Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:16

Quyoshmobil yasagan Oybek o‘zi ishlaydigan institutga o‘qishga kirolmayapti


Andijon mashinasozlik instituti laboranti Oybek Umarov Ozodlikka murojaat qilib, o‘zi ishlayotgan oliy o‘quv yurtiga bir necha yildan buyon o‘qishga kirolmayotganidan shikoyat qildi.

Bu yil ham o‘qishga kirolmay qolishi mumkinligidan tashvishlanayotgan 27 yashar Oybekning boshqa o‘n minglab abiturientlardan katta farqi bor.

U joriy yil bahorida Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tgan IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasida ishtirok etgan va tashkilotchilar mukofoti bilan taqdirlangan.

Lekin Mashinasozlik instituti rahbariyatining Ozodlikka aytishicha, institut obro‘sini ko‘targan Oybekning ixtirolari, uning yarmarkadagi ishtiroki oliy o‘quv yurtiga test sinovlarisiz qabul qilish uchun etarli emas.

Oybekning fikricha, uning ixtirolari va ular bilan Respublika yarmarkasida ishtirok etgani o‘zi laborant bo‘lib ishlayotgan Andijon Mashinosozlik institutiga test sinovlarisiz qabul qilinishi uchun asos bo‘lishi lozim. Bunday imtiyoz berilishini so‘rab u yaqinda Toshkentga ham borib keldi.

- Oliy ta’lim vazirligiga borib keldim. “Test topshirishingiz shart”, deyishdi. Imtiyoz haqida gap yo‘q, dedi Oybek.

Tilga tushgan kashshof

Oybek bu yilgi yarmarkadan so‘ng O‘zbekistonda ancha tanilib qolgan ixtirochi yigit. U haqda Ozodlik 20 may kuni bilvosita – matbuot sharhi orqali xabar qilgan,

“Darakchi” gazetasining mana bu ma’lumotlarini keltirgan edi:

"Oybek Umarov 2014 yili elektr yordamida harakatlanadigan avtomobil ixtiro qilgan. “Qaldirg‘och” deb nomlangan elektromobil uzluksiz 4 soat quvvatlantirilgach, 100 km masofani bosib o‘tadi".

XXI asr mashinasi

Ozodlik muxbiri Oybekdan u yasagan elektromobilning mavjud elektromobillardan prinsipial farqini so‘radi.

- Shu paytgacha mavjud bo‘lgan elektromobillardan farqi bor. U XXI asr mashinasi. G‘ildiraklarini boshqaradigan kompyuter protsessori o‘rnatilgan. Akkumulyatorning kuchini tejab sarflaydi. Tepalikdan tushayotganda akkumulyator quvvat berishga emas, aksincha quvvat yig‘ishga o‘tib oladi, dedi Oybek.

Shaxsiy mablag‘ hisobidan qilingan ixtirolar

Andijonlik ixtirochi yigit o‘z ishining fanati: bor pulini o‘zi yasagan elektromobil va quyoshmobilga sarflab kelmoqda. Har holda, Oybek qalampir.uz nashriga bergan suhbatida elektromobil yasash uchun 6 million so‘m sarflaganini aytgan. “Quyosh nurida harakatlanadigan avtomobil prototipini yasashimga esa 11 million so‘m sarfladim”, degan.

O‘qish uchun...

Bor pulini ixtirolariga sarflaydigan Oybekning oliy o‘quv yurtida tahsil olish uchun to‘lashga puli yo‘q:

2008 yili Toshkent davlat texnika universitetiga hujjat topshirgan, lekin to‘lashga puli yo‘qligi uchun o‘qiy olmagan.

2013 yili esa, Moskva texnologik institutiga o‘qishga kirgan, lekin puli yo‘qligi uchun o‘qiyolmagan.

...hamda patentni rasmiylashtirish uchun pul yo‘q

Qilgan ixtirolari uchun mualliflik huquqi – patent olish uchun ham Oybekning puli yo‘q.

- 2015 yili patent so‘rab tegishli idoraga hujjatlarimni topshirdim. 24 martda qabul qilishgan. Hammasi bo‘lib 1,5 mln. so‘m pul ketar ekan patent olish uchun. Eng kam ish haqining 4 yoki 5 baravari miqdorida pul to‘lash kerak ekan. Yana ozgina chiqimlari bor ekan, dedi Oybek. “Ozgina chiqimlari” deganda nimani nazarda tutganini suhbatdoshimiz ochiqlashni istamadi.

Prorektor nima dedi?

Ozodlik muxbiri Oybek Umarov laborant bo‘lib ishlaydigan va talabasi bo‘lishni orzu qilayotgan Andijon Mashinasozlik institutining Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Bahodir Mamajonov bilan bog‘landi.

- Oybek bizda 3 yildan beri ishlayapti. 3 yildan beri institutimiz sha’nini himoya qiladi. 3 yildan beri imtihon topshiradi bizning institutga kirish uchun. Lekin Oybekni o‘qishga qabul qilish mening kompetentsiyamda emas. Bu masalani yo rektor yoki Test markazi hal qilishi kerak. Hozircha, qoidadan istisno qilish yo‘lini topa olmadik, dedi prorektor.

Harfxo‘rlik

U kishi aytayotgan “qoida” Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226- qaroriga ilova qilingan “Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”dir.

Mazkur hujjatda qanday abiturientlar oliy o‘quv yurtiga test sinovisiz qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan. Masalan, shashka (!) bo‘yicha respublika turnirida 1 o‘rinni yoki xalqaro turnirda 1 – 5 o‘rinni egallaganlar ham test sinovidan ozod qilingan.

Lekin Nizomda “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi ishtirokchisi” degan gap yo‘q va shuning uchun ixtirochi Oybek Umarovga institut eshigi yopiq!

Ana sizga harfxo‘rlik!

Prorektorga taklif

Ozodlik muxbiri Andijon Mashinasozlik institutining Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Bahodir Mamajonovga bunday dedi:

- Institutingizning Ilmiy kengashi shu masalani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilsa bo‘lmaydimi?

- Ilmiy kengashning qarori o‘tarmikan... Mayli, buniyam o‘ylab ko‘rarmiz. Test markaziga chiqib ko‘rarmiz..., dedi o‘ylanib prorektor.

Ha, aytgancha...

Internetni kavlasangiz, “Andijon mashinasozlik instituti talabalari elektromobil yaratishdi”, “Andijonlik talabalar elektromobil yaratdi”, kabi sarlavhalarga ko‘zingiz tushadi.

Bu sarlavhalar ostida gap, albatta, talabalarning emas, Oybekning ixtirosi ustida boradi.

XS
SM
MD
LG