Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:56

GM Uzbekistan inqirozi: Rossiya banklari garovdagi 17000 avtomobilni arest qildi


GM Uzbekistan kompaniyasi rasmiysi G‘ayrat Niyazov (chapdan birinchi)
GM Uzbekistan kompaniyasi rasmiysi G‘ayrat Niyazov (chapdan birinchi)

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ Rossiyaning Voronej, Lipetsk va Ijevsk shaharlarida GM Uzbekistan avtokontsernining sobiq direktori, "O‘zavtosanoat" hissadorlik kompaniyasi raisining sobiq muovini Tohirjon Jalilov va uzoq yillar o‘zbek avtosanoatida rahbar lavozimlarda ishlagan va hozirda Rossiyada o‘zbek avtomobillari bilan savdo qiladigan "RAVON MOTORS RUS" bosh direktori G‘ayrat Niyazov shirkat uchun Rossiya banklaridan olingan kreditlar hisobidan xususiy mol-mulk va biznes tizimlarini sotib olganlar. Kreditlar uchun garov sifatida qo‘yilgan 17 ming avtomobil hozirda haqdor banklar tarafidan tortib qo‘yilgani iddao qilinmoqda.

Voronej, Lipetsk va Ijevsk shaharlarida GM Uzbekistan sobiq rahbari Tohirjon Jalilov egalik qilgan tijoriy va xizmat ko‘rsatish shirkatlari hamda ko‘chmas mulklarning sotuvga qo‘yilgani bu iddaolarni qisman tasdiqladi.

GM Uzbekistan bilan bog‘liq moliyaviy qallobliklarni tekshiraëtgan O‘zbekistondagi tergov guruhining Ozodlikka sizdirgan hujjatlarida keltirilgan zarar miqdori yarim milliard dollar ekani iddao qilinadi.

Ozodlik tasdiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra¸ uzoq yillar o‘zbek avtosanoatida rahbar lavozimlarida ishlagan G‘ayrat Niyozov Moskvadagi "RAVON MOTORS RUS" shirkatiga jo‘natilishidan oldin Toshkentda so‘roq qilingan.

Bir-biridan mustaqil Ozodlik manbalariga ko‘ra, G‘ayrat Niyozovga 500 million dollar hajmdagi zararni "qanday qilib bo‘lsa ham qoplash" vazifasi yuklatilgan.

Manbalarning iddao qilishicha¸ Niyozovning xotini va farzandlari "O‘zbekistonda garov sifatida olib qolingan".

Tohir Jalilov aprelь oyida hibsga olingandi
Tohir Jalilov aprelь oyida hibsga olingandi

Ozodlikning boshqa bir manbasi Niyozov oila a’zolari Toshkentdan chiqarilmayotganligini aytdi:

"Ular (Niyozovning oila a’zolari) Toshkent-Moskva reysi bo‘yicha uchadigan yo‘lovchilar ichida bo‘lmasligi uchun MXX tarafidan maxsus ko‘rsatma bor", deya iddao qildi u.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalarga ko‘ra, korrupsiya sxemalariga aralashgan Niyozovning GM Uzbekistan idoriy tizimida qolishini AQSh-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining amerikalik vakillari istamayotir.

Bu vakillar, manbalarning ishonishicha, GM Uzbekistan qo‘shma korxonasidagi korruptsiyaga oid da’volar AQSh Adliya vazirligi e’tiboriga tushib qolishi ehtimolidan xavotirlanishmoqda.

Otingni sot¸ molingni sot zararni qopla...

Rossiyaga kelgan G‘ayrat Niyozov hozirda hibsda saqlanayotgan Tohirjon Jalilovga oid mulklarni sotib, "zararni qoplash" jarayonini boshlagan.

Rossiyadagi Ozodlikka hozircha ma’lum bo‘lgan ikkita bankdan "o‘zbek avtomobilarini Rossiya bozorida jozibali qilish" maqsadida olinib¸ boshqa yo‘nalishda sarflangan qarzlarni qaytarish muammosi GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining Rossiyadagi vakolatxonasi kun tartibida shu yil boshida paydo bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston bank tizimlaridagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Moskvadagi ikki tijoriy bank - Peresvetbank (PERESVET. AO) va Sberbankdan mashinalarni garovga qo‘yib, qarz olinishiga O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar Milliy banki kafil bo‘lgan.

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi "RAVON MOTORS RUS" vakili kredit evaziga garovda turgan mashinalar hibsga olinganini tasdiqlab¸ bu holat "Rossiyadagi moliyaviy bo‘xron ortidan ko‘pga kelgan to‘y" ekanini aytdi.

"RAVON MOTORS RUS" vakiliga ko‘ra¸ G‘ayrat Niëzov va Tohirjon Jalilov - Rossiyadagi moliyaviy bo‘hron bilan bog‘liq vaziyat qurboni.

