Линклар

Moskvadagi "Yordam" masjidi imomi, "muhojir musulmonlar himoyachisi" sifatida tanilgan shayx Mahmud Velitov hibsga olindi. Rossiya poytaxti Butirka tuman Tergov qo‘mitasi shayx Mahmudga qarshi "Terrorchilik faoliyatiga da’vat etish va terrorchilikni oqlash" moddasi asosida jinoiy ish qo‘zg‘atgani aytilmoqda. "Yordam" masjidi va imomning uyida maxsus xizmatlar tomonidan tintuv ishlari olib borilayotgani Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.

Moskvada "Yordam" masjidi imom-xatibi shayx Mahmud hazrat Velitov "terrorchilikka da’vat" qilgani aybi bilan hibsga olindi.

Bu haqda o‘zining Feysbuk sahifasida xabar qilgan taniqli advokat Dagir Xasavovga ko‘ra, tergov qo‘mitasining Rossiya musulmonlari orasida katta nufuzga ega bo‘lgan Mahmud Velitovga nisbatan noqonuniy amallariga jamoatchilik e’tiborini qaratdi.

Bugun Moskvada taniqli islomiy faol, hurmatli shayx Mahmud hibs etildi va Marьina Roshcha tumanidagi Moskva shahar Tergov qo‘mitasi bo‘limiga keltirildi. Tergov amallari advokatsiz olib borilmoqda! Uning uyida va Otradnoedagi u kishi xizmat qilgan masjidda tintuv o‘tkazilmoqda, diniy islomiy adabiyotlar musodara qilingan, ishonaveringki, ularning yarmisi “ekstremistik” deb topiladi”, deb yozdi advokat Dagir Xasavov.

Himoyachining ta’kidlashicha, Butirka tumanlararo Tergov bo‘limi tomonidan shu yilning 27 mayida Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 205.3 moddasi 1 qismi (Terrorchilik faoliyatiga da’vat etish va terrorchilikni oqlash) asosida Abdulla Gappaev ismli bir kimsaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gappaev "Hizb-ut Tahrir" tashkiloti a’zo ekani va, go‘yo, Mahmud hazrat 2013 yilning sentyabrida islomiy nashrlardan birida bu shaxsning faoliyatini oqlab chiqishga uringanlikda ayblanmoqda.

"Yordam” masjidi rasmiy sayti boshqaruvchisi imom Ismoil hazrat Valitov Ozodlik so‘roviga shayxning hozirgacha qo‘yib yuborilmagani va oldiga advokat kiritilmayotganini tasdiqladi.

"Hozircha Marina Roshchadagi Tergov bo‘limida qolmoqdalar. Uylarida va masjidda kitoblar musodara qilindi. Yonimizdagi Ozarbayjon masjididan ham adabiyotlar musodara qilingan ekan – ularga qaytarib berishibdi. Mahmud hazratni esa qo‘yib yuborishmayapti, kutib o‘tiribmiz," dedi imomning jiyani Ismoil Valitov.

Yaqinlari Valitovning shu yil boshida og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgani va qamoqxona sharoitida uning ahvoli yomonlashishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Mahmud hazrat Velitov ksenofobiya va millatchilikka qarshi chiqishlari bilan ham tanilgan

Ozodlik tahririyatiga anonim qolish sharti bilan murojaat qilgan o‘zbekistonlik radio tinglovchilardan biri “Mahmud hazrat Velitov Moskvadagi musulmon o‘zbeklarning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi” ekani, ularning “qora kunida homiysi bo‘lgani”ni alohida ta’kidladi.

Suhbatdosh “Yordam” masjidi imomi O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan uylangani va O‘zbekiston bilan uni juda ko‘p rishtalar bog‘lab turishini ma’lum qildi.

Yordam” jome’ masjidiga ibobdatga boradigan har bir o‘zbek imomni ixlosmand muridi, desa bo‘ladi, dedi ismini oshkor qilmagan o‘zbekistonlik.

65 yoshli Shayx Mahmud Velitov sho‘’ro davrlarida barcha taniqli rossiyalik imom va muftiylar kabi Buxoroning Mir-Arab madrasasi va Toshkentning Islom institutini tamomlagan.

Moskvadagi “Memorial” Inson haqlari himoyasi tashkiloti faoli Bahrom Hamroev “Yordam” masjidi imom-xatibining hibs etilishini Rossiyada musulmonlarga qarshi kuchayib borayotgan bosim bilan bog‘ladi.

- Imom ochiqdan-ochiq turib hatto O‘zbekiston hukumatini insofga chaqirgan. “O‘zbekiston hukumati, Islom Karimovga insof bersin, nohaq qamalgan O‘zbekiston, Tojikiston musulmonlari ozod bo‘lsin, ularga nusrat bersin”, deb ko‘p marotaba minbardan turib gapirganlar. Bu u kishining nafaqat O‘zbekistonda o‘qigani yoki o‘zbeklarning kuyovi ekani, balki musulmonlarga jon kuydirgan musulmon ekani bilan bog‘liq. Men bir nechta Rossiya muftiylari bilan gaplashganimda “Mahmud xazratning ilmichalik Rossiyada ilmli, imonli muftiylar yo‘q” deganlar. Imomning hibs etilishi Rossiya musulmonlari, diniy-siyosiy vakillarining Kreml nazoratidan chiqib ketayotgani bilan bog‘liq, menimcha. Bu siyosiy buyurtma, dedi Bahrom Hamroev.

Ozodlik oxirgi vaqtlarda Rossiyada "hizbchilik", "Islom davlati" guruhi va boshqa diniy tashkilotlarga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan dindorlar, jumladan o‘zbek musulmonlari to‘g‘risida xabar berib kelgan.

XS
SM
MD
LG