Линклар

logo-print

Bug‘doy topshirish rejasi bajarilmayotgani sababli Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi dehqonlarning shaxsiy tomorqasidagi bug‘doyga ko‘z olaytirdi. Xalqning lalmi yerlarda yetishtirgan bug‘doyiga militsiya xodimlarining qattiq nazorati ostida kombayn solinyapti. Bu talonchilikdan norozi bo‘lgan odamlar vaqtinchalik hibs qilinib, bug‘doy o‘rib olingandan so‘ng qo‘yib yuborilyapti.

Bir haftadan buyon Yakkabog‘ tumanining Samoq, Beshkapa, Munjir, Novqishloq, Shirinbuloq, Serob qishloqlarida yashaydigan aholining lalmi yerda yetishtirgan bug‘doyi mahalliy hokimiyat tomonidan zo‘ravonlik bilan o‘rib olinyapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan yakkabog‘lik manbaga ko‘ra, hokimiyat bu ish uchun qirqqa yaqin militsiya xodimi va oltita kombayn tashlagan:

“Hech qachon, hech qaysi yil bunaqasi bo‘lmagan. Hokimiyat xalqni ochiq talashga o‘tdi. Odamlarning lalmi erlarda o‘z mehnatlari evaziga yetishtirgan bug‘doyini zo‘rlik bilan o‘rib olyapti. Men kecha Shirinbuloq qishlog‘ida ana shunday zo‘ravonlikka guvoh bo‘ldim. Oltita kombayn birdaniga odamlarning bug‘doyzoriga kirib, g‘uv etib o‘rib ketyapti. Odamlar norozilik bildirsa o‘nlab melisalar urib, tepib zirhli moshinalariga qamab qo‘yayapti. Bug‘doyini o‘rib olishganidan so‘ng qo‘yib yuboryapti. Odamlar dod deb qolyapti. Chunki bug‘doy ularning yagona tirikchiligi edi”, dedi manba.

Ozodlik suhbatlashgan yakkabog‘lik keksa dehqonlardan biri ham hokimiyatdan hech qachon bunchalik zulm ko‘rmaganini aytdi:

“Bir paytlar bu yerda lalmi tokzorlar bor edi. Keyin toklar ko‘chirilib, yerlar fermer xo‘jaliklariga bo‘lib berildi. Uning tepasidagi lalmi, bo‘sh yotgan erlarni dehqonchilik qilish uchun hokimiyatdan kadastr qilib olganmiz. Kimdir 5 gektar, kimdir 10 gektar olgan. Har yili bu yer uchun soliq to‘laymiz. Hammamizning hujjatlarimiz joyida. Lekin endi, hokimiyat “o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir” bo‘lib qoldi. Zo‘ravonlik bilan bug‘doyimizni o‘rib olyapti. Biz hatto bug‘doyimiz necha tonna chiqqanini ham bilmaymiz. Unga necha pul berishi haqida ham gap yo‘q. Norozilik bildirgan odamlarni melisa olib ketmoqda”, dedi dehqon.

Dehqonning aytishicha, "hokimiyatning xalqni qaqshatadigan maxsus guruhi" tog‘ etagidagi Shirinbuloq qishlog‘i aholisining bug‘doyini o‘rib tugatganidan so‘ng, 12 iyul kuni daryoning u betidagi Serob qishlog‘iga o‘tgan.

Yakkabog‘ tumani hokimining o‘zini Otamurod deb tanishtirgan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham aholining bug‘doyi majburan o‘rib olinayotganini tasdiqladi:

“To‘g‘ri o‘rib olyapmiz. Chunki lalmi yerlarda aholi ruxsatsiz bug‘doy ekkan. Lalmi yerlar fermerning hisobida turibdi. Odamlar bu yerlar uchun shartnoma qilmagan. Bu davlatning yeriku. Biz tortib olmayapmiz, balki o‘sha odam bilan yerning boshida shartnoma qilyapmiz. O‘zi ekib, o‘zi uyiga to‘kib olmasinda. Biz davlatga topshirtirib davlat narxidagi pulini olib beramiz”, dedi mulozim.

Ozodlik mulozimning bu javobidan so‘ng, yana yakkabog‘lik keksa dehqon bilan bog‘landi. Dehqon mulozimning mutlaqo yolg‘on gapirayotganini aytdi:

“Bekor gapni aytibdi, u. Bizga bu yerlar kadastr qilinib, vaqtincha foydalanishga hujjatlashtirib berilgan. Bu bir gramm ham suv chiqmaydigan, bekor yotgan lalmi erlar bo‘lsa. Yomg‘ir yog‘sa hosil bo‘ladi, yog‘masa kuyib qolaveramiz. Shuning uchun bu erga biz faqat soliq to‘laymiz. Shu paytgacha hech kim bizga tegmagan edi. Jahongir Boboev tumanga yangi hokim bo‘ldiyu, xalqni talay boshladi. Chunki fermerlar bug‘doy planini bajarolmadi. U esa rejani bajarib, kattalarga yaxshi ko‘rinish uchun oddiy xalqni talashga kirishdi”, dedi keksa dehqon.

O‘zbekistonda, bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganligi va bug‘doyga zang kasali tushgani bois bug‘doy rejasini bajarish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Har bir tumandan ko‘pi bilan o‘n-o‘n besh foizgina fermerlar bug‘doy rejasini bajarishga muvaffaq bo‘lgan, xolos. Hokimlar qolgan fermerlarga davlat rejasini “yerning tagidan topib bo‘lsa ham” bajarishni talab qilmoqda.

Biroq, fermerlarning bug‘doy rejasini bajarishiga ko‘zi etmagan hokimlar, xalqning hisobidan bug‘doy rejasini to‘ldirishning turli xil usullarini o‘ylab topishmoqda.

Jumladan, Namangan viloyati hokimining topshirig‘iga ko‘ra, bog‘ va tokchilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklari har gektar bog‘i hisobiga 500 kilodan bug‘doy topib topshirishi kerak. Bog‘bonlar bozordan qimmat narxda bug‘doy sotib olib, arzon narxda hukumatga topshirishga majbur bo‘lmoqdalar.

XS
SM
MD
LG