Линклар

Qozog‘istonda IDga qo‘shilmoqchi bo‘lgan shaxslar sudlandi


Suriyaga ketishga chog‘langan qozog‘istonliklar, Aqto‘be, 2016 yil 12 iyuli.

Suriyaga ketishga chog‘langan qozog‘istonliklar, Aqto‘be, 2016 yil 12 iyuli.

Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida 12 iyulь kuni yakunlangan sud jarayonida 12 ayblanuvchidan eng uzoq jazo muddati Janbo‘lat Sarsenbaevga berildi. 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilinmish 39 yoshli Sarsenbaev “jinoyatga hozirlanganlik”, “terrorchilik guruhini tashkil etganlik va unga rahbarlik qilganlik” hamda “terrorchilik va ekstremizmni moliyalashtirganlik”da ayblangan.

Janbo‘lat Sarsenbaev 2011 yilda ham sud qarshisiga chiqqan. O‘shanda Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Aqto‘be viloyat departamenti binosi oldida o‘zini portlatgan Raximjan Maxatovning sherigi sifatida sudlangan Sarsenbaev “terror guruhi tuzganlik”, “terrorchilikni tashviq qilganlik” va “qurol saqlaganlik”da aybdor deb topilib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bu jazoni o‘tab chiqqan Sarsenbaev kechagi suddagi 12 kishi orasida ma’lumoti oliy bo‘lgan yagona shaxsdir. Qolganlarining aksariyati o‘rta ma’lumotli bo‘lib, ko‘pchiligi hech qaerda ishlamagan. Ular orasida bir ota va uning ikki o‘g‘li ham bor.

Sudya Erlan Baqitjan o‘qib eshittirgan hukmga muvofiq, 1959 yilda tug‘ilgan ota Marat To‘rexanov yetti yilga, ikki o‘g‘il – 1989 yilda tug‘ilgan Jasulan va 1996 yilda tug‘ilgan Erjan To‘rexanovlar olti yildanga kesilgan.

Marat To‘rexanovning kuyovi Jasulan Ramanqulov ham olti yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ramanqulovning advokati Kulyash Manko Ozodlikning qozoq xizmatiga bergan intervyusida sud hukmidan norozi ekanini, apellyatsiya tartibida viloyat sudiga murojaat qilishini ma’lum qildi.

- “Suriya rejasi”dan u muhtamal safarga bir hafta qolganidagina xabar topgan va noiloj rozi bo‘lgan. Jasulan Ramanqulovning otasi ulug‘ yoshda, u 90 ga kirgan, onasi nogiron, ko‘zi ko‘rmaydi. 2014 yili ularning uyi kuyib ketgan, Jasulan esa ishsiz. U soqol qo‘yib, kalta shim kiya boshlaganda, ish beruvchisi uni qo‘riqchilikdan bo‘shatib yuborgan, - deydi advokat Manьko.

Olti yilga sudlanganlarning yana biri Ular Fayzullaev avval “portlovchi moddalar saqlaganlik”da gumonlanib, hibsxonada tutib turilgan, biroq “qilmishidan pushaymonligi” uchun ikki yil oldin jinoiy jazodan ozod qilingan.

Ozodlik radiosi qozoq sho‘’basi manbasiga ko‘ra, Fayzullaevning radikal diniy oqim mansubi bo‘lgan ikki akasi hozirda qamoq jazosini o‘tayapti.

Aqto‘be sudi hukmiga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan Avez Aqbazar, 1975 yilda tug‘ilgan Balaqazi Sandibaev, 1991 yilda tug‘ilgan Bavirjan Tapalov, 1981 yilda tug‘ilgan Kenjebay Suleymanov, 1996 yilda tug‘ilgan Muxambetsapa Diyar hamda 1994 yilda tug‘ilgan Eset Shaymardan ham olti yildanga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sud hukmida 12 nafar sudlanuvchi “Islomiy davlat” terror guruhi safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgani, Suriyaga ketib, jang qilmoqchi bo‘lgani aytiladi. Qayd etilishicha, ular Suriyadagi jangarilar vakillari bilan Internet orqali aloqada bo‘lib turganlar. Hukmda, shuningdek, sudlanuvchilar O‘zbekiston va Qirg‘iziston soxta pasportlariga buyurtma bermoqchi bo‘lgani, sudlanuvchilardan biri esa bu ish uchun pul ajratgani urg‘ulangan.

Sud 12 nafar sudlanuvchiga qarashli mulkni musodara qilish haqida hukm chiqargan. Hukmga muvofiq, ularning Xalq banki Aqto‘be filialidagi hisob raqamida bo‘lgan 1 million 177 ming tanga hamda 5700 AQSh dollari miqdoridagi puli davlat foydasiga musodara qilingan.

Sudlanganlar shu yil fevralida Aqto‘be yaqinidagi Aqshat qishlog‘ida ushlangandi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda 300 ga yaqin qozog‘istonlik Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” guruhi tarkibida jang qilmoqda.

XS
SM
MD
LG