Линклар

Toshkent viloyatining asosan g‘alla va sabzavotchilikka ixtisoslashgan Yangiyo‘l tuman hokimligi g‘alla majburiyatini bajargan fermerlarni ham shartnomada ko‘zda tutilgan majburiyatining 10 foizi barobarida qo‘shimcha bug‘doy topshirishga majburlamoqda. Aytilishicha¸ “vatan mustaqilligining 25 yilligiga tuhfa” deb atalayotgan bu talab bajarilmasa¸ hokimiyat vakillari fermerning yerini tortib olish bilan tahdid qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan yangiyo‘llik fermerlarga ko‘ra¸ shu kunlarda tuman hokimligi¸ soliq idorasi va boshqa qator tizim vakillaridan iborat maxsus guruh fermerlar yerini birma-bir ko‘zdan kechirmoqda.

“Bu guruh shartnomada belgilangan bug‘doy rejasini oshig‘i bilan topshirib bo‘lgan fermerga endi yangi soliq solayapti. “Mustaqillikning 25 yilligiga vatanga rejada belgilangan hosilning yana 10 foizini davlat belgilagan narxda tuhfa qilasizlar”¸ deyapti. Qilmasang¸ razreshenieda ko‘rsatilmagan ekin ekkan¸ deb yeringni tortib olaman deb qo‘rqitayapti. Yerimdagi hamma bug‘doyni terib topshirdim¸ planni oshig‘i bilan bajardim. Yerda bug‘doy qolmadiku¸ desam¸ bozordan olib topshirasan¸ deyapti”¸ deydi Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan yangiyo‘llik fermerlardan biri.

Aytilishicha¸ shu kunlarda bozorda bir kilo bug‘doy narxi 1200 so‘m atrofida¸ hokimiyat esa fermer topshiradigan bug‘doyning kilosiga 503 so‘mdan narx belgilagan.

“Qo‘shni tumanda hosili yaxshi bo‘lgan fermerlar 1000 so‘mdan naqd berishi mumkin. Shartnomaga ko‘ra¸ 150 tonna bug‘doy topshirgan fermer yana 15 tonna bug‘doy berishi kerak. Uni 1000 so‘mdan sotib olsa ham¸ 15 million naqd so‘m kerak. O‘zi shundoq ham qarzga botib¸ ishchilariga pul berolmayotgan fermer naqd 15 millionni qaerdan oladi¸ bularning ishi yo‘q”¸ deydi yangiyo‘llik fermerlardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan Yangiyo‘l tuman hokimligi mas’uli¸ ayni kunlarda tuman bo‘ylab maxsus guruh monitoring o‘tkazaëtgani va fermerlarning o‘ziga berilgan yerga nima ekkanini birma-bir tekshirayotganini tasdiqladi.

Ayni paytda¸ bu guruh shartnomada belgilangan bug‘doyni topshirib bo‘lgan fermerga yana 10 foizlik qo‘shimcha soliq solayotganini inkor qildi.

“Planini bajargan bo‘lsa¸ hech kim indayotgani yo‘q. Bajarmaganlarga qaerdan bo‘lsa ham bug‘doyni topasan¸ bozordan olib bo‘lsa ham planni bajarasan¸ degan gaplar bo‘layapti lekin. Rayon davlat bergan planni bajarishi kerak axir”¸ dedi Yangiyo‘l tuman hokimligining Ozodlik gaplashgan vakili.

Ozodlik suhbatlashgan yangiyo‘llik fermerlar¸ maxsus monitoring guruhi¸ bug‘doydan boshqa ekin ekishga berilgan yerlarga nima ekilganini ham bittama-bitta qayddan o‘tkazayotgani va bu borada ham kuchli bosim bo‘layotganini bildirdi.

“Prezident fermerga erkinlik berilgan¸ deydi. Bular bo‘lsa¸ bir qarich yerga ham erkinlik bermayapti. Menga hokimlik 50 foiz yeringga pomidor¸ baqlajon ekasan deb yozib qo‘yibdi. Mening yerimda pomidor bo‘lmaydi¸ hosil bermaydi. Keyin plan deb tutadi. Shunga boshqa narsa ekkanman¸ endi menga pomidor-baqlajon topshirasan deb bosim qilayapti. Bir qarich yerga ham xohlagan narsangni ekolmasang¸ bu qanaqa erkinlik¸ deydi Ozodlik gaplashgan yana bir fermer.

Bu shikoyatlarga javob qaytargan Yangiyo‘l tuman hokimligi rasmiysi¸ bunday bosimning asl sababi 2016 yildan boshlab O‘zbekiston hukumatining meva-sabzavot eksportiga maxsus ahamiyat qaratganiga borib taqalishiga ishorat qildi.

“Bu yil prezidentning meva-sabzavotchilikni rivojlantirish¸ eksportga meva-sabzavot topshirish haqida farmoni chiqdi. Hokimiyat har bitta fermer bilan qancha yeriga nima ekish bo‘yicha razreshenie tuzgan. Yerining 50 foiziga bug‘doy ekkan bo‘lsa¸ qolganiga hokimiyat bilan kelishuvda nima belgilangan bo‘lsa¸ shuni ekishi kerak. Fermerning ko‘pi sabzavot o‘rniga¸ makka ekib tashlagan. Ana shular to‘polon qilayapti shekilli”¸ dedi Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarga javoban hokimiyat vakili.

XS
SM
MD
LG