Ozodlik suhbatlashgan manbalarning barchasi bu O‘zbekiston mashinasozlik sanoatiga katta zarar yetkazdi, degan fikrda yakdil.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalari "o‘zbek mashinalarini garovga qo‘yib, qarz olinishi" bilan bog‘liq moliyaviy sxemani uch shaxs bilan bog‘lashdi.

Birinchi shaxs - Rossiyaning Voronej, Lipetsk va Ijevsk shaharlarida GM Uzbekistan avtokontsernining sobiq direktori, "O‘zavtosanoat" hissadorlik kompaniyasi raisining sobiq muovini Tohirjon Jalilov.

Ikkinchi shaxs - uzoq yillar o‘zbek avtosanoati rahbar lavozimlarida ishlagan va xozirda Rossiyada o‘zbek avtomobillari bilan savdo qiladigan "RAVON MOTORS RUS" bosh direktori G‘ayrat Niyazov.

Uchinchi shaxs - O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi rayosati raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan Tohirjon Jalilov va G‘ayrat Niyozovning vakillari bilan bog‘landi.

Ro‘ziqulovning jinoiy javobgarlikka tortilmagani yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatgan edi.

Bu iddaolar borasida Ozodlik muxbiri “O‘zbekavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov va uning ërdamchilari Rustam Yusupov hamda Qobiljon Azimov bilan bog‘lanishga urindi.

Ular Ozodlik bilan muloqot qilmaslikni ma’qul ko‘rishdi.

Korrupsion sxema ijodkori

Ozodlik manbalarining da’vo qilishicha, GM Uzbekistan korxonasiga bog‘liq korruptsion sxema boshida Ulug‘bek Ro‘ziqulov turadi
Ozodlik manbalarining da’vo qilishicha, GM Uzbekistan korxonasiga bog‘liq korruptsion sxema boshida Ulug‘bek Ro‘ziqulov turadi

“O‘zbekavtosanoat” tizimidagi Ozodlik manbasi iddaosiga ko‘ra¸ bu uch kishidan birisi g‘oya ixtirochisi, ikkinchisi ijrochi va uchinchisi akaxonlik vazifasini bajargan:

"Korupsion sxema, ya’ni shirkat mulki bo‘lgan mashinalari garovga qo‘yib kredit olish¸ sarmoyaga ajratilgan mablag‘larni o‘g‘irlash kabi tryuklarni G‘ayrat Niyozov o‘ylab topgan. Tohir Jalilov bu g‘oyani hayotga tadbiq etgan. Bosh vazir o‘rinbosari Ro‘ziqulov bu sxema uchun yaxshi ob-havo yaratib, akaxonlik qilgan", deya iddao qildi manba.

Unga ko‘ra¸ G‘ayrat Niëzov o‘ylab topgan sxema asosida Rossiyalik oligarx Roman Abramovichning Moskvadagi hashamatli ofisi 50 million dollarga sotib olingan.

Bundan tashqari Moskva¸ Voronej va Nijniy Novgorod shaharlaridagi ko‘chmas mulklar sotib olingan.

Voronej, Lipetsk va Ijevsk shaharlarida GM Uzbekistan sobiq rahbari Tohirjon Jalilovga oid mulkning sotuvga qo‘yilgani bu iddaolarni qisman tasdiqladi.

Hozirda Toshkentdagi MXX tergov izolyatorida qolayotgan Tohirjon Jalilovga Rossiyada yana qator mol-mulk va yirik shirkatlar tegishli ekani aniqlandi.

Oldinroq Tohirjon Jalilov Moskvada qaydga olingan yirik Uz-Daewoo shirkatining Rossiyadagi dileri - “UZAVTORUS” shirkati, shirkatning Voronejdagi vakolatxonasi - “UZDEUAVTO-VORONEJ”, “KM/Ch” Boshqaruv kompaniyalari egadoshi ham bo‘lgan.

Biroq, Rossiyadagi “SPARK-Interfaks” nashriga ko‘ra, hozirda biznesmen Jalilov qo‘l ostida “Oq-Yo‘l” korxonasi (avtomobil yuk transporti faoliyati), “Translogist” (yuklar transportirovkasi va saqlanishi),“UzDEU Akademiyasi” (ta’lim tizimi), “Uzmasheksport” (transport vositalari savdosi) va Moskvada qaydga olingan “Malika-M” restoranlari va kafelari qolgan.

"Mashinasozlar akademiyasi pul yuvadigan mashina"

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ G‘ayrat Niyozov o‘ylab topgan va Jalilov amalga oshirgan sxema doirasida Rossiyada tashkil qilingan “UzDEU Akademiyasi”da yuzminglab “o‘lik jonlar”ni o‘qitish evaziga yirik mablag‘ni o‘zlashtirilgan.

