chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga qarshi g‘oya bilan kurashishni maqsad qilgan. Unda dindorligi uchun Sovet davrida ta’qibga olingan, ammo mustaqillik tufayli ozodlikka erishgan oddiy inson haqida gap boradi," dedi filmda yetakchi rollardan birini ijro etayotgan aktyorlardan biri.

"Muqaddas istak" filmidagi voqealar 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida Toshkent va Namangan shaharlarida yuz beradi.

Rollarni Sohib Abbosxon, G‘aybulla Hojiev, Lola Eltoeva va Gulbahor Yo‘ldosheva kabi taniqli aktyorlar ijro etmoqda.

Tohir Yo‘ldosh obrazini aktyor Komil Hamroev ijro etmoqda

Tohir Yo‘ldosh obrazini aktyor Komil Hamroev ijro etmoqda

Tohir Yo‘ldosh obrazini yaratish vazifasi aktyor Komil Hamroevga, Juma Namangoniy obrazi esa aktyor Dilmurod Massaidovga ishonib topshirilgan.

Filmga bir milliard so‘mga atrofida davlat mablag‘i ajratilgani aytiladi.

O‘zbekistonlik kinomunaqqidlardan biri film davlatning "to‘g‘ridan-to‘g‘ri" topshirig‘i bilan olinayotganini aytdi.

"Bu kino davlatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri zakazi bilan olinayapti. Hayronman, hozir bu muammo aktual emas-ku. Qolaversa, bunday targ‘ibotning hozir kimga keragi bor?!" deya taajjub bildirdi ismi sir qolishini istagan kinomunaqqidlardan biri.

Filmda Juma Namangoniy obrazi jangariga aylangunga qadar aroqxo‘r qilib tasvirlangan

Filmda Juma Namangoniy obrazi jangariga aylangunga qadar aroqxo‘r qilib tasvirlangan

​Hilol Nasimov kinomuxlislarga O‘zbekiston hukumati olib borayotgan siyosatni targ‘ib etuvchi ziddiyatli filmlari bilan tanilgan.

"Odnoklassniki", "Gumrohlar", "Tubanlik" kabi badiiy filmlar kinorejissyor yaratgan ana shunday filmlar jumlasiga kiradi.

"Ko‘pchilik unutgan odamlar"

Filmda 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida yuz bergan hodisalar hikoya qilinadi

Filmda 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida yuz bergan hodisalar hikoya qilinadi

​"Muqaddas istak" filmidagi ikki obraz - Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniy - 1980 yillar oxirida Namangan shahrida islomiy guruhlarni tashkil qilgan tarixiy shaxslardir.

Ikkovlon O‘zbekistonda Islom Karimov 1991 yil dekabrida prezident etib saylanganidan bir necha oy o‘tib, O‘zbekistonni tark etdi va Tojikistonda boshlangan fuqarolar urushida tojik islomiy muxolifati saflariga qo‘shildi.

O‘zbekistondagi joriy tuzumni ag‘darib, o‘rniga islomiy davlat barpo etish g‘oyasi bilan dunyoga kelgan "O‘zbekiston Islomiy Harakati" ham 1998 yilda aynan shu ikki shaxs tomonidan barpo etilgandi.

Juma Namangoniy 2001 yil kuzida Afg‘onistonda, Tohir Yo‘ldosh esa 2009 yil yozida AQSh havo hujumlarida o‘ldirildi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati a’zolarining bugungi soni, omon qolgan jangarilari va rahbarlarining hozir aynan qaerda ekanliklariga oid rasmiy, ishonchli ma’lumotlar yo‘q.

Tohir Yo‘ldoshni yaqindan tanigan namanganliklardan biri Chorsu bozorida olinayotgan film "ko‘pchilik unutgan odamlarni" esga solganini aytdi.

XS
SM
MD
LG