Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:43

Rossiyada noqonuniy yurgan muhojirlarni avf etish taklif qilindi


O‘zbekistonlik muhojirlar
O‘zbekistonlik muhojirlar

Rossiya prezidenti idorasi qoshidagi Millatlararo Munosibatlar Kengashi mamlakatda noqonuniy yurgan mehnat muhojirlarini amnistiya etish taklifini ilgari surdi. Kengash ushbu taklifni noqonuniy migratsiyani oldini olishga qaratilgan chora sifatida ko‘rmoqda.

Yangi taklifning tez orada Rossiya hukumatiga oshirilishi kutilmoqda.

Agar afv taklifi qabul qilinsa, Rossiyada noqonuniy yashayotgan bir necha million xorijlik, jumladan yuz minglab o‘zbekistonlik legal holatga o‘tadi.

Afv o‘zbekka nima beradi?

Nijniy Novgorodda mehnat qilayotgan o‘zbeklar
Nijniy Novgorodda mehnat qilayotgan o‘zbeklar

Amnistiya taklifining ijobiy hal etilishi, Rossiyada yurgan millionga yaqin o‘zbekistonlik muammosini hal etishi mumkin.

Rossiya migratsiya idorasi hisob kitobiga ko‘ra, 870 mingdan ortiq o‘zbekistonlik o‘z vaqtida Rossiya hududini tark etmagan, ya’ni kirish-chiqish tartibini buzgan holda kun kechirmoqda.

Moskva viloyatida haydovchilik qilayotgan Farhodning aytishicha, afv berilishi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning "ko‘kragiga shamol tegishiga umid uyg‘otadi".

"Patent qimmat, ishlagan pulimiz ba’zida hatto patent to‘lashga ham etmaydi. O‘z vaqtida patent pulini berolmagan, registratsiya qilolmagani uchun zapretga tushgan o‘zbek-tojiklar juda ko‘p. Yana biror arzimagan narsa, misol uchun, ko‘chada qattiqroq kulgan yoki gapirganing uchun politsiya to‘xtatib, hujjat so‘raydi. Biror bahona topib, pul so‘raydi. Pul bermaganlarga jinoyat sodir qildi, deb zapret qo‘yadi. Bunday hollar Rossiyada har qadamda uchraydi. Shuning uchun a amnistiya juda kerak," deydi Farhod .

Rossiyaga kim kerak?

Putin migratsiya sohasi isloh etilishini istaydi
Putin migratsiya sohasi isloh etilishini istaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin iyun oyida qilgan chiqishida mamlakat kuch ishlatish tizimlarini migratsiya sohasidagi qonunbuzarliklarga qarshi jiddiy chora ko‘rishga chaqirdi.

Shu bilan birga Vladimir Putin Rossiya uchun qanday muhojir kerakligini eslatib o‘tdi.

“Barcha tadbirlar to‘g‘ri va halol odamlar, muhojirlarning Rossiyada yaxshiroq adaptatsiya bo‘lishlariga qaratilgan. Rossiya qadimdan muhojirlar uchun istalgan mamlakat bo‘lib kelgan. Va biz Rossiya qonunlarini, madaniyatini, an’analarini va tilini hurmat qilishga hamda halol ishlashga tayyor bo‘lgan insonlar uchun ochiqmiz," dedi prezident Vladimir Putin.

Afv kimga mo‘ljallangan?

Migratsiya masalalari bo‘yicha Kengash kommissiyasi tayyorlagan amnistiya taklifi Rossiyada soxta yoki muddati o‘tib ketgan hujjatlar bilan yurgan muhojirlarga mo‘ljallangan.

Avf qaroridan foydalanish uchun noqonuniy muhojir avval belgilangan jarimani to‘lashi va Rossiya qonunlarga rioya qilish shartini qabul qilishi lozim.

Agar qonnuni buzish yana takrorlansa, unda muhojirning Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘yiladi.

Afv nega kerak bo‘lib qoldi?

Svetlana Gannushkina afv zarurligini ko‘p yillardan buyon aytib keladi
Svetlana Gannushkina afv zarurligini ko‘p yillardan buyon aytib keladi

Oldinroq afv taklifi bilan qator inson huquqlarini himoya etuvchi tashkilotlar vakillari muvaffaqiyatsiz urinishlar qilgandi.

Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina Ozodlik bilan suhbatda Rossiya migratsiya qonunchiligining keskinligi noqonuniy muhojirlar sonini kamaytirish o‘rniga, aksincha ko‘paytirib yuborganini aytdi.

Albatta, biz amnistiya qo‘llanishini dastaklaymiz. Chunki bu ko‘p sonli sarson-sargardon yurgan insonlarni qonuniylashtiradi, ularni jinoiy tizimlarga kirib qolishlarini kamaytiradi. Rossiya davlati bunday bo‘lishidan manfaatdor, deb o‘ylayman. Muhojirlarining qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yishlariga ko‘pincha Rossiyadagi sharoit va muhit va ularga bo‘lgan munosibatundaydi," deydi Svetlana Gannushkina.

Huquq faoli fikriga ko‘ra, vizasiz rejim, uning ta’biricha, “Kreml qo‘lidagi suiste’mol quroliga aylangan".

"Bir tomondan Moskva MDH vatandoshlariga nisbatan viza kiritmaslik bilan o‘zini oliyhimmat qilib ko‘rsatsa, boshqa tomondan, vizasiz tartib bilan kelayotgan muhojirlarga katta qiyinchilik yaratadi,” deydi Gannushkina.

Amnistiyadan to shu paytgacha faqat qirg‘izistonlik muhojirlar bahramand bo‘lgan.

Avf taklifi Rossiyada so‘ngi 20 yil davomida bir necha marotiba muhokima etilgan, biroq keng ko‘lamda biror marta ham ijobiy hal qilinmagan.

Faqat 2015 yil yozida Bishkek va Moskva Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgan va Rossiya hududiga kirishi taqiqlangan qirg‘izistonliklarga nisbatan amnistiya qo‘llanishiga oid hujjat imzoladi.

Ushbu shartnoma Rossiyada noqonuniy yashayotkan 190 ming Qirg‘iziston vatandoshining qonuniy istiqomat qilishiga yo‘l ochdi.

Migratsiya xizmati hisob-kitobiga muvofiq, Rossiyada hozirda 2,5 dan 3 milliongacha, ayrim ekspertlar fikriga ko‘ra, 5 millionga yaqin noqonuniy muhojirlar kun kechiradi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 1 mln 700 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik bor.

Rossiya hududida son jihatdan o‘zbeklar Ukraina vatandoshlaridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi va xorijliklarning 18 foizini tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG