Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:06

Rossiya amerikalik ikki diplomatni o‘z hududidan chiqarib yubordi


NTV telekanali amerikalik diplomat va elchixona qo‘riqchisi o‘rtasidagi munoqashani namoyish qildi
NTV telekanali amerikalik diplomat va elchixona qo‘riqchisi o‘rtasidagi munoqashani namoyish qildi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘tgan oy ikkita amerikalik diplomatni Moskvadan chiqarib yuborganini bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, bu Vashingtonning "nodo‘stona" amaliga ayni tarzda berilgan javobdir.

Qo‘shma Shtatlar va Rossiyadan dipolmatlarning qasdma-qasd chiqarib yuborilishi Sovuq Urush davrida keng tarqalgan, ammo ancha yillardan beri qo‘llanilmayotgan tajriba edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, diplomatlarning chiqarib yuborilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning taranglashganiga yana bir misoldir.

Rossiya Tashqi ishlar vazirining muovini Sergey Ribakov vazirlikning 9 iyul kuni chiqargan bayonotida aytishicha, chiqarib yuborilgan amerikalik diplomatlardan biri Moskvadagi AQSh elchixonasi o‘ngida rus qo‘riqchisi bilan bo‘lgan hodisaga aralashgan.

Sergey Ribakov mazkur amerikalik diplomatni "bezori", Rossiyadan chiqarib yuborilgan elchilikning boshqa bir xodimini esa "SRU xodimi" deb atadi.

Ikki kun avval Qo‘shma Shtatlar 6 iyul kuni Moskvada yuz bergan tortishma ortidan ikki rus mulozimini chiqarib yuborganini e’lon qilgandi.

AQSh Davlat departamenti so‘zchisi Jon Kirbi rossiyaliklar mazkur hodisaga aloqador bo‘lganlari uchun 17 iyunda chiqarib yuborilganini aytgan, biroq qo‘shimcha ma’lumot bermagandi.

Ikki rossiyalikning kim bo‘lgani aniq emas.

6 iyunda AQShlik bir diplomat elchixona darvozasidan tashqarida rus qo‘riqchisi tomonidan kuch bilan yerga yotqizilgan va jarohat olgandi.

Qo‘shma Shtatlar rasmiylariga ko‘ra, amerikalik diplomat elchixona tashqarisini qo‘riqlagan FSB xodimiga elchixona hujjatini ko‘rsatgan.

Qo‘riqchi esa diplomatni yerga yiqitib, uning yelkasini sindirgan.

Keyinroq Rossiya amerikalik diplomatni SRU agenti bo‘lganlikda aybladi.

Shu hafta boshida Rossiyaning davlat nazoratidagi NTV telekanali hodisa bo‘yicha nazorat kamerasiga yozib olingan video tasvirlarni namoyish qildi.

Videoda noharbiy libosda bo‘lgan shaxs elchixona devoridan sakrab o‘tib, taksidan tushgan boshqa bir shaxsni yerga yotqizayotganini ko‘rish mumkin.

Unda shuningdek ularning yerda olishayotgani va keyinchalik amerikalikning elchixonaga ichkarisiga qochib kirayotganini ko‘rish mumkin.

Elchixona Birlashgan Millatlar Tashkiloti konventsiyasiga ko‘ra, "daxlsiz" hisoblanadi.

NTV amerikalik ismini ma’lum qilgan, uning suratini namoyish qilgan va uning Rossiyada persona-non-grataga aylanganini aytgan.

Oxirgi oylarda Qo‘shma Shtatlar diplomatlari va Rossiya xavfsizlik mulozimlari o‘rtasida Moskva va boshqa shaharlarda munoqashalar kuchaydi.

Moskvada yo‘l nozirlari o‘tgan olti hafta ichida AQSh elchixonasi xodimlarini 50 martaga yaqin to‘xtatgan.

AQShlik rasmiyga ko‘ra, diplomatlarning bu tarzda ko‘p to‘xtatilishi o‘ta g‘ayriodatiydir, zero yo‘l harakatini qattiq buzmagan diplomatlar odatda to‘xtatilmaydi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 6 iyunda yuz bergan hodisani Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan 7 iyulda bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida muhokama qildi, dedi Jon Kirbi.

Amerikalik diplomatlar hodisa yuzasidan rasman ma’lumot berganlari yo‘q, ammo ta’qiblarga bog‘liq holatlarni yopiq eshiklar ortida hal qilish niyatida ekanliklarini bir necha bor ta’kidlaganlar.

XS
SM
MD
LG