Линклар

Toshkent viloyati Chinoz tuman hokimining Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasi va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Mamajonovga hayfsan e’lon qilindi.

Ozodlikning respublika prokuraturasidagi manbasining aytishicha, "Ahmadboy ishi" munosabati bilan Chinoz tumani hokimiyati va huquq-tartibot organlari faoliyati yuzasidan tekshiruv-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Ozodlikning Toshkent viloyati hokimligidagi manbalarining aytishicha¸ hafta boshida Chinoz tuman hokimligida majlis o‘tkazilib¸ tumandagi tadbirkorlar ish bilan ishlovchi mas’ul shaxslar tanqid qilingan.

- Majlisni tuman hokimi - Mahmud Ahmadovich (Eshonov) olib bordi. Prokuror Behzod Mirsoatov ishdan olinganini aytdi. Keyin birinchi zam Nodir To‘laganovga qarab "bundan xulosa chiqaring", dedi. Majlis oxirida hokim tadbirkorlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Sobirovich (Mamajonov)ni turg‘azib qo‘qib rosa tergadi. Sobirovga ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun hayfsan berildi¸ deydi manba.

Uning yana aytishicha tumanda “moliyaviy piramida” qurgan Ahmadboy Tursunboev ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida tuman hokimi Mahmud Eshonov va uning ikki nafar o‘rinbosari guvoh sifatida so‘roq qilingan.

Ozodlikning raspublika prokuraturasidagi manbasining aytishicha Chinoz tumanida "Ahmadboy ishi"ga aloqador bo‘lgan Toshkent viloyatining Chinoz tumani hokimiyati va huquq-tartibot organlari faoliyati yuzasidan tekshiruv-surishtiruv ishlarni davom ettirishmoqda.

- Ahmad Tursunovning moliyaviy firibgarlik ishini ko‘rib chiqish davomida Behzod Mirsoatov o‘z lavozimidan bo‘shatildi. Shu tariqa, tuman militsiya bo‘limi va soliq idorasida tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Tekshirish ishlarini respublika MXX va IIV ning terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi tergovchilari olib bormoqda¸ deya bildirdi manba.

Uning yana aytishicha “Chinozlik o‘nga yaqin mulozim “Ahmadboy” faoliyatini bila turib ko‘z yumgani va o‘z vazifalariga ma’suliyatsizlik bilan qaragani bo‘yicha hisobot tayërlangan.

- Bu hisobot asosida hokimiyat va huquq-tartibot organlari o‘z hodimlari orasida tushuntirish ishlari olib borishi belgilandi. Asosiy aybdorlarga esa qonunda belgilangan tarzda chora ko‘rilishi kutilmoqda¸ dedi manba.

Chinoz tuman prokuraturasi devoriga osilgan deya aytilgan e’lon

Chinoz tuman prokuraturasi devoriga osilgan deya aytilgan e’lon

Ozodlik Chinoz tumani prokurori Behzod Mirsoatov ishdan chetlatilgani haqida o‘tgan haftada yozgan edi.

Bugun ma’lum bo‘lishicha¸ prokuraturaning yana bir necha xodimi vaqtincha o‘z lavozimlaridan chetlatilgan.

"Ishdan chetlatilgan mulozimlar ismi ular ustidan tergov ketayotgani bois matbuotga aytilmayapti" dedi Ozodlik manbasi.

Toshkent viloyati prokuraturasi xodimlarining Ozodlikka ma’lum qilishlaricha, Chinoz prokurori Behzod Mirsoatov 5 iyul kuni lavozimidan olingan va uning o‘rniga Damir Mahmudov vaqtincha prokuror vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Mirsoatovning nima uchun lavozimidan olinganini prokuratura rasmiylari izohlashmadi.

O‘zbekiston prokuraturasidagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, Mirsoatov “Ahmad Tursunboev ustidan ochilgan jinoiy ish tafsilotlari o‘rtaga chiqqanidan keyin prokuratura tizimidan butunlay chetlashtirilgan.”

- Ichki ishlar, prokuratura, hokimiyatdagilar, qolaversa, Toshkentdagi hukumatning yuqori lavozimli amaldorlari Ahmadboyni qo‘llab kelgan. Chinoz prokurori Behzod Yunusalievichni shuning uchun ishdan olishdi. - deya bildirdi manba.

Yaqinda O‘zbekiston televideniesi namoyish etgan Ahmadboy moliyaviy piramidasi haqidagi ko‘rsatuvda mahalliy mansabdorlar, huquq-tartibot idoralari vakillari firibgarlik va jinoiy amallarga nafaqat ko‘z yumib kelganliklari, balki Ahmadboyga sheriklik qilganlikda ham ayblangandi.

Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan "Chinoz halol chorva" hamda "Chinoz avto hamkor" korxonalari ta’sischisi, Ahmad Tursunboev va uning xodimlari aholidan yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan milliy va chet el valyutalarini olish bilan shug‘ullanib kelgan.

Va shu bilan birga ularga pullari qaytarilishi haqida hech qanday kafolat bermagan.

15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari chinozlik 38 yoshli tadbirkor Ahmad Tursunboevni hibsga oldi.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG