Линклар

“Ahmadboy vasvasasi”: Chinoz tumani prokurori ishdan bo‘shatildi


"Ahmadboy" ijtimoiy tarmoqlarda eng ommabop mavzuga aylangan

"Ahmadboy" ijtimoiy tarmoqlarda eng ommabop mavzuga aylangan

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevning moliyaviy piramida tuzgani va u boshqargan shirkat ustidan tekshiruv boshlashi ortidan Chinoz tumani prokurori Behzod Mirsoatov lavozimidan olingan.

Toshkent viloyati prokuraturasi xodimlarining Ozodlikka ma’lum qilishlaricha, Behzod Mirsoatov 5 iyul kuni lavozimidan olingan va uning o‘rniga Damir Mahmudov vaqtincha prokuror vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Mirsoatovning nima uchun lavozimidan olinganini prokuratura rasmiylari izohlashmadi.

O‘zbekiston prokuraturasidagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, Mirsoatov prokuratura tizimidan butunlay chetlashtirilgan.

Uning ishdan bo‘shatilishiga Ahmadboy piramidasi bilan bog‘liq shubhali faoliyati sabab bo‘lgani haqida taxminlar ilgari surilmoqda.

- Ichki ishlar, prokuratura, hokimiyatdagilar, qolaversa, Toshkentdagi hukumatning yuqori lavozimli amaldorlari Ahmadboyni dastaklab kelgan. Chinoz prokurori Behzod Yunusalievichni shuning uchun ishdan olishdi. Chinoz sud departamenti boshlig‘i To‘lqin akani ham "ponijeniya" bilan bo‘shatishdi. Bu bo‘shatishlar Ahmadboy ishi sabab bo‘lyapti, endi navbat kimga? - deya savol beradi Ahmadboy piramidasiga yaqin bo‘lgan chinozliklardan biri.

O‘tgan hafta O‘zbekiston televideniesi namoish etgan Ahmadboy moliyaviy piramidasi haqidagi ko‘rsatuvda mahalliy mansabdorlar, huquq-tartibot idoralari vakillari firibgarlik va jinoiy amallarga nafaqat ko‘z yumib kelganliklari, balki Ahmadboyga sheriklik qilganlikda ham ayblangandi.

Toshkent shahri Chinoz tumanida joylashgan "Chinoz halol chorva" hamda "Chinoz avto hamkor" korxonalari ta’sischisi, Ahmad Tursunboev va uning xodimlari aholidan yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan milliy va chet el valyutalarini olish bilan shug‘ullanib kelgan.

Va shu bilan birga ularga pullari qaytarilishi haqida hech qanday kafolat bermagan.

15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari chinozlik 38 yoshli tadbirkor Ahmad Tursunboevni hibsga oldi.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG