Линклар

Buxoroda militsioner payvandchi yigitni do‘pposlab, pasportini yirtib tashladi


Zuhriddin Rashidov militsiya xodimlari uning pasportini yirtib tashlashganini iddao qiladi

Zuhriddin Rashidov militsiya xodimlari uning pasportini yirtib tashlashganini iddao qiladi

Buxorolik Zuhriddin Rashidovning Ozodlikka da’vo qilishicha, shahar prokuraturasining ikki nafar qo‘riqchisi uni avvaliga do‘pposlab, so‘ngra pasportini yirtib tashlagan. 25 yashar Rashidov iddaosiga ko‘ra, hodisa u ishdan “nohaq” bo‘shatilgani yuzasidan Buxoro shahar prokurori o‘rinbosari Lazizbek Ahadovga fevral oyi boshida arz qilib borgan payti yuz bergan.

Zuhriddin Rashidov o‘z iddaosi isboti o‘laroq yaroqsiz holga kelgan pasporti suratini yubordi.

U hozirga qadar yangi pasport ololmayotganini aytdi.

Buxoro shahar prokurorining o‘rinbosari Lazizbek Ahadov esa mazkur da’vo yuzasidan Ozodlikka izoh berishni istamadi.

“...quldorlik tuzumida emas, kelajagi buyuk davlatda yashayapman”

Zuhriddin Rashidov

Zuhriddin Rashidov

Kasbi payvandchi bo‘lgan Zuhriddin Rashidovning da’vo qilishicha, ikki militsiya xodimi uni Buxoro shahar prokurorining o‘rinbosari Lazizbek Ahadov qabuliga kirmoqchi bo‘lgan payti do‘pposlagan.

Meni ichkariga qo‘yishmadi. Uch soat, to‘rt soat kutib o‘tirdim. Keyin esa militsiya xodimlari “yaxshilikcha bu erdan chiqib ket, bo‘lmasa yomon qilamiz,” deyishdi. Keyin men “nima qila olasan? Tepangda kamera turibdi, menga ugroza qilma, men quldorlik tuzumida emas, kelajagi buyuk davlatda yashayapman,” deganimni bilaman, meni tashqariga chiqarib olib, chetga olib, kaltaklashdi. Pasportimni yirtib tashlashdi,” deydi Zuhriddin Rashidov.

Uning iddao qilishicha, militsiya xodimlaridan biri “yana qaytib kelsang, mordangni yoraman,” deya tahdid qilgan.

“Agar yoqmasa, vataningni sotib, chiqib ket...”

Zuhriddin Rashidov o‘sha hodisadan buyon yangi pasporti ololmayotganini aytdi.

Menda muammo hozir shuki, pasportim yirtilgan. Buni men almashtirolmayapman. Katta pul so‘rayapti. Men yurtboshim Karimovni yaxshi ko‘raman. U kishi Toshkentni biladilar, Buxoroda ne ishlar bo‘layotganidan xabarlari yo‘q!“ dedi Rashidov.

Uning ilova qilishicha, iyun oyida Buxoro shahar pasport stoli xodimlari yangi pasport uchun 360 ming so‘m jarima puli talab qilganlar.

Uka bu ishga qo‘shilmagin. Bu ishga katta korruptsiya qo‘shilgan, qo‘ygin. Tinch yurgin, deyishdi. Foydasi yo‘q, yaxshisi pasportingni almashtir. Agar yoqmasa, vataningni sotib, chiqib ket, deyishdi,” dedi Zuhriddin Rashidov.

U fevral oyi boshida yuz bergan hodisa yuzasidan nazorat organlariga murojaat qilishga qo‘rqqanini e’tirof etdi.

Qo‘rqdim men. Podvalga tiqib, itdan battar ahvolda, do‘ng qo‘yib zo‘rlashadi. O‘zbek xalqi quldorchilik tizimida yashayapti, bilmaysizmlarmi?” dedi Rashidov.

Prokuror inkori

O‘zbekistonda pasportni ataylab yaroqsiz holga keltirganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi zarur

O‘zbekistonda pasportni ataylab yaroqsiz holga keltirganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi zarur

Ozodlik Rashidov shikoyati yuzasidan Buxoro shahar prokurorining o‘rinbosari Lazizbek Ahadovga bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

Prokuratura mulozimi Rashidov arizasi qaydga olinmaganini aytdi.

Agar kelgan bo‘lsa, qonuniy tartibda, qayd qilingan bo‘lardi. U kishi aytaveradi,” dedi Lazizbek Asadov.

U Rashidov iddaosi yuzasidan qo‘shimcha izoh berishni istamadi va Ozodlikdan yozma ravishda murojaat qilishni so‘radi.

Mavjud qonunlarga ko‘ra, pasport O‘zbekiston Respublikasi mulki hisoblanadi va uni nobud qilgan yoki yaroqsiz holga keltirgan fuqarolarga nisbatan jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 227- moddasiga muvofiq, mamlakat fuqarosi pasporti nobud qilinsa yoki yaroqsiz holga keltirilsa, ​eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha mahrum qilish bilan jazolanadi.

XS
SM
MD
LG