Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:44

Tojikistonda ikki kishi gemorragik bezgak tufayli nobud bo‘ldi


Tojikistonning Xatlon viloyati Boxtar tumanida yashagan 48 yoshli Fotima Qosimova va 17 yashar Safarxon Sharipov gemorragik bezgak tufayli nobud bo‘ldi.

Kana chaqqanidan keyin Xatlon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan Fotima Qosimova o‘sha yerda jon bergan. Safarxon Sharifov onasi Gulchehra Sharifova bilan birgalikda bezgak tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgandi, biroq shifokorlar faqat ayolning hayotini qutqarishga muvaffaq bo‘lishgan, xolos.

Ikkala bemor o‘limidan beri 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Boxtar tuman ma’muriyati vakillari buni Ozodlikning tojik xizmatiga faqat 14 iyulga kelib tasdiqlaganlar.

Tuman rasmiylariga ko‘ra, “gemorragik bezgak” tashxisi Boxtarda yashovchi yana uch kishiga qo‘yilgan, nobud bo‘lgan ikki bemorga aloqasi bo‘lmagan bu odamlar hozir shifokorlar nazorati ostida tutib turilibdi.

Tuman mulozimlarining ishontirishicha, shifokorlar kasallik tarqalishining oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rmoqdalar.

Boxtarda ikki kishi bezgakdan qazo qilganini Xatlon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Saydullo Mallazoda ham tasdiqlagan.

- Hozir biz viloyat aholisi bilan profilaktik tadbirlarni olib borayapmiz. Odamlarni bu kasallik xavfidan ogohlantirayapmiz, ehtiyot choralarini tavsiya qilayapmiz, kasallik alomatlari zuhur etgan taqdirda zudlik bilan shifoxonaga murojaat qilishni maslahat berayapmiz, - dedi Saydullo Mallazoda.

Boxtar tuman veterinariya boshqarmasi rahbari Yo‘ldosh Samadzoda bezgak kanadan yuqayotganini, shuning uchun ular xo‘jaliklarni oralab, jonivorlarni emlayotganlarini aytgan.

Shifokorlar gemorragik bezgak xavfli yuqumli kasallik bo‘lib hisoblanishini ta’kidlaydilar. Shuning uchun ular, agar kasallik alomatlari zuhur etganidan keyin bemorga 3-5 kun ichida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bu holat o‘lim bilan tugashi ehtimoldan holi emasligini aytadilar.

Bezgak faqat tana harorati ko‘tarilishi bilangina emas, tomir urishi va nafas olishning tezlashishi bilan xarakterlanadi. Bezgakka chalingan odamning qon bosimi tushib ketishi, bemor isitma, chanqoq va boshog‘rig‘idan shikoyat qilishi aytiladi.

O‘zbekistonda ham avvalgi yillarda chorva mollari va hasharotlardan odamlarga xavfli kasalliklar, xususan, gemoraggik bezgak yuqish holatlari qayd qilingan.

O‘tgan yil yozida O‘zbekistonning Samarqand viloyatida yashovchi bir bemorga gemorragik bezgak tashxisi qo‘yilgandi.

2014 yili Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida gemorragik bezgak kasaliga chalingan bir bemor qayd etilgan.

2013 yilning avgust oyida Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida gemorragik bezgak kasalligi tarqalgani va 10 ga yaqin odam nobud bo‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG