Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:25

Andijon institutida kaltaklangan talaba shifoxonada o‘ldi


Janoza namozining illyustrativ surati.
Janoza namozining illyustrativ surati.

Ozodlik manbalarining bildirishicha¸ 21 yashar Botir Ismoilov 4 iyul kuni Andijon qishloq xo‘jalik instituti hovlisida yuzaga chiqqan mushtlashuv qurboni bo‘lgan. Aytilishicha¸ ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan 1-kurs talabasi Botir Ismoilovni kaltaklagan katta kurs talabalariga nisbatan hozircha hech qanday chora ko‘rilmagan. Institut ma’muriyati na bunday mushtlashuv va na o‘z talabasining o‘lganidan xabari borligini bildirdi.

21 yashar Botir Ismoilovni yaqindan bilgan do‘stlarining aytishicha¸ 2-guruh nogironi bo‘lgan Botirjon imtihonlarini to‘liq topshira olmagani bois¸ ta’til paytida ham Andijon qishloq xo‘jalik institutiga qatnab yurgan.

"Imtihonlarini topshirib¸ vedomostini yopolmagan bolalar haliyam qatnab yuripti. Institut ularni har xil subbotnikka o‘xshagan ishlarga chaqirib turadi. Botir ham¸ uni urganlar ham shuning uchun yozgi ta’tilda ham institutda bo‘lgan"¸ deydi Ozodlik gaplashgan talabalardan biri.

Voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor manbaga ko‘ra¸ 4 iyul kuni tushga yaqin Botirjonni institut hovlisida bir guruh katta kurs talabalari kalaka qilgan va Botirjon ularning haqoratli gap-so‘zlariga chidolmay¸ javob qaytargan. Shundan so‘ng orada janjal chiqqan va institutning 2-3-kursida o‘qiydigan kamida to‘rt yigit Botirjonni kaltaklashga o‘tgan.

“Nogiron bola kaltak oqibatida qattiq zarba yegan va o‘rtoqlari tez yordam chaqirishga majbur bo‘lgan. Viloyat kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan Botirjon 9 iyul kuni jon bergan. Lekin o‘lishidan oldin nima bo‘lganini aytib bergan”¸ deydi Ozodlikka voqea tafsilotlarini yetkazgan manba o‘z shaxsi sir qolish sharti bilan.

“Oilasida yagona o‘g‘il farzand bo‘lgan Botirjonning ota-onasi avvaliga farzandi yonidan ketolmadi¸ hozir esa janoza marosimlari bilan band. Shuning uchun hozirgacha Botirjonni kaltaklagan bolalar ustidan rasman shikoyat qilishmagan¸ jinoiy ish ham ochilmagan. Lekin oilasi bu voqeani shunday tashlab qo‘ymoqchi emas. Ko‘zining oqu-qorasi shu bola edi. Uning diabeti borligi¸ sog‘lig‘i yaxshi emasligini hamma bilardi. Qanday qilib shunday nimjon bolani bunchalik qattiq urishgan¸ biz ham hayronmiz”¸ deydi Botirjonning kursdoshlaridan biri.

Andijon qishloq xo‘jalik instituti rektorati rasmiylari na institut hududida shunday janjal bo‘lgani va na uning oqibatida o‘z talabasi o‘lganidan xabari borligini bildirdi.

Botirjon o‘qigan qishloq xo‘jaligida menejment fakulteti rasmiylari Botir Ismoilovning vafot etganidan xabardorligi¸ fakultet dekani uning janozasiga borganini bildirdi. Ayni paytda¸ Botirjonning institut hovlisida sodir bo‘lgan mushtlashuv qurboni bo‘lganini inkor etdi.

“Botirjon o‘zi nogiron¸ kasalvand yigit edi. 4 iyul kuni og‘rib qolib¸ kasalxonaga yotgan¸ 9-kuni olamdan o‘tibdi. Hech qanaqa janjal-mushtlashuvdan xabarimiz yo‘q”¸ dedi Ozodlik gaplashgan fakultet mas’ullaridan biri.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Botir Ismoilovning kaltaklanishiga bevosita guvoh bo‘lgan yigitlar hozirda qo‘rqib qolgan va bu mushtlashuv tafsilotlarini gapirishdan cho‘chimoqda.

“Kim kaltaklaganini uyidagilar aniqlab bo‘ldi. Endi ularni prokuraturaga bersa kerak. Botirjon Andijon shahrining Bo‘ston dahasida yashardi¸ qo‘ni-qo‘shni uning qanday o‘lganini bilib bo‘ldi”¸ deydi Ozodlik manbalari.

Andijon qishloq xo‘jalik institutida katta kurs talabalarining past kursdagilarga nisbatan zo‘ravonligi oqibatida o‘tmishda ham o‘lim bilan tugagan janjallar qayd etilgan.

Xususan¸ 2014 yilning 17 mart kuni agronomiya fakultetining 1-kursi talabasi Umidjon Ostanaev zinadan tushayotib turtinib ketgani uchun 3-kurs talabasi tomonidan qattiq kaltaklangan va zarba oqibatida kasalxonaga yetmay jon bergan edi.

2014 yilgi o‘lim munosabati bilan qishloq xo‘jalik instituti ma’muriyati talabalar o‘rtasida “dedovshina” oqibatlari haqida davomli majlislar o‘tkazgan edi.

XS
SM
MD
LG