Shuningdek Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ “Tohirjon Jalilov Moskvadan bir necha million dollar turadigan besh xonali uy sotib olgan”.

Bu sotib olishlar fonida Tohirjon Jalilov rahbarligidagi GM Uzbekistan mashinalarini Rossiyada sotish sohasi moliyaviy bo‘hron ichida qolib, kasod chegarasiga yaqinlashgan.

“O‘zbekavtosanoat” tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, “G‘ayrat Niyozov ijod qilgan sxema asosida ikki ming dona yengil mashina oldin Voronejga keltirilgan¸ keyin esa Qozog‘istonning O‘zbekistonga yaqin jamloqqa (otstoynik) olib borilgan".

Ozodlik shu kunlarda ham ushbu jamloqda 1700ta mashina turganini aniqladi.

Manba iddaosiga ko‘ra¸ “G‘ayrat Niyozov sxemasi yordamida GM Uzbekistan korxonasi ishlab chiqargan mashinalarni Rossiyaga eskport qilish degan format ichida katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirilgan”.

Ozodlik bu iddoalar yuzasidan Rossiyadagi Ravon vakolatxonasining marketing bo‘yicha direktori Yelena Kuznetsova bilan suhbatlashdi.

Kuznetsova xonimning aytishicha¸ GM Uzbekistan rahbarlarining qamoqqa olinishi bilan bog‘liq barcha muammolarga “Rossiyadagi inqiroz sabab bo‘lgan".

"17 ming mashina deb ayta olmaymanu, lekin banklardan kredit olingan va krizis bois qaytarishda qiyinchiliklar bor. G‘ayrat Niyozov zimmasiga yuklanaëtgan ayblarda asos kam¸ chunki Niyozov yaqindan boshlab Moskvada ishlay boshladi. Abramovichga oid bino sotib olingan emas, balki ijaragga olingan. Jalilovning Moskvadan uy olgani to‘g‘ri¸ lekin bu uy unaqa hashamatli emas. Boz ustiga uy ipotekaga olingan. Jalilov bu uy qarzini yana 20 yil to‘lashi kerak bo‘ladi. Men bir narsani aytay, to‘g‘ri, Jalilov zarar qildi. Lekin, yil oxirigacha bu zarar isloh qilinishi kerak edi. Hozir bu zarar uchun ham hamma Jalilovni ayblayapti. Jalilov o‘z rahbari Ro‘ziqulov bilan hamjihatlikda ish qilgan. Shu o‘rinda rahbariyatga ham savolimiz bor", deydi Kuznetsova.

GM Uzbekistan bir necha yil davomida hamkorlik qilgan va ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan tadbirkor nazarida o‘zbek avtomobil sanaotini falaj qilgan korrupsiya tepasida Jalilov va Niyozovdan lavozimi balandroq shaxs turadi:

"Piramida cho‘qqisida Ulug‘bek Ro‘ziqulov turadi. Unga qarashli dilerlar yig‘ilgan pullarni u orqali tepadagilarga "shapka" sifatida berishadi. Ro‘ziqulov nazorati ostida bo‘lgan kamida 80ta dilerlik shirkati bor. Bundan tashqari unga qarashli turli xil yo‘nalishdagi to‘rt-beshta firma bor. Ulardan ba’zilari GM Uzbekistan-ga ehtiyot qism ishlab chiqaradi", deya iddao qildi tadbirkor.

Ozodlik Ro‘ziqulovga qarshi aytilgan bu iddaolarni rasman tasdiqlay olmadi.

Ro‘ziqulovga nisbatan matbuotda yangragan ayblovlar ortidan uning jinoiy javobgarlikka tortilmaganligini O‘zbekiston bosh prokuraturasi matbuot xizmati 28 iyunda ma’lumot sifatida tarqatgan edi.

GM Uzbekistan sobiq rahbari tergov qilinmoqda

"RAVON MOTORS RUS"ning Moskvadagi vakolatxonasi
"RAVON MOTORS RUS"ning Moskvadagi vakolatxonasi

2010 yildan beri o‘zbek avtokontsernini boshqargan Tohirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan shirkat pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanib, shu yilning aprel oxirlarida hibsga olingandi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Jalilov GM Uzbekistan korxonasi ishlab chiqargan mashinalarni Rossiyaga eskport qilishda noqonuniy sxemalar yordamida katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda.

Hozirda Toshkentdagi MXX tergov izolyatorida qolayotgan Tohirjon Jalilovga Rossiyada yana qator mol-mulk va yirik shirkatlar tegishli ekani aniqlangan.

Bu asnoda O‘zbekiston hukumati Rossiyada banklar tomonidan hibsga olingan GM Uzbekistan mashinalarini mamlakatga qaytarishga harakat qilayotgani aytilmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, buning uchun “O‘zavtosanoat” davlat shirkati Rossiyaga bir guruh mutaxassislarini yuborgan.

XS
SM
MD
LG