Линклар

"Go‘sht bazmi" qilib hindlar g‘azabiga uchragan o‘zbek Toshkentga qochib bordi


O‘zbekistonlik talabaning hazili Agra aholisi g‘azabini qo‘zg‘atdi

O‘zbekistonlik talabaning hazili Agra aholisi g‘azabini qo‘zg‘atdi

Hindiston shimolidagi Uttar Pradesh shtatining Hind Markaziy Institutida (Kendriya Hindi Sansthan) o‘qigan o‘zbekistonlik talaba mahalliy aholi intiqomidan qo‘rqib, O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldi. U ikki kursdoshi bilan birga tushgan va, go‘yoki, mol go‘shtini maydalab bazm qilgani aks etgan surat mahalliy aholi g‘azabini qo‘zg‘atdi.

Uttar Pradesh shtatining Agra shahridagi insttutida tahsil olgan o‘zbekistonlik talaba S. B (Ozodlik talaba ismi-familiyasini oshkor qilmayotir - tahr.) va uning ikki kursdoshi institut yotoqxonasida, go‘yoki, mol go‘shtini maydalayotgan holda suratga tushgan edi. Bu surat 18 mart kuni ijtimoiy tarmoqqa yuklangach, bir kunda WhatApp tarmog‘ida minglab foydalanuvchilar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘ldi.

Keyinchalik tarmoqlardagi shov-shuv ba’zi telekanallarga ham ko‘chdi.

Fotosuratning tarqalishi ortidan Agra shahar ma’muriyatining rahbariyati yotoqxonaga borib, hodisani tekshirgan.

Yotoqxonada tekshiruv o‘tkazilgach, Hind Markaziy Instituti boshqaruvchisi mol go‘shti so‘yilmagani, xorijlik talabalar tovuq go‘shti atrofida suratga tushib, surat ostiga beef party (“mol go‘shti bazmi”) deb yozib, “hazil sifatida” ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborganini bildirgan.

U institut yotoqxonasida hech qanday bazm o‘tkazilmaganini aytgan.

Biroq, 19 mart kuni Hind Markaziy Instituti yotoqxonasi atrofiga to‘plangan mahalliy hindu faollari xorijiy talabalarni jazolashni talab qilganlar.

Agra politsiyasi mahalliy aholi hujumlaridan himoya qilish maqsadida institut kampusini o‘rab olgan.

Oradan uch oy o‘tib, O‘zbekistonga qaytgan talaba S.Bning yaqinlari Ozodlikka hodisa tafsilotini so‘zlab berdi.

Qimmatga tushgan selfi

Ularga ko‘ra, fotosurat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi bilanoq institut ma’muriyati 22 yashar S.B va uning ikki sherigini darhol qo‘shni shtatga 10 kunga jo‘natib yuborgan.

Selfi qimmatga tushgan. Surat tarqalgandan keyin, S.B va uning ikki kursdoshini institut kattalari qo‘shni shtatga jo‘natib yuborishgan. Studentlar, voqealar bosti-bosti qilingan bo‘lsa ham, o‘qish tugagunga qadar ko‘pam ko‘chaga chiqmay, jim yurishgan. S. O‘tgan hafta Toshkentga sog‘-omon qaytdi,” dedi Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbekistonlik talaba yaqinlaridan biri.

Hindiston hukumati grantlari hisobiga faoliyat yurituvchi Hind Markaziy Institutida, asosan, xorijlik talabalar hind tilini o‘rganishadi.

Institutda oxirgi o‘n yil ichida 1000dan ziyod xorijlik talaba ta’lim olgan.

“Muqaddas hayvon”

Nufuzi 1 milliard 200 ming bo‘lgan Hindistonda aholining 80 foizini tashkil etgan hindlar sigirni muqaddas hayvon hisoblaydi.

Ammo, mamlakatning 180 millionlik musulmon aholisi nazarida mol go‘shtidan mazali taomlar tayyorlash mumkin.

Uzoq yillar Hindistonda yashagan o‘zbekistonlik jurnalist Dilbar Sultonning aytishicha, Hindistonning aksar viloyatlarida mol go‘shti “umuman sotilmaydi”:

Hindistonda qassobxonalarda mol go‘shti umuman sotilmaydi. Musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etgan rayonlarda mol go‘shtini topish mumkin, lekin ular ham ko‘pincha echki go‘shtini yeyishadi. Lekin, aholi aralash yashaydigan mahallalarda mol go‘shti yeyish umuman mumkin emas. Hammasi yashirincha qilinadi,” deydi Dilbar Sulton.

Bir yil muqaddam Hindiston shimolida olomon o‘z uyida mol go‘shti iste’mol qilishda gumonlangan bir musulmonni o‘ldirgan edi. Mazkur hodisa Hindistonda diniy toqatsizlik mavzusidagi bahslarni yana kuchaytirib yubordi.

O‘zbekistonlik S.B ta’lim olgan Uttar Pradesh shtati sigir, buzoq va ho‘kiz so‘yish butunlay taqiqlangan o‘nta shtatdan biridir.

Yaqinlariga ko‘ra, hozirda S.B o‘z oilasi bilan Hindistonga qaytib o‘qishni davom ettirish yoki ettirmaslik masalasini muhokama qilmoqda.

XS
SM
MD
LG