Линклар

Qirg‘iziston Bosh vaziri So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Toshkentga yangi tayinlangan elchi Daniyar Sidiqovni qabul qilar ekan, uning asosiy vazifasi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash bo‘lishi kerakligi haqida ko‘rsatma berdi. So‘nggi bir necha yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta yomonlashib, ziddiyatli vaziyatlar ko‘paygan edi.

Bosh vazir So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Qirg‘izistonning O‘zbekistonga tayinlangan yangi elchisini Toshkentga kuzatayotib, unga ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan aniq ko‘rsatmalarni berdi. Bu haqda Bosh vazir ma’muriyati xabar qildi.

- Bosh vazir Qirg‘iziston va O‘zbekiston ikki tomonlama hamkorligi bo‘yicha hukumatlararo komissiya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaralarni aniqlash bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyatini jonlantirish hamda bu komissiyalarning navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish muhim vazifa ekanini ta’kidladi, -deb bildirdi Bosh vazir matbuot kotibi Chingiz Esengul o‘g‘li.

Daniyar Sidiqov Toshkent va Bishkek munosabatlarida iliqlik paydo bo‘lishiga umid uyg‘ongan bir paytda elchilikka tayinlandi. Shuning uchun ham Qirg‘iziston jamiyatida bu mavzuga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Daniyar Sidiqov matbuotga bergan suhbatida o‘zining elchi sifatidagi birinchi galdagi vazifasi O‘zbekiston bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni tiklash urinishi bo‘lishini bildirdi:

- Ikki qardosh davlat o‘rtasidagi munosabatlarda iliqlik paydo bo‘la boshladi, degan gaplarga ishonsa bo‘ladi. Asosan iqtisodiy va madaniy aloqalar bo‘yicha ikki tomonlama so‘zlashuvlarni o‘tkazish uchun qulay sharoit paydo bo‘ldi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlararo komissiyasi so‘nggi marta 2009 yilda uchrashgan edi. Mana shu komissiyaning ishini jonlantirish lozim bo‘ladi. agar shu ishlarni tez orada amalga oshira olsak, birodar qo‘shni davlat vatandoshlariga ham, bizga ham yaxshi bo‘ladi, - dedi Daniyar Sidiqov.

Toshkentda 23-24 iyun kunlari o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev o‘tkizgan uchrashuvdan so‘ng Bishkek rasmiylari ikki davlat o‘rtasidagi sovuqlashgan munosabatlarda iliqlik paydo bo‘lishini kutayotgani haqida bayonot berilgan.

Uchrashuv paytida prezidentlar Bosh vazirlarga davlatlararo munosabatlarda paydo bo‘lgan muammolarni shaxsan hal qilish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan. Islom Karimov va Almazbek Atambaev protokolda belgilangan 20 daqiqa o‘rniga 1 soat yopiq eshiklar ortida so‘zlashgan edi.

Biroq qirg‘izistonlik ekspertlar ko‘p yillardan beri munosabatlar muzlatib qo‘yilgan qo‘shni davlat bilan aloqalarning tiklanishi uchun sabr-qanoat bilan muzlarning erib bo‘lishini kutish zarur, deb hisoblamoqda.

Chegara masalalari bo‘yicha ekspert Salamat Alamanov esa hatto prezidentlar ham uchrashuv paytida ikki davlat o‘rtasida eng muammoli bo‘lib turgan chegara masalasini tilga olishdan tiyilganiga e’tibor qaratdi:

- Sezgan bo‘lsangiz, prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i bergan intervyularda ikki davlat rahbarlari uchrashuvida chegara masalasi muhokama qilingani haqida bir og‘iz ham so‘z aytilmagan. Iqtisodiy va madaniy munosabatlarni tiklashga harakat qilinayotgan bo‘lsa, chegara mana shu munosabatlarning rivojlanishini ta’minlovchi omildir. Chegara masalasi ochiq-oydin muhokama qilinmas ekan, har qanday munosabatlarning orti ziddiyatlarga sabab bo‘ladi. Ayniqsa Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasini aniqlash masalasi siyosiy muammoga aylanib ketgan, – dedi Salamat Alamanov.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari 2009 yildan beri sovuqlashib, chegaralar O‘zbekiston tomonidan yopilgan. 2009 yiilgacha ikki davlat o‘rtasida 17ta chegara o‘tkazish punkti bo‘lsa, bugungi kunda bu punktlarning ikki-uchtasigina ochiq qolgan. Bu punktlar ham O‘zbekistonda rasmiy tadbirlar o‘tkizilayotgan paytda bir necha kunga yopib qo‘yiladi.

2016 yil mart oyida O‘zbekiston Chalasart deb ataladigan bahsli hududga askar va harbiy texnika kiritgani ortidan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar ochiq ziddiyat darajasiga etdi. Bu voqea ortidan Bishkek hukumati O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududidagi 20ga yaqin ob’ektini musodara qilish haqida qaror chiqargan.

XS
SM
MD
LG