Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:49

"O‘zbeknavo" xonanda Tamilaga psixologga borishni tavsiya qildi


"O‘zbeknavo" estrada konsert birlashmasi rahbariyati bir necha "hayosiz" foto va videolari bilan bahslarga sabab bo‘lgan xonanda Tamilaning (Esmeralda Rahmatova) litsenziyasini butunlay bekor qildi. Qator nashrlarda birlashma bosh direktori Farhod Jo‘raevning xonandaga sahnaga chiqish emas, shifokorga borishni tavsiya qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Podrobno.uz axborot agentligi muxbiriga intervyu bergan Farhod Jo‘raev: "Tamila hech qachon litsenziya olmaydi va siz buning sababini bilasiz. Unda, aftidan, bolaligidan narsissizm alomatlarb bo‘lgan, xullas, uning avholi yaxshi emasligi shundoq ko‘rinib turibdi. U sahnaga emas, poliklinika psixologiga uchrashi kerak", degan.

Birlashma rahbari yaqinda xonanda bilan sahnaga qaytishi haqida suhbatlashgani, ammo, ruhiy ahvoli yaxshi bo‘lmagani uchun uni sahnaga qaytarishga hojat yo‘q, degan qarorga kelganini ta’kidlagan.

Ozodlik "O‘zbeknavo" birlashmasiga qo‘ng‘iroq qilib, Farhod Jo‘raevning o‘zidan izoh olishga urindi. Ammo, "direktor shu kunda Mustaqillik bayramining 25 yilligiga tayyorgarlik ishlari bilan bandligi" haqida javob oldi.

Hozircha birlashma rasmiy saytida xonandaTamillaning (Esmeralda Rahmatova) litsenziyasi butunlay bekor qilingani haqida biror xabar berilmadi.

Birlashmadagi Ozodlik manbasining 11 iyul kuni xabar qilishicha, Tamilaning ma’muri Najot A’zamov ham bu borada biror izoh berishdan tiyilmoqda. U fevral oyida xonandaning litsenziyasi bekor qilinganidan buyon u bilan ishlamayotir va ishlash niyatida emasligini ham aytmoqda.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Tamilani (asli ismi Rahmatova Esmeralda Najmiddinovna​) Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan "behayo videolar" ortidan 2016 yilning 1 fevralida litsenziyadan mahrum etgan. Bu videolarda Tamilga qiyos berilgan ayol yarim-yalang‘och holda ko‘ringan.

Birlashma xonanda bilan tuzilgan litsenziya bitimida nazarda tutilgan "talablar va shartlarni buzgani sababli" litsenziya bekor qilinganini bildirgan. Ammo, Tamila "behayo" videolarda ko‘ringan ayol u emasligini aytib, videomurojaat e’lon qilgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa “Tamila bu ishni jamoatchilik oldida qilmadiku, nega xos suhbat davomida olingan va uning iznisiz chiqarib yuborilgan video uchun uni tarqatgan odam emas, qo‘shiqchi jazolanishi kerak” mazmunidagi fikrlar ham aytildi.

Estrada birlashmasining bu harakati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida qayd etilgan daxlsizlik huquqiga zid ekani urg‘ulandi, Tamilaning himoyachilari Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Je suis Tamila” guruhini tuzishdi.

O‘shanda O‘zbeknavo estrada birlashmasi Tamila himoyasiga chiqqan qo‘shiqchilarni keskin qoralab, yana bir bayonot tarqatgan.

Birlashmaning litsenziya berish bo‘limi boshlig‘i Odil Abduqahhorov xonandalar Lola Yo‘ldosheva bilan Aziza Nizomova Instagram tarmog‘i orqali Tamilani himoya qilganini qoralab, bu holatlarga yo‘l qo‘yilmaslikdan ogohlantirgan.

"Tamilani tartibga chaqirish o‘rniga uning himoyasiga o‘tishdi. Biz bu kabi ahloqsizlikni qa’tiy taqiqlaymiz", degan edi Abduqahharov mahalliy matbuotga bergan intervyusida.

"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi rahbarining tavsiyasiga xonanda Tamilaning biror munosabat bildirgani hozircha Ozodlikka ma’lum emas. So‘nggi norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sahnaga chiqishi taqiqlangan Tamilaga oid ko‘rilgan foto-videolar hanuz ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Telegram tarmog‘ida qo‘lma-qo‘l bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG