Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:39

Rossiyaliklar o‘z milliy futbol terma jamoasini tarqatib yuborishga chaqirmoqda


Futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi murabbiysi Leonid Slutskiyning YeVRO-2016 musobaqasi doirasida rossiyalik va slovakiyalik futbolchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinga reaksiyasi, Fransiya, 2016 yil 15 iyuni.
Futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi murabbiysi Leonid Slutskiyning YeVRO-2016 musobaqasi doirasida rossiyalik va slovakiyalik futbolchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinga reaksiyasi, Fransiya, 2016 yil 15 iyuni.

Boshi mojarodan chiqmayotgan Rossiya milliy terma jamoasining tarkibini butunlay o‘zgartirishga chaqiruvchi onlayn arzni 100 mingdan ziyod odam imzoladi. Rossiyaliklar 2018 yil mamlakatlarida jahon chempionati boshlanguniga qadar o‘z milliy terma jamoalari yaxshilanishini istaydilar.

Rossiya terma jamoasi Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan Yevro-2016 futbol chempionatida yaxshi ishtirok eta olmadi. Jamoaning kamida ikki a’zosining Monte-Karloda katta mablag‘ sarflab, hordiq chiqargani esa rossiyaliklarni yanada g‘azablantirdi.

YouTubega yuklangan videoda hujumchi Aleksandr Kokorin hamda yarim himoyachi Pavel Mamaevning qimmatbaho tungi klubda juda qimmat turuvchi Armand de Brignac shampanini ichib, hordiq chiqarayotgani tasvirlangan.

Prezident Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu holni “uyatsiz manmanlik”, deya ta’rifladi. Davlat telekanalari ham futbolchilarni tanqid qildi.

Onlayn arz Rossiya Yevro-2016 chempionatini sharmandalarcha tark etganidan keyin ochildi. Chempionatda Rossiya bittagina ball qo‘lga kiritdi va birorta ham o‘yinda g‘alaba qozonmadi. Rossiya terma jamoasi Angliya bilan durang natija ko‘rsatdi, Slovakiya va Uelsga esa yutqazdi.

Change.org saytida boshlangan arzda: “Biz faxrlanishni xohlaymiz, uyalishni emas”, deyiladi. Arzni 7 iyulning ikkinchi yarmiga kelib 120 mingga yaqin odam imzoladi. Arzda terma jamoani tarqatib yuborishga hamda yangi forma tanlashga chaqirilgan.

Arzni qo‘llayotganlar jamoani tarqatib yuborish orqali tejash mumkin bo‘lgan mablag‘ni yangi sport inshootlari qurish hamda keyingi avlod futbolchilarni tayyorlashga sarflashga chaqirmoqdalar.

“Yangi yil arafasida mo‘’jiza kutgan yosh bolalar kabi rossiyaliklar ham mo‘’jiza kutmoqda. Lekin bu mo‘’jiza, necha o‘n yildirki, ro‘y bergani yo‘q”, deyiladi onlayn arzda.

Sovet Ittifoqi 1960 yilgi UEFA Yevropa chempionatida g‘alaba qozongan. 1964, 1972 hamda 1988 yillarda esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Ammo Sovet Ittifoqi tarqaganidan beri Rossiya biror marta ham finalga chiqolgani yo‘q.

Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutko 6 iyul kuni sentabr oyidan boshlab rus terma jamoasiga yangi o‘yinchilar kelishini, ular o‘ta qobiliyatli bo‘lmasa ham, mamlakat uchun o‘ynashga ishtiyoqi baland ekanligini aytdi.

Prezidentligining uchinchi muddatini o‘tayotgan Putin vatanparvarlik o‘ta muhim ekanligini ta’kidlab, rossiyalik sportchilarni o‘z vatanlari qiziqishlarini shaxsiy qiziqishlaridan oldinga qo‘yishga chaqirib keladi.

Kokorin va Mamaev Monte-Karlo tungi klubida hech bir yomon ish qilishmaganini ta’kidlashmoqda. Rossiya matbuotiga ko‘ra, ikki futbolchi klubda spirtli ichimliklar va ko‘ngilochar xizmatlar uchun 250 ming yevroga yaqin pul sarflashgan. Futbolchilarning o‘zlari esa pulni hordiq chiqargani borgan boshqa shaxslar to‘laganini iddao qilishdi.

Tom Balmfort maqolasi

XS
SM
MD
LG