Линклар

Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyati Sho‘rtepa va Kaldor tumanlari aholisi o‘zbek chegarachilarini so‘nggi paytlarda tobora ko‘proq reyd o‘tkazib, afg‘onistonliklarni tutib ketayotganlikda aybladi. Guvohlarga ko‘ra, birgina Sho‘rtepa tumaniga qarashli 6ta qishloqdan 20 kishi O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanmoqda. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan 137 kilometrlik umumiy chegaraga ega.

Afg‘oniston xavfsizlik muammolari ko‘p yillar davomida Pokiston bilan chegaradosh janubiy va sharqiy hududlarga qaratilgandi.

Ammo, O‘zbekiston xavfsizlik kuchlarining chegara osha amalga oshirgan reydlari Afg‘onistondagi notinchlikning o‘z hududlariga yoyilishini jilovlashga urinayotgan shimoliy qo‘shnilarning ne qadar xavotirda ekanini ko‘rsatadi.

Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyati Sho‘rtepa va Kaldor tumanlari aholisi o‘zbek chegarachilarini yoshlarni tutib ketayotganlikda aybladi.

Ulardan ba’zilari mana bir yildan beri yo‘q. Ular tirikmi, o‘likmi bilmaymiz,” dedi kaldorlik Mullo Abdul Rahim.

Uning aytishicha, Tolibon hujumlari tufayli Afg‘onistonning shimoliy hududlari so‘nggi paytlarda beqarorlashgan, natijada O‘zbekiston o‘z sarhadlarida chegarachilar sonini bir necha baravarga ko‘paytirgan va ular tez-tez Amudaryo orqali Afg‘oniston hududiga kirib, afg‘on baliqchilari va cho‘ponlarini hibsga olmoqda.

Biz iqtisodiy jihatdan ko‘proq zarar ko‘rayapmiz va bunday bostirib kirishlarni xavfsizligimiz va hayotimizga tahdid deb bilamiz,” deya ilova qildi Mullo Abdul Rahim.

Qo‘shni Sho‘rtepa tumani yaishovchisi Hoji Abdul Rashidning aytishicha, olti qishloqdan kamida 20 kishi hozirda o‘zbek qamoqxonalarida saqlanmoqda.

Ulardan biri Habibulloh mening jiyanim bo‘ladi. Biz uning tirikliginiyam yoki o‘zbek askarlari tomonidan o‘ldirilganiniyam bilmaymiz. O‘zbek kuchlaridan na baliqchilar, na cho‘ponlar va na ishchilar omonda”, dedi u.

Afg‘on rasmiylari ushbu muammoni O‘zbekiston bilan rasman muhokama qilgani yo‘q. Ammo, Balx viloyati hokimining so‘zchisi Munir Farhod ba’zi Afg‘oniston vatandoshlarining o‘zbek chegara qo‘shinlari tomonidan tutilganini e’tirof etdi:

Qashshoqlik ko‘plab afg‘onlarni Amudaryoda baliqchilik yoki o‘t o‘ruvchilik qilish hisobiga kun o‘tkazishga majburlaydi. Ulardan ba’zilari o‘zbek kuchlari tomonidan qo‘lga olingan,” dedi u.

Ammo, Munir Farhodning ilova qilishicha, o‘zbek rasmiylari qo‘lga olingan aksar afg‘onlarni so‘roq qilib, yana qo‘yib yuborgan.

O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan 137 kilometrlik umumiy chegarasi mina va elektr simto‘rlar bilan himoyalangan.

Toshkent sarhadlarning kuchli himoyalanishiga Afg‘onistondan jangarilarning sizib kirishi oldini olishga qaratilgan zaruriy chora sifatida qaraydi.

O‘tgan yilning sentyabrida Tolibon jangarilari O‘zbekiston chegaralariga yaqin Qunduz shahrini bosib oldi va qisqa muddat nazorat qilib turdi.

O‘zbekistonlik va qo‘shni mamlakatlardan bo‘lgan jangarilar Qunduz shahrini ishg‘ol etish hamda O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradosh Afg‘oniston shimoli hamda shimoli-sharqidagi jami to‘qqizta viloyatda yuz bergan zo‘ravonliklarda muhim rol o‘ynaganlar.

XS
SM
MD
LG