Линклар

Qirg‘izistonliklar talashayotgan yer O‘zbekistonniki ekani aniqlandi


O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi axsilik dehqonlar haydab chiqarilgan uchastka.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi axsilik dehqonlar haydab chiqarilgan uchastka.

Iyun oyi oxirlarida O‘zbekistonning Namangan viloyati va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati chegarasidagi talashga tushgan besh gektarli yer maydoni O‘zbekistonni ekani aniqlandi. Bu haqda chegara hududida joylashgan Axsi tumani mahalliy hukumati ma’lum qildi. Biroq yuqori tashkilotlar bu masalada xulosa chiqarishga shoshilmayapti.

Jalolobod viloyatining Axsi tumaniga qarashli So‘go‘t qishlog‘i aholisi tomonidan foydalanib kelingan 5 gektarli yer maydoni iyun oyi oxirlarida O‘zbekiston chegarachilari nazoratiga olinib, bu yerga qirg‘iz vatandoshlari kiritilmay qo‘yilgan edi. Shundan so‘ng bu voqea jamoatchilik e’tiboriga tushib, “O‘zbekiston Qirg‘izistonga tegishli bo‘lgan yerni o‘ziniki qilib oldi”, qabilidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston mas’ullari uchrashib, mazkur uchastka maqomi aniqlanguniga qadar u yoqqa hech kimni kiritmaslik haqida kelishib olingan edi.

Axsi tuman ma’muriyatidan olingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, talosh bo‘layotgan bu er O‘zbekistonga tegishli ekani aniqlangan.

- Shu oyning boshida ikki davlatning chegaralarni aniqlash bo‘yicha komissiyasi vakillari, O‘zbekiston tomonidan Yangiqo‘rg‘on chegara otryadi va biz tomonimizdan Olabuqa chegara otryadi qo‘mondonlari bahsli bo‘lib turgan hududda uchrashdi. O‘sha uchrashuvda xaritalar va protokollar o‘rganildi. Xarita va protokollarga qaraganda, bu yer O‘zbekistonga tegishli bo‘lib chiqdi, -dedi Axsi tuman hokimiyati rasmiysi Altinbek Kutmanov.

Unga ko‘ra, 5 gektarli mazkur hudud 2001 yilning 23 avgustidagi 8-sonli protokol bilan O‘zbekistonni ekani tasdiqlangan. 2003 yilning 23 sentyabrida bu qaror Bishkek tomonidan 12-sonli protokol bilan tan olingan. 2006 yiling 27 sentyabrida esa bu yer O‘zbekistonniki ekani to‘g‘risidagi 20-sonli protokolni ikki davlat prezidentlari imzolagan.

Kutmanovning aytishicha, mazkur hujjatlar Toshkent va Bishkekdan o‘z tasdig‘ini topmaguniga qadar tomonlar bahsli bo‘lib turgan hududga hech kim kirmasligi haqida kelishib olgan.

- Bu masala endi hukumat darajasida hal etilishi lozim. Bu masala hal bo‘lmaguniga qadar bu hududga O‘zbekistonning ham, Qirg‘izistonning ham chegarachilari kirmay turadigan bo‘ldi. Biroq O‘zbekiston tomoni shu kungacha bu yerga egalik to‘g‘risida bizni ogohlantirmay kelgan. Shu sababli ham bu maydon qirg‘izistonliklar tomonidan foydalanib kelingan, - dedi Axsi tuman rasmiysi.

Biroq Qirg‘iziston hukumatining Jalolobod viloyatidagi vakili o‘rinbosari Bakitbek Anarkulov So‘go‘t deb ataluvchi mazkur hudud masalasida xulosa chiqarishga erta ekanini aytmoqda. Unga ko‘ra, bu yer Chalasart deb ataluvchi bahsli hududnigng bir qismi sifatida ham e’tirof etib kelinadi.

- Hukumat bu haqda rasman e’lon qilmaguniga qadar “Bu yer O‘zbekistonniki”, deb ayta olmaymiz. Bu masalani hukumatlararo darajadagi komissiya o‘rganib, imzolangan hujjatlarni parlament ratifikatsiya qilishi lozim. Shundagina bu yer qaysi davlatga tegishli ekani oydinlashadi, - dedi Bakitbek Anarkulov.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi 50 dan ziyod bahsli hudud mavjud. Shu yil 18 martida O‘zbekiston Chalasart deb ataluvchi bahsli hududga harbiy texnika va askar kiritgani ortidan ikki davlat o‘rtasida munosabat keskinlashib ketgandi. Bunga javoban Qirg‘iziston ham mazkur hududga teng miqdorda harbiy texnika va askar kiritgan.

Vaziyat 26 mart kuni Chalasartdan o‘zbek askarlari va harbiy texnikasi olib chiqib ketilganidan so‘ng yumshagan.

XS
SM
MD
LG