Линклар

Sarlavhaga chiqarilgan xitob qarorgohi Frantsiya poytaxtida joylashgan Inson huquqlarini himoya qilish “O‘tyuraklar Klubi” Xalqaro tashkiloti hamda “Muqobil O‘zbekiston” Muvofiqlashtirish Kengashi boshlagan bir tashabbus mazmunidir.

Tashabbusni ko‘tarib chiqqanlar O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan siyosiy mahbuslardan 10 nafarini borib ko‘rish, ularning ahvollaridan xabar olish va moddiy yordam berishni tashkillashtirish uchun mablag‘ yig‘moqchi.

“O‘tyuraklar Klubi” va “Muqobil O‘zbekiston” nomidan tarqatilgan “O‘zbekistondagi va xorijdagi barcha vatandosh hamda millatdoshlarimizga murojaatnoma”da aytilishicha,

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati shu yilning 23-24 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari oldidan O‘zbekiston Respublikasi hukumatini qamoqda qolayotgan fuqarolik jamiyati vakillarini ozodlikka chiqarish, qonun talabi asosida ular bilan uchrashishga ruxsat berish, mon’eliksiz ularning sog‘liq va ahvolidan xabar olishni tashkillashtirishga chaqirib, mamlakatdagi bir qator xorij davlatlari elchixonalariga, xalqaro tashkilotlarga hamda O‘zbekiston hukumati idoralariga murojaat qilgan edi.

Aytilishicha, “Ezgulik” jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi “Jazoni ijro etish bosh muassasasi”dan ushbu Murojaatiga rasmiy javob olgan. Unga ko‘ra, jamiyat tomonidan avvaldan taqdim etilgan 10 nafar siyosiy mahkumlar ro‘yxatiga binoan, ularning sog‘ligi va ahvolidan xabar olish uchun “Ezgulik”ka uchrashuvga JIEM rasman ruxsat bergan.

Murojaatnomadan ma’lum bo‘lishicha, uchrashuvga ruxsat faqat shu yilning 25 iyuligacha, deb belgilangan. Yana 15 kundan keyin uchrashuv uchun berilgan muddat tugaydi. Eng asosiysi, huquq faollari kelasi haftaning oxirlarida, ya’ni, 16-17 iyul kunlari safarga otlanishlari lozim. Aks holda, muddat tugagunga qadar ulgurmaydilar.

“Mahkumlarning sog‘ligi o‘ta ayanchli holda. Ko‘plari keksa yoshda bo‘lishlariga qaramay, yillar davomida ularga nisbatan amnistiya akti qo‘llanilmaydi. Mahkumlarning yaqinlari, oila a’zolari ham jamiyatda qiyin ahvolda, o‘ta nochor holda yashashga mahkum etilganlar. Ularning moddiy imkoniyatlari ham abgor holda ekanligini bugun barcha o‘zbeklar yaxshi biladilar. Ular mahkum yaqinlari holidan xabar olish bir yoqda tursin, ko‘plari, hatto, kundalik tirikchiliklarini ham amallab o‘tkazmoqdalar”, deyiladi murojaatnomada.

Mana shunday vaziyatda, “O‘tyuraklar Klubi” va “Muqobil O‘zbekiston” Muvofiqlashtirish kengashi “O‘zbekistondagi va xorijdagi barcha vatandosh hamda millatdoshlar”ga murojaat qilar ekan, mana bunday degan:

“...xorijdagi millatdoshlarimizning, yurtdoshlarimizning moddiy imkoniyatlari vatandagilardan ko‘ra, ancha yaxshiroqdir.

Shu boisdan, bizlar ko‘proq, Siz – chet ellardagi yurtdoshlarimizning ko‘maklaridan umidvor ekanligimizni alohida ta’kidlab o‘tishni istardik”.

Murojaatnomada aytilishicha, yig‘iladigan mablag‘ quyidagicha sarflanadi:

1. “Ezgulik” jamiyatining ikki nafar vakili siyosiy mahkumlar bilan uchrashishga borish safar harajatlariga sarf qilinadi. (Mahkumlar Toshkentdan juda olisda bo‘lgan Qoraqalpog‘istonning Jasliq qamoqxonasidan tortib, Qashqadaryo, Navoiy hamda boshqa viloyatlarda saqlanadilar).

2. Har bir mahkumga dori-darmon, oziq-ovqat, kiyim-kechak kabi eng dolzarb narsalarni sotib olishga sarflanadi.

“To‘plangan mablag‘larning sarf-harajatlari bo‘yicha moliyaviy hisobot matbuotda nashr qilinadi”, deyilgan murojaatnomada.

Tashabbuschi tashkilot rahbari Mo‘’tabar Tojiboeva Ozodlikka mana bunday dedi:

Murojaatnomada uchrashuv uchun ruxsat berilgan mahkumlar ro‘yxati ham keltirilgan:

1. Muhammad Bekjon, jurnalist – 1999 yil 15 martdan buyon qamoqda

2. G‘ayrat Mixliboev, jurnalist – 2002 yil 25 iyuldan buyon qamoqda

3. Azam Farmonov, huquq faoli – 2006 yil 29 apreldan buyon qamoqda

4. Isroiljon Xoldorov, huquq faoli – 2006 yil 10 iyundan buyon qamoqda

5. Yo‘ldosh Rasulov, huquq faoli – 2007 yil aprel oyidan buyon qamoqda

6. Solijon Abdurahmonov, jurnalist – 2008 yil 7 iyundan buyon qamoqda

7. A’zam Turg‘unov, huquq faoli – 2008 yil 11 iyuldan buyon qamoqda

8. Dilmurod Sayyid, jurnalist – 2009 yil 22 fevraldan buyon qamoqda

9. G‘anixon Mamatxonov, huquq faoli – 2009 yil 9 oktyabrdan buyon qamoqda

10. Cho‘yan Mamatqulov, huquq faoli – 2012 yil dekabr oyidan buyon qamoqda

Murojaatnoma mualliflari boshlagan ishga o‘z hissasini qo‘shmoqchilar mana bu ishora orqali “O‘tyuraklar klubi” rasmiy saytiga kirib, bank rekvizitlarini olishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG