Линклар

logo-print

Tataristonning Qozon shahridagi Respublika shifoxonasi va boshqa tibbiy muassasalar uyda bola tuqqan tojikistonlik muhojir ayolni qabul qilishdan bosh tortmoqda. Chaqaloqning o‘zbekistonlik otasi tug‘ruqxonada beriladigan ma’lumotnomasiz bolani Rossiyadan olib chiqish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish imkonsiz qolayotganini aytmoqda.

Muhojir farzandini tug‘ruqxonalar qabul qilmayotir

Farg‘onalik 30 yashar Bekzod bir hafta oldin farzandli bo‘ldi. Faqat bola shifoxonada emas, uyda tug‘ildi.

Ozodlik bilan suhbatda Bekzod bolaga hujjat rasmiylashtirishda jiddiy qiyinchiliklarga uchrayotganini gapirib berdi:

- Mana shu oy, 3 iyul kuni xotinim uyda bola tuqqandi. Bolnitsaga olib borsak, hech qaysi biri qabul qilmayapti. Muammo – homiladorlik paytida uchyotga qo‘yilmagani. Keyin Qozondagi Respublika shifoxonasiga olib borgan edim: “Yo‘q, uyda tuqqan xotin kishini qabul qilmaymiz! Doma rojaet – mi ne prinimaem!”, dedi. Respublikanskiydan bizni oxranniklar bilan ko‘chaga chiqarib yuborishdi. Tug‘ayotganda “skoriy pomosh” chaqirishga qo‘rqqan edik: dokumentlarimiz yo‘q edi. Men o‘zim ham pasportimni yo‘qotganman – bir oy bo‘ladi yaqinda, ish xonadan o‘g‘irlatib qo‘ydim. Bolani propiskaga qo‘yishim kerak avval, keyin grajdanstvo olib beraman. Shundan keyin olib chiqib ketsa bo‘lsa kerak, yana bilmadim, - dedi boshi qotib qolganini aytgan Bekzod.

Bekzod hozirda mahalliy politsiya uchastka noziri zaruriy hujjatlarsiz yashayotgani sababli ulardan “bolani olib qo‘yish”, o‘zlarini esa “deportatsiya qilish” bilan tahdid etayotganini ma’lum qildi.

Suhbatdoshning aytishicha, 3 kiloyu 700 gramm tug‘ilgan o‘g‘il bola va ona o‘zini hozirda yaxshi his etayapti.

Farg‘onalik yigit turmush o‘rtog‘i bilan bundan bir necha yil oldin Moskvada tanishib qolgani, ayoli Tojikiston fuqarosi ekanini aytdi.

U Qozon shahrida bir necha yildan beri qurilishda, rafiqasi esa homilador bo‘lishiga qadar shahar restoranlaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan. Bekzod yana ikkita farzandi borligini aytdi.

"Anglashilmovchilik bo‘lgan..."

Tatariston Respublika klinika shifoxonasi anglashilmovchilik sodir bo‘lgani, yangi tug‘ilgan chaqaloqni qabul qilmaslikka hech bir tibbiy muassasaning haqqi yo‘qligini bildirdi:

- Ularni barcha tug‘ruqxonada qabul qilishlari shart. Har holda, bola tug‘ilguniga qadar ona yashash joyi bo‘yicha qaydga turishi lozim, tug‘ilganidan keyin esa bola rivojlanishini doimiy tekshirib boruvchi uchastka vrachi nazoratida bo‘ladi. O‘shanda bolaga polis, tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirishi zarur. To‘g‘risi, kimgadir tibbiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortishayotganini birinchi marotaba eshitayapman! Bolaning ota-onasi hujjatlari bor yo‘qligidan qat’iy nazar, o‘zlari yashaydigan joyidagi shifoxonaga qaydga turishlari kerak edi. Yetishmagan hujjatlarni shifokorlar qanday to‘g‘rilash mumkinligini tushuntirib berishadi. Darhaqiqat, Respublika shifoxonasida perinatal markaz va tug‘ruqxona mavjud. Gap shundaki, ular olib borilayotgan tozalash ishlari bois 1 avgustgacha yopilgan. Menimcha, allaqanday tushunmovchilik bo‘lgan, - dedi Qozondagi Respublika shifoxonasi konsultatsiya markazi rasmiysi Diana.

Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari Xalqaro Federatsiyasining Rossiyadagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Davron Muhamadiev ham Bekzodning oilasi tushgan vaziyatga baho berib, bunday dedi:

- Albatta, bu noqonuniy amal. Hayotga xavf tug‘dirayotgan har qanday holatda insonga bepul yordam ko‘rsatilishi shart! Bu hukumat qarorlarida belgilangan. Ayniqsa, tug‘ayotgan ayollarga hech kim rad javobini berishi mumkin emas. To‘g‘ri, bir necha marotaba, hatto, rossiyaliklarni “Qayd etilgan joyingizga borib tug‘ing!” deya qaytarvorishgan holatlar ham bo‘lgan, muhojir ayollarni kiritmagani qaydga olingan. Bunday vaziyatlarda to‘lg‘oq tutgan ayol “Tez yordam” chaqirishi lozim: “Tez yordam” shifokorlari esa ayolni tug‘ruqxonaga olib boradi va joylashtirib ketadi, - dedi, muhojirlar o‘z haqlarini talab qilishdan qo‘rqmasliklari kerakligini ta’kidlagan Davron Muhamadiev.

Ozodlik Radiosi Bekzod va uning oilasi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boradi.

Peterburgda bir yoshga to‘lmagan bola nobud bo‘ldi

Bunga qadar 2013 yilning 5 noyabr kuni to‘lg‘oq holatida Vladivostokdagi 1-tug‘ruqxonaga "Tez yordam" bilan olib kelingan o‘zbekistonlik ayolni tug‘ruqxona vrach va akusherlari qabul qilishdan bosh tortgani to‘g‘risida Ozodlikda xabar berilgan edi.

10 iyul kuni tonggi soat to‘rtlarda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Kurortnaya tumaniga “tez yordam” mashinasi chaqirtirildi.

Tokareva ko‘chasidagi uylardan biriga yetib kelgan shifokorlar kvartirada 2015 yilda tug‘ilgan qizaloq murdasini aniqladi. Uyni ijaraga olib yashovchi 28 yoshli o‘zbekistonlik ayol bola tongda nafas olmayotganini aniqlab, tibbiyot xodimlarini chaqirtirgani ma’lum bo‘ldi.

Peterburg Tergov qo‘mitasi Ozodlik so‘roviga javoban tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotganini tasdiqladi:

- Hozircha tergovoldi ishlari olib borilmoqda, hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda. Biror ortiqcha ma’lumotga ega emasmiz. Ma’lumki, nobud bo‘lgan bola – 2015 yilda tug‘ilgan, onasi o‘zbekistonlik, hech qaerda ishlamagan va qaydda turmagan, - dedi tergov xodimasi Janna Nikolaeva.

Aniqlandiki, bolaning onasi o‘z farzandini bir o‘zi tarbiyalab kelgan. Bola murdasi mahalliy morgga yuborilgan.

XS
SM
MD
LG