Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:39

Kattagina hududni yo‘qotgan IShID ustidan to‘la g‘alaba uchun qancha vaqt kerak?


8 iyun kuni "Islomiy davlat" ekstremist guruhidan ozod qilingan Fallujadagi iroqlik harbiylar patruli
8 iyun kuni "Islomiy davlat" ekstremist guruhidan ozod qilingan Fallujadagi iroqlik harbiylar patruli

Iroq va Suriyadagi kattagina hududni boy bergani ortidan "Islomiy davlat" (ID) ekstremist guruhi yengilayapti, demak, unga qarshi kurash ham bitayapti, degan umid bildirila boshladi. Ammo, pozitsiyalarini boy berarkan, bu guruh katta mag‘lubiyatlar bilan birga, ayrim hududlarda yana yirik g‘alabalar qozondi va eng qonli xudkush hujumini uyushtirdi. Bu hol IDga qarshi kurash taktikasini o‘zgartirish zaruratini paydo qilmoqda.

"Al-Qayda"ga qarshi jangdan olingan tajriba

Tahlilchilar 2003 yilda AQShning Iroqqa kirib, harbiy harakatlar boshlagan paytini xotirlamoqdalar. O‘shanda "Al-Qayda"ning Iroqdagi qanoti tuzilgan edi.

Avvaliga Afg‘oniston va Iroqda bu terrorchi guruhga (shu jumladan, Tolibonga) qarshi urushda an’anaviy taktika qo‘llandi - ulardan egallab olgan hududlari qaytarib olina boshladi. Ammo, AQSh harbiylarining qudratiga dosh berolmagan terrorchilar tez orada katta hududlarga tarqalib, partizanlik urushini boshladi. Bu esa terrorga qarshi kurashni yangi, murakkab bosqichga olib chiqdi.

Tez orada xalqaro koalitsiya qo‘mondonligi ekstremist guruhlardan ma’lum bir hududlarni qaytarib olishning o‘zi kifoya emasligi, keyinchalik ham ozod qilingan hududlar xavfsizligini saqlash va bunda muntazam mahalliy harbiy kuchlar yordamiga tayanish lozimligini anglab etdi. Tabiiyki, tog‘u toshlarni makon tutgan ekstermistlarning doimiy hujumlari xavfi ostida qolayotgan mahalliy qurolli kuchlarni ham bunga rozi qilish zarur edi.

AQSh IDga qarshi kurashda quvvatlayotgan mahalliy kurd va arab jangchilari Suriyaning Manbij shahrida
AQSh IDga qarshi kurashda quvvatlayotgan mahalliy kurd va arab jangchilari Suriyaning Manbij shahrida

Natijada, Iroqda "Al-Qayda"ga qarshi urush nisbatan murakkab ko‘rinish ola boshladi. Bir tarafdan, Falluja kabi shaharlarda alohida aholi punktlarini qisqa muddatga egallab olib, koalitsiya va mahalliy harbiylarni chalg‘itgan terrorchilar, boshqa tarafdan turli hududlarda terrorchilik hujumlarini amalga oshira boshladi. Bu xurujlar ko‘lami Iroq bilangina cheklanib qolmasdan, dunyoning boshqa mamlakatlariga ko‘chdi.

Natijada, ID guruhi bir vaqtning o‘zida qurollangan guruh, terrorchi tashkilot, partizan jangarilar guruhi va ayni paytda, dunyoda yoyila boshlagan xavfli g‘oyaga aylandi. Bu to‘rt unsurning barchasiga qarshi kurashish esa og‘ir bo‘lmoqda.

ID 18 oyda chorak hududini boy berdi

So‘nggi oylarga kelib ID Iroq va Suriyada egallab olgan hududlarini birin-ketin boy bera boshlagach, balki bu ekstremist guruhni yengish u qadar murakkab bo‘lmas, degan umidlar bildirila boshladi.

Qarorgohi Londonda joylashgan IHS tahlil markazi yaqinda e’lon qilgan hisobotda 2015 yilda ID egallab turgan hududining 14 foizi, 2016 yilning yarmida esa 12 foizini boy bergani aytildi.

Natijada, ekstremist guruh o‘z nazoratidagi maydonni saqlash uchun jang qilish bilan birga tashqarida qonli terror hujumlarini oshirishga ham jiddiy e’tibor qarata boshladi. Tabiiyki, hududi torayayotgan ID ojizlashdi, ammo ojizlashgan bu mahluq yanada havfli tus ola boshladi. Hozir ID Iroq va Suriyada o‘z qo‘lida qolayotgan hududdan turib, dunyo bo‘ylab ko‘proq terror va qo‘rquvni tarqatishga urinmoqda.

Fallujaning olinishi

Albatta, so‘nggi 18 oy ichida ID egallab turgan hududning chorak qismidan ortig‘i ozod qilingani muhim natija. Biroq, bu holda IDni engish uchun 6 yil kerakmi, degan haqli savol ham tug‘ilmoqda.

Aslida IDga qarshi ana’anaviy kurashning o‘zi ham oson kechmayotir. Jumladan, ekstermist guruh egallagan ilk va jangarilar uchun ko‘proq ramziy ahamiyat kasb etgan Falluja shahri uchun jang oylarcha davom etdi. Shahar bir yarim oy qamalda qoldi.

Fallujani tark etayotgan aholi
Fallujani tark etayotgan aholi

Atlantic Council tashkiloti tahlilchisi Faysal Itaniyga ko‘ra, ID o‘z kuchlarini nisbatan katta hudud bo‘ylab yoyib yuborgani uchun Fallujani boy berdi. Ammo, jangarilar nazoratida qolayotgan yana ikki shahar - Mosul va ekstermist guruhning poytaxti ko‘rilgan Suriyadagi Roqqa shahrini olish Fallujani ozod qilishga ketgan vaqtdan ko‘ra uzoqroqqa cho‘zilishi mumkin.

Suriyadagi janglar

Suriyada esa IDga qarshi janglar Iroqdagiga nisbatan og‘irroq kechmoqda. O‘tgan haftada jangarilar Suriya ozodligi armiyasiga qarshi bir necha jiddiy hujum uyushtirdi. Kurd jangchilaridan iborat bu guruh AQShning terrorchilarga qarshi kurashdagi muhim hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Koalitsiya qoshidagi Operation Inherent Resolve guruhi vakili, AQSh armiyasi polkovnigi Kristofer Garver Suriyaning Manbij shahrida shakllangan "Mara fronti" bo‘ylab joylashgan kurd jangchilari va boshqa mahalliy isyonchi guruhlar ancha faol ekani, IDga jiddiy qarshilik ko‘rsatayotganini aytdi. Ammo, borgan sari front bo‘lab joylashgan mahalliy isyonchi guruhlarning IDga qarshi janggi biroz sustlashib borayotgani ham xabar qilinmoqda.

Bundan tashqari, AQSh harbiylariga ko‘maklashayotgan Yangi Suriya armiyasi isyonchi guruhiga qarshi Rossiya havo kuchlari hujumi ham vaziyatni og‘irlashtirdi. Ma’lumki, mahalliy isyonchi jangchilar jamlangan Yangi Suriya armiyasi o‘z hududida ID ekstremist guruhiga qarshi faol jang qilmoqda va bu guruhni AQSh hamda Buyuk Britaniya qo‘llamoqda.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu (chapda) Suriya prezidenti Bashar Assad bilan
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu (chapda) Suriya prezidenti Bashar Assad bilan

Mazhablararo ziddiyat xavotiri

Yangi Suriya armiyasi sunniy jangchilardan iborat va mintaqada IDga qarshi kurashda xalqaro koalitsiya uchun muhim tayanch bo‘lib qolmoqda.

Ammo, umumiy dushmanga qarshi kurashayotgan mahalliy qurolli guruhlarning diniy mansubligi mavjud ichki muammo - sunniy va shia musulmonlar o‘rtasidagi mazhablararo ziddiyatlarni yuzaga ko‘tarishidan xavotirlar bor. Associated Press agentligi buning muhim omillaridan biri sifatida Fallujani ozod qilishda, asosan, Iroqdagi shia qurolli guruhlari ko‘magiga tayanilganini tilga oldi. Suriyada esa qurollangan sunniy guruhlar IDga qarshi kurashda ilgarilamoqda.

Shu tariqa, hozirgi vaziyat tahlilidan ko‘rinadiki, oxir-oqibat, ID harbiy yo‘l bilan yo‘q qiladi. Ya’ni, bu ekstremist guruh harbiy yo‘l bilan mag‘lub etishi shart. Zero, xalqaro hamjamiyatda bundan boshqa tanlov imkoni ham yo‘q.

Garchi, bu kurashda sekin-asta yutuqlarga erishilayotgan bo‘lsa-da, mintaqada keyinchalik xavfsizlikni saqlash va ayni paytda, janglar zamirida etilayotgan mazhablararo ziddiyatga barham berish zarurati saqlanib qoladigan ko‘rinadi.

XS
SM
MD
LG