Линклар

O‘zbekiston prezidenti farmoni asosida Toshkentda o‘tadigan to‘rt kunlik yarmarkada bu yil tuzilgan «O‘zagroeksport» shirkati xorij bozorlariga hozirlanayotgan mahsulotlarini namoyish qiladi. 2016 yil boshidan mamlakatda meva-sabzavot eksportiga zo‘r berilmoqda. Aksar fermerlar meva-sabzavot yetishtirishga majburlanayotganidan shikoyat qilmoqda.

12−16 iyul kunlari Toshkentdagi "O‘zekspotsentr" ko‘rgazmalar zalida xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Gazeta.uz saytining xabar qilishicha, yarmarkada dunyoning 40dan ortiq mamlakatidan savdo kompaniyalari, savdo-sanoat palatalari vakillari, vazirlik va qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

Bu yarmarka O‘zbekiston prezidenti 1 iyun kuni imzolagan farmon asosida o‘tkazilmoqda. Bundan buyon ayni tadbir har yili oktyabr oyida o‘tkaziladi.

Xabarda aytilishicha, yarmarkada shu kunda xorijga meva-sabzavot chiqarayotgan o‘zbekistonlik 100ga yaqin eksportyor ishtirok etadi.

2016 yilda O‘zbekiston hukumati meva va sabzavot eksportini oshirish, xususan, Rossiyaga 800 ming tonnadan ko‘proq meva-sabzavot yetkazib berishni rejalagan. Bu 2015 yilga nisbatan 17 baravarga ko‘pdir.

Prezidentning 2016 yil, 7 aprelda imzolagan “Yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi ixtisoslashtirilgan «O‘zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan eksport bilan shug‘ullanadigan yangi shirkat tashkil etilgan.

Bundan buyon mamlakat chegaralaridan olib chiqiladigan meva-sabzavot mahsulotlari faqat shu shirkat orqali o‘tishi lozim. Bog‘bon-dehqonlar esa hosilini shirkatga yoki undan ruxsat olgan mahalliy agrofirmalarga sotishi mumkin, xolos.

Ammo ayrim viloyatlar, xususan Qo‘qon va Andijonda pishib yetilgan mevalar vaqtida qabul qilinmayotgani, natijada, bir maskanda katta miqdorda yig‘ilgan mahsulot sotilmay qolayotganidan shikoyatlar bo‘lmoqda.

Iyun oyida Qo‘qonda Rossiyaga eksport uchun hozirlangan 200 tonnadan o‘rik jo‘natilmay qoldi. May oyida esa andijonlik bog‘bonlar ertapishar giloslarini «O‘zagroeksport» shirkati vaqtida sotib olmayotgani, boshqa eksportchi tujjorlarga ham sotishga ruxsat berilmagani bois, hosilini sotolmayotganidan shikoyat qildi.

O‘zbekistonda yiliga 17 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtiriladi, bundan 4 million tonnasi eksport qilinadi. Yillar davomida xorij bozorlarida uzum va mayiz, anor, qovun va tarvuz, o‘rik, shaftoli, olxo‘ri va olma, pomidor, piyoz va karamga talaba katta bo‘lib qolmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 2 million 731 ming tonna meva, 1 million 556 miing tonna uzum etishtirilgan. Yillar davomida, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda meva-sabzavot sotgan O‘zbekiston keyingi yillarda Yevropa va Osiyo bozorlaridan ham xaridorlar topmoqda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi 5 yil ichida Norvegiya, Tailand, Vьetnam, Malayziya, Indoneziya, Braziliya, Qibris, Makedoniya, AQSh va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG