Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:35

Novosibirsk politsiyasi mahalliy bozorda ommaviy mushtlashuv bo‘lganini inkor etdi


Novosibirskning Xilokskiy bozorida mehnat muhojirlari janjallashdi, jarohat olganlar bor.
Novosibirskning Xilokskiy bozorida mehnat muhojirlari janjallashdi, jarohat olganlar bor.

Novosibirsk shahrining Xilokskiy bozoridagi ommaviy mushtlashuv to‘g‘risidagi 11 iyul kuni paydo bo‘lgan xabarlar haqiqatdan yiroq. Shahar politsiyasi bergan bu bayonotga ko‘ra, bozorda "kelishmovchilik" bo‘lgan, xolos va u tovar bo‘lisha olmagan bir guruh savdogarlar orasida chiqqan. Biroq Novosibirsk shifoxonalariga bu janjalda jarohat olgan mehnat muhojirlari keltirilgani ma’lum bo‘ldi.

Novosibirskdagi ayrim ommaviy axborot vositalarida shu yilning 11 iyulida shaharning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qiluvchi Xilokskiy bozorida ommaviy mushtlashuv bo‘lgani to‘g‘risida xabar tarqadi.

Tayga.info va boshqa nashrlar bozordagi hodisa guvohlariga tayanib, janjalda “ikkala tarafdan 200 ga yaqin tojikistonlik va o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ishtirok etgani” to‘g‘risida yozdi. Sib.fm radiosi Internet nashri esa Xilokskiydagi mushtlashuvdan bir necha kun oldin – 8 iyulda bozorchilar o‘rtasida yana bir tortishuv bo‘lganini ma’lum qildi.

Bu xabarlar ortidan Ozodlik tahririyatiga WhatsApp messenjeri orqali murojaat qilgan tinglovchilardan biri vaziyat tarangligi borasida bularni xabar berdi.

Men hozir Novosibirskdaman. Bu yerda Xilokskiy bozorida 3 kundan beri urush bo‘layapti, o‘zbek ayollarimiz 3 kundan beri ishga borisha olmayapti. Biz tashqariga chiqmay tinchlik saqlab o‘tiribmiz.Bu qanday zamon, hammamiz musulmonlarmizku! Ayollarmizni ketayotgan joyida to‘xtatib temir bilan urayapti, ularda nima ayb?”, deb yozdi tinglovchi.

Bu tinglovchi shahar shifoxonalariga 19 ga yaqin odam keltirilganini ham qo‘shimcha qildi.

Ozodlik vaziyatni oydinlashtirish maqsadida Novosibirsk Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilib, quyidagi javobni oldi.

- Hamma ommaviy axborot vositalarida Xilokskiy masalasida oldin berilgan ma’lumotga tushuntirish kiritildi: “u yerda aslida hech vaqo bo‘lmagan, oldin berilgan vahimali gaplar yolg‘on”.U yerda savdogarlarning ma’muriyat bilan o‘zaro kelishmovchiligi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo millatlararo nizo to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatdan yiroq. Xodimlarimiz u yerga borishdi, vaziyatni nazorat qilishayapti, odamlardan so‘rab-surishtirishdi, shu jumladan ma’muriyatni ham. Hech qanday mushtlashuv bo‘lmagan, deya politsiya rasmiy pozitsiyasini bildirdi podpolkovnik Sergey Shchekotin – Novosibirsk Ichki ishlar boshqarmasi Axborot bo‘limi boshlig‘i.

Ayni paytda, Youtube tarmog‘ida Xilokskiy bozoridagi vaziyatni tasvirlovchi videolar paydo bo‘la boshladi.

Telefonga olingan bunday tasvirlardan birida tizilib turgan yuk avtomobillari atrofida yuzdan ortiq odam qizg‘in tortishayotganini ko‘rish mumkin.

Novosibirskda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik Dilfuza ham shaharda bir necha kun oldin vahimali gaplar tarqagani, turli mish-mishlar paydo bo‘lganini tasdiqladi. U hozirda shaharda tinchlik o‘rnatilganini aytadi:

- Hozir bosdi-bosdi bo‘ldi. O‘zbekiston vakillari va boshqa rahbarlar kelib, bosdi-bosdi qilishdi. Tojiklar o‘zbeklar bilan janjal qilibdi, degan. Hech narsa bo‘lmabdi, aslida – vahima qilvoribdi. Lekin pichoqlangan, bolnitsada yotibdi bir necha yarador bo‘lganlar, deyapti. Bozorga furalar kelgan paytda tojiklar, o‘zbeklar va ozarbayjonlar o‘shanga talashib, janjal chiqibdi. Hozir yaxshi, Novosibirsk hokimi bilan O‘zbekistonning bu yerdagi elchixonasidan vakil kelib, agarda “o‘zbek-tojik deydigan bo‘lsa hammani deport qilamiz”, deb majlis qilibdi. Menga bu haqda o‘sha bozordagi qizlarimiz “Kelmang bu yerga, qattiq jang bo‘layapti”, degan edi. “Bir yigit o‘libdi” degan gaplar ham tasdiqlanmadi, “Faqat jarohat olganlar 18-19 kishi bor”, dedi. Tinchib ketibdi hozir, dedi shaharda oshpazlik qilishini gapirgan Dilfuza.

Politsiya rasmiy bayonoti ortidan “Xilokskiy” Savdo markazi rahbariyatining ham vaziyatga munosabati bildirildi. Bozor direktori Anatoliy Zyablov savdo majmuasida “oddiy hujjat tekshirish amaliyotlari bo‘layotgani, politsiya va operativ xizmatlar ishlayotgani va migratsiya qonunchiligini buzganlar aniqlanayotgani” to‘g‘risida gapirdi.

Mahalliy jurnalistlar ma’muriyat bozor hududida video va fotosuratga olishni taqiqlaganini ham gapirmoqda.

Novosibirskdagi o‘zbeklar jamiyati faoli Dilxush Obitovning Ozodlikka bildirishicha, savdogarlarning kelishmovchiligi sotuvga kelgan mahsulotlari ustida kelib chiqqan.

- Jindek to‘polon bo‘ldi. Bozorda biroz tushunmovchilik bo‘ldi. U yerda peredel emas, shunchaki kelgan yuk ustida talashib qolishgan. “Men sendan oldin olib qo‘yganman!- Men olganman!”, deb tortishuv bo‘lgan. Faqat shu yuk orqasidan ko‘tarilgan, dedi o‘zbeklar jamiyati vakili.

Mahalliy hokimiyat mushtlashuvda jarohat olgan muhojirlar borasida biror ortiqcha ma’lumot berganicha yo‘q.

Xilokskiy bozorida shahar ma’muriyati, Qozog‘iston, Tojikiston hamda O‘zbekistonning yirik qishloq xo‘jalik mahsulotlari etkazib beruvchi shirkat rahbarlari, elchiliklar ishtirokida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar masalasida maxsus yig‘ilish o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Xilokskiy bozorida savdo to‘xtagani yo‘q.

XS
SM
MD
LG