Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:49

Bosh vazir SES xodimlarini go‘ng yig‘ishga buyurdi


Gaz va svetsiz qolayotgan o‘zbekistonliklar uchun qishda tappi jonga oro bo‘ladi.
Gaz va svetsiz qolayotgan o‘zbekistonliklar uchun qishda tappi jonga oro bo‘ladi.

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani Sanitariya epidemiologiya stansiyasi xodimlari uyma-uy yurib aholidan go‘ng yig‘ishga safarbar etildi. SES xodimlarining aytishlaricha, bu go‘ng fermerlar yerlarining holatini yaxshilash uchun ishlatiladi. Gaz va elektr energiyasiz qolayotgan uchko‘priklar, bu go‘ng qishda o‘choq va pechkaga yoqish uchun ishlatiladigan tappi vazifasini bajarayotgani uchun ham, hukumatning bu qaroridan norozi bo‘lishyapti. Ozodlik manbalariga ko‘ra, bu ishga tuman SESining o‘ttizdan ortiq xodimlari safarbar etilgan.

Uchko‘prik tumani “Katta Kenagas” qishloq fuqarolar yig‘ini qishloqlariga tuman Sanitariya epidemiologiya stansiyasining o‘ttizdan ortiq xodimi aholidan go‘ng yig‘ish uchun tashlandi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan uchko‘priklik manbaga ko‘ra, chiroyli ish kiyimidagi shifokor va hamshiralar mahalla posbonlari bilan birgalikda uyma-uy yurib, odamlardan kamida ikki qopdan go‘ng berishni iltimos qilmoqda:

“Kecha uyga SES formasidagi ikki ayol va mahalla posboni kirib kelishdi. Uyga kirib nechta mol borligini so‘rashdi. Ha ikkita, dedim. Ikki qop go‘ng berasiz, darvozaxonadan tashqariga olib chiqib qo‘ying, o‘zlari olib ketishadi, dedi. Qishda, gaz va svet bo‘lmasa, endi shu pechkaga yoqadigan tezagimizni ham olib qo‘yasizlarmi, desam, bu Bosh vazirning topshirig‘i, dedi. Endi Bosh vazirning kuni aholi chorvasining tezagiga qolgan bo‘lsa, hamma narsa o‘lib bo‘ptida, deb aytdim”, dedi manba.

Katta Kenagas qishlog‘ida istiqomat qiluvchi vatandoshlardan birining aytishicha, shu ikki qop go‘ngni berish ham ularga og‘irlik qilmoqda:

“Bizning joyda chorva boqishning o‘zi bo‘lmaydi. Qo‘y-sigirlar faqat uyda boqiladi, dalada joy yo‘q. Quruq pichan, somon yoki vinzavoddan har litr bardani 70 so‘mdan sotib olib, shu bilan boqamiz. Ikki qop go‘ngdan qariyb ikki yuzta tezak chiqadi. Svetsiz va gazsiz qishloqda bu kamida o‘n kun qishni o‘tkazding, degani. Eng, kulgulisi shundaki, bu ishga SES xodimlarini qo‘yibdi. Kulrang xalatlardagi do‘xtirlarning go‘ng tilanib yurishi juda achinarli ko‘rinar ekan. Butun mahalla kulyapti", dedi suhbatdosh.

Kenagas qishloq fuqarolari yig‘inining ismi sir qolishini so‘ragan faollaridan biri shunday voqea bo‘layotganini tasdiqladi:

“Bizga hokimiyatdan shunday topshiriq berishdi. Kecha SESning katta gruppasi keldi. Har ikki do‘xtir yoki hamshiraga bittadan mahalla posbonini birkitib qo‘ydik. Aholi go‘ngni darvozasidan tashqariga chiqarib qo‘yganidan so‘ng, fermer traktor bilan uni olib ketadi”, dedi mahalla faoli.

Uchko‘prik tumani hokimiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimining Ozodlikka aytishicha, Sanitariya epidemiologiya stansiyasi xodimlari bu vazifani Bosh vazir va viloyat hokimining topshirig‘i asosida bajarishyapti:

"Ana qo‘limda viloyat hokimining qarori. Respublika Bosh vazirining topshirig‘iga asosan ortiqcha mahalliy o‘g‘itlarni fermer xo‘jaliklariga chiqarish, molxona va hojatxonalarni tozalash, vaqt-vaqti bilan dezinfektsiya qilib turish ishlarini qilish SESga yuklatilgan. Chiqarilgan mahalliy o‘g‘itni ular fuqarolar yig‘iniga beradi, ular esa fermerlarga aytib dalaga chiqarishadi. Hozir mahallama-mahalla yurishibdi, dedi mulozim.

O‘zbekistonda byudjet tashkiloti ishchilarining o‘z kasblariga taalluqli bo‘lmagan boshqa ishlarga majburiy jalb qilinishi holatlari juda ko‘p uchraydi.

Byudjet tashkilotlari ishchilarining bug‘doyni o‘tdan tozalash, paxta chopig‘i va terimi kabi dala ishlariga majburan safarbar etilishini xalqaro tashkilotlar muntazam tanqid qilib keladi.

XS
SM
MD
LG