Линклар

Atambaev Merkel bilan uchrashuv chog‘ida Yevropa va Rossiyani murosaga chaqirdi


Angela Merkelni Bishkek aeroportida Almazbek Atambaev kutib oldi.

Angela Merkelni Bishkek aeroportida Almazbek Atambaev kutib oldi.

Germaniya kansleri Angela Merkel rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonga keldi. Bu Merkelning Bishkekka ilk safaridir. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 13 iyulь kuni mahalliy vaqt bilan soat 23.30 da uchib kelgan Merkel xonimni “Manas” xalqaro aeroportida prezident Almazbek Atambaevning o‘zi kutib olgan.

Germaniya kantsleri tashrifining rasmiy qismi 14 iyul kuni bo‘lib o‘tdi.. Merkel bugun ertalab safarining rasmiy qismini dindorlar, etnik ozchiliklar va fuqaroviy jamiyat faollari bilan uchrashuvdan boshladi. Shundan so‘ng Merkel xonim prezident Almazbek Atambaev bilan yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazdi.

Tashrif chog‘ida ikki tomonlama hujjatlar imzolanmasa-da, tomonlar Germaniya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilishi aytilmoqda.

Rasmiy uchrashuv oldidan Almazbek Atambaev Merkelning Qirg‘izistonga kelganini “tarixiy safar”, deb baholadi. O‘z navbatida Merkel Germaniya Qirg‘izistonga maorif, demokratiyani rivojlantirish kabi sohalarda ko‘mak ko‘rsatayotganini va bu yo‘nalishdagi hamkorlik davom ettirilishini aytdi.

“Qirg‘iziston demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan ajoyib mamlakat. U mintaqadagi kichkina davlat, lekin bu erda juda aqlli va ziyoli odamlar yashaydi. Germaniya odamlar farovonligini ta’minlash yo‘nalishida Qirg‘izistonga ko‘mak ko‘rsatishga tayyor”, dedi Merkel xonim.

O‘z o‘rnida prezident Almazbek Atambaev Ukrainadagi vaziyat ortidan Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida yuzaga kelgan siyosiy ziddiyatlarni bartaraf etishga chaqirdi:

-Men uchrashuv chog‘ida Yevrosiyo mamlakati sifatida Ukrainadagi konflikt oqibatlarini, Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda yuzaga kelgan inqiroz oqibatlarini his qilayotganimizni aytdim va biz tomonlar ertaroq murosaga kelishini istar edik. Biz Yevropani ham, Rossiyani ham kompromisga chaqiramiz, -dedi Atambaev.

Germaniya kantsleri Qirg‘iziston prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida qamoqdagi huquq faoli Azimjon Asqarov taqdiriga oid masalani ko‘taradimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Merkelning Bishkek safari 12 iyul kuni Qirg‘iziston Oliy sudi xalqaro hamjamiyat qamoqdan ozod etilishini talab qilayotgan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natish to‘g‘risda qaror chiqarganidan so‘ng amalga oshirilmoqda. Asqarov 2010 yilda O‘sh qirg‘inida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Xalqaro hamjamiyat Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini aytib keladi.

Merkel qirg‘iz prezidenti Atambaevning bir necha yil oldin Germaniyaga qilgan safari chog‘ida Asqarov masalasini ko‘targan edi.

Qirg‘iz rasmiylari Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishga jo‘natilishi Merkelning Qirg‘izistonga safari bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilganlar.

Biroq Atambaev Merkel bilan o‘tgan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Asqarov masalasini ham tilga olib o‘tdi:

-Asqarovning ishi batafsil, diqqat bilan, ipidan ignasigacha boshqatdan ko‘rib chiqiladi. Har bir detal diqqat bildan o‘rganiladi.Bu jarayon yarim yilga, bir yilga, ikki yilga cho‘zilib ketsa ham, diqqat bilan ko‘rib chiqiladi. Biz BMT Bosh kotibi Ban Ki Munga ham rasman maktub jo‘natib, BMT ekspertlarini Asqarov ishi bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatish uchun Qirg‘izistonga taklif qildik. Lozim bo‘lsa ularning bu yerda bo‘lishini moliyaