Линклар

Merkel: Germaniya demokratiyani tanlagan Qirg‘izistonga doim yordam berishga tayyor


Angela Merkelni Bishkek aeroportida Almazbek Atambaev kutib oldi.

Angela Merkelni Bishkek aeroportida Almazbek Atambaev kutib oldi.

Germaniya kansleri Angela Merkel rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonga keldi. Bu Merkelning Bishkekka ilk safaridir. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 13 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 23.30 da uchib kelgan Merkel xonimni “Manas” xalqaro aeroportida prezident Almazbek Atambaevning o‘zi kutib olgan.

Germaniya kansleri tashrifining rasmiy qismi bugun bo‘lib o‘tadi. Merkel xonim ayni paytda prezident Almazbek Atambaev bilan yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkizmoqda. Shundan so‘ng u parlament spikeri Ch. Tursunbekov bilan ham uchrashadi.

Merkel bugun ertalab safarining rasmiy qismini dindorlar, etnik ozchiliklar va fuqaroviy jamiyat faollari bilan uchrashuvdan boshladi.

Tashrif chog‘ida ikki tomonlama hujjatlar imzolanmasa-da, tomonlar Germaniya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilishi aytilmoqda.

Rasmiy uchrashuv oldidan Almazbek Atambaev Merkelning Qirg‘izistonga kelganini “tarixiy safar”, deb baholadi. O‘z navbatida Merkel Germaniya Qirg‘izistonga maorif, demokratiyani rivojlantirish kabi sohalarda ko‘mak ko‘rsatayotganini va bu yo‘nalishdagi hamkorlik davom ettirilishini aytdi.

“Qirg‘iziston demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan ajoyib mamlakat. U mintaqadagi kichkina davlat, lekin bu yerda juda aqlli va ziyoli odamlar yashaydi. Germaniya odamlar farovonligini ta’minlash yo‘nalishida Qirg‘izistonga ko‘mak ko‘rsatishga tayyor”, dedi Merkel.

Germaniya kansleri Qirg‘iziston prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida qamoqdagi huquq faoli Azimjon Asqarov taqdiriga oid masalani ko‘taradimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Merkelning Bishkek safari 12 iyul kuni Qirg‘iziston Oliy sudi xalqaro hamjamiyat qamoqdan ozod etilishini talab qilayotgan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natish to‘g‘risda qaror chiqarganidan so‘ng amalga oshirilmoqda. Asqarov 2010 yilda O‘sh qirg‘inida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Xalqaro hamjamiyat Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini aytib keladi.

Merkel qirg‘iz prezidenti Atambaevning bir necha yil oldin Germaniyaga qilgan safari chog‘ida Asqarov masalasini ko‘targan edi.

Qirg‘iz rasmiylari Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishga jo‘natilishi Merkelning Qirg‘izistonga safari bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilganlar.

Germaniya Qirg‘izistonning yirik donorlaridan biri hisoblanadi. 1992 yildan to shu kungacha Germaniya Qirg‘izistonga moliyaviy va texnik jihatdan 250 million yevrodan ko‘proq yordam ko‘rsatgan.

XS
SM
MD
LG