Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:56

O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida militsiya xususiy kombaynlarni “hibs”ga oldi


O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida bug‘doy rejasini bajargan fermerlar qolgan hosilini o‘rib olmasligi uchun barcha xususiy kombaynlar militsiya xodimlari tomonidan “hibs”ga olinib, Mashina-Traktor Parklariga (MTP) olib borib qo‘yilmoqda. Fermerlarning aytishlaricha, ularning rejadan orttirgan va shartnoma bo‘yicha o‘zlariniki bo‘lishi kerak bo‘lgan bug‘doyi, rejaning bajarilishi uchun "zaxira" sifatida saqlanmoqda.

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanidan fermer Ochil Begmatovning aytishicha, tuman hokimi kombaynlarni “hibs”ga olish uchun militsiya xodimlarini yubormoqda:

- Tumandagi barcha kombaynlarni qamab qo‘ydi. Fermerlarning plandan oshiqcha bir-bir yarim gektar bug‘doyi qoladi-ku, mana shuni o‘rib bermaysan deb, hammanikini qamab qo‘ydi. Fermer bechora 40-50 gektarga g‘alla ekadi, uni davlatimizga topshiradi. Bir oz plandan ortib qolganini o‘ziga o‘rib olardi. Endi shuni o‘rdirib bermaydi, kombaynni berkitib qo‘yadi. Qachonki fermer guruh boshlig‘iga 200-300 ming so‘m bersa, otryad boshliqlariga 2-3 qop bug‘doy bersa, o‘shanda o‘rdirib beradi. Lekin men bermadim, nachalnik melisa zvonit qildi, viloyatdan odam keldi. Yo‘q, dedim. Kombayn meniki, bor, qaerga borsang boraver dedim, deydi Ochil Begmatov.

Fermerning aytishicha, bu yil rejani bajargan aksariyat fermerlar ham o‘zlariga bug‘doy olib qololmagan.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida ham “hibs”ga olingan kombaynlar, fermerlar va hokimlik o‘rtasidagi kelishuvdan so‘ng ozod qilingan.

Bu haqda ismi sir qolishini so‘ragan oqqo‘rg‘onlik fermer bunday deydi:

Bizda ham aksariyat fermerlar rejani bajarolmay qoldi. Shunga tuman bo‘yicha hamma kombaynlarni qamab qo‘yishgan edi. Vaqt o‘tyapti. Bug‘doy pishib ketib, to‘kila boshladi. Biz, rejani bajargan fermerlar, hokimlik bilan kelishishga majbur bo‘ldik. Rejani 110 qilib bajardik. Keyin har gektar o‘rilmay qolgan yerdan bir tonnadan bug‘doy berishga rozi bo‘ldik. Keyin kombaynlarni ozod qilishdi”, dedi oqqo‘rg‘onlik fermer.

Yog‘ingarchilik va zang kasali

Fermerlarning aytishlaricha, bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganligi va bug‘doyga zang kasali tushgani bois bug‘doy rejasini bajarish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Har bir tumandan ko‘pi bilan o‘n-o‘n besh foizgina fermerlar bug‘doy rejasini bajarishga muvaffaq bo‘lgan, xolos. Hokimlar qolgan fermerlarga davlat rejasini “yerning tagidan topib bo‘lsa ham” bajarishni talab qilmoqda.

Biroq, fermerlarning bug‘doy rejasini bajarishiga ko‘zi etmagan hokimlar, ularga nisbatan turli xil bosimlarni o‘tkazmoqda.

Jumladan, rejani bajargan fermerlarning shartnoma bo‘yicha o‘zlariga qolishi lozim bo‘lgan bug‘doyni ham o‘rdirgani qo‘ymayapti.

Ana shu maqsadda fermerlarning xususiy kombaynlari vaqtincha qamab qo‘yilmoqda.

Fermerlar, rejani bajarmaslikka sabab bo‘lgan suv tanqisligi, tabiiy ofatlar, o‘simlik kasalligi kabi ob’ektiv sabablar hokimiyat tomonidan e’tiborga olinmayotganidan shikoyat qiladilar.

"G‘alla mustaqilligi"

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 90-yillar o‘rtalarida "g‘alla mustaqilligi"ga erishish siyosatini boshlab berdi.

O‘zbekiston g‘alla-don yetishtirishni oshirish, chetdan import miqdorini kamaytirish uchun barcha kuch va resurslarni sarflab harakat qilayotgan esa-da, mamlakat hamon bug‘doy va unni import qilish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.

Xalqaro Don Kengashi (XDK) hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tgan yilgi mavsumda 7,1 millon tonna g‘alla yig‘ishtirib olingan va yana qo‘shimcha 2.2 million bug‘doyni chetdan import qilgan.

XS
SM
MD
LG