Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:37

Uchquduqda 18 yashar qiz o‘zini 7-qavatdan tashlab o‘ldirdi


Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ uchquduqlik o‘spirin qiz o‘zini shahardagi 7 qavatlik uylardan biri tomidan tashlagan.
Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ uchquduqlik o‘spirin qiz o‘zini shahardagi 7 qavatlik uylardan biri tomidan tashlagan.

Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi qurilish kolleji o‘quvchisi 11 iyul kuni kechqurun o‘zini 7 qavatlik uy tomidan tashlab¸ joniga qasd qildi. Huquq tizimlaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ o‘spirin qiz bir kun oldin otasi bilan janjallashib uyidan chiqib ketgan va suiqasd sababining oilaviy-maishiy xarakterda ekani taxmin qilinmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ 11 iyul kuni kechki soat 9 lar atrofida Uchquduq shaharchasining 11-mikrorayonidagi 68-uy oldida yosh qizning qonga belangan tanasini ko‘rganlar¸ darhol ichki ishlar bo‘limi va tez yordamga xabar qilganlar.

Og‘ir ahvolda tuman kasalxonasining jonlantirish bo‘limiga olib kelingan 18 yashar qiz ko‘p o‘tmay og‘ir jarohatlardan vafot etgan.

Mahalliy huquq tizimidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ o‘lgan qiz (Ozodlikka marhumaning ismi-sharifi ma’lum¸ axloq nuqtai nazaridan uni oshkor qilmayotir – tahr.) Uchquduqdagi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejining o‘quvchisi bo‘lgan.

“Bir kun oldin otasi bilan janjallashib¸ uyidan chiqib ketgan. Qiz shaharning 13-mikrorayonida yashagan. Lekin o‘zini 11-mikrorayondagi 7 qavatlik uy tomidan tashlagan. Nega aynan bu uyga kelgan¸ hozircha o‘rganilayapti. Suiqasd maishiy janjal asosida sodir etilgan¸ deb taxmin qilinayapti. Hozircha qizginani kimdir pastga itargani versiyasi ko‘rilmayapti”¸ dedi Ozodlikning mahalliy huquq tizimidagi manbasi.

Marhuma va uning oilasini yaxshi bilgan ayrim uchquduqliklarga ko‘ra¸ marhuma uch farzandlik oilaning yagona qizi bo‘lgan.

“M. chiroylik va odoblik qiz edi. Ikkita uylanmagan akasi bor. Shuning uchun erga tegish-tegmaslik ustida otasi bilan janjallashganiga ishonmayman. Otasini yaxshi taniyman. O‘ziga to‘q odam¸ ikkita-uchta mashinasi¸ yaxshigina hovli-joyi bor. Onasi tarbiyachi. Ikki kun oldin ko‘rgandim qizniyam¸ otasiniyam. Ruhiy jihatdan biror muammosi borligini sezmaganman. Nimaga bunaqa qildi ekan¸ hayron bo‘lib o‘tiribmiz”¸ deydi marhumani bilganlardan biri.

Bu voqea tafsilotlaridan xabardor boshqa bir uchquduqlikka ko‘ra¸ 10 iyul kuni marhuma otasi bilan janjallashib qolgan va o‘z shartiga ko‘nmasa¸ joniga qasd qilishdan toymasligini ham aytgan.

“Otasining boshqa xotini borligi va ikkinchi xotinning o‘z onasi bilan tez-tez janjallashayotganidan zada bo‘lgan qiz otasidan ikkinchi xotindan voz kechishni so‘ragan. Ota bunga ko‘nmagan¸ orada katta urush chiqqan va qiz jahl ustida uyidan chiqib ketgan. Ertasiga u joniga qasd qilgan. Otasi bu gapdan keyin yomon bo‘lib qoldi. Hozir qishlog‘iga opketishdi. Qizning janozasi ham qishloqda bo‘ldi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan uchquduqliklardan biri.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ hozircha Uchquduq prokuraturasi bu suiqasd sabablarini o‘rganmoqda. O‘lim holati bo‘yicha ish ochilish-ochilmasligi hozircha noma’lum.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra¸ o‘z joniga qasd qilish jahon bo‘ylab 15-29 yoshdagi qizlar o‘limiga sabab bo‘layotgan birinchi omildir.

Tashkilotga ko‘ra¸ janub-sharqiy Osië mamlakatlarida vafot etayotgan har olti qizdan biri o‘z joniga qasd qilish oqibatida olamdan o‘tmoqda.

Suiqasd sabablarini tadqiq qilgan mutaxassislar¸ yoshlar¸ xususan o‘spirin qizlarni o‘z joniga qasd qilishga olib kelayotgan omillar orasida tushkunlik¸ paranoyya¸ zo‘ravonlik va ijtimoiy tahqirlarni tilga oladi.

O‘zbekistonliklar orasidagi suiqasd holatlariga oid rasmiy raqamlar va tahliliy hisobotlar jamoatchilikka taqdim etilmaydi. Ayni paytda¸ Ozodlikka kelayotgan xabarlardan¸ O‘zbekistonda ham ayni yosh kategoriyasidagilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining ko‘payib borayotganini taxmin qilish mumkin.

Ozodlikka birgina o‘tgan oyning o‘zida Toshkent shahri va viloyatida ikki o‘quvchining o‘z joniga qasd qilgani haqida ma’lumot yetib kelgan bo‘lsa¸ Jizzaxning Paxtakor tumanida yil boshida ikki hafta ichida ikki o‘spirinning o‘zini o‘ldirgani ma’lum bo‘lgan edi.

O‘zbekistonlik ruhshunoslar e’tiroficha¸ mamlakatda o‘spirinlar orasida sodir etilayotgan aksar joniga qasd qilish holatlariga oilaviy-maishiy sabablar turtki bo‘lmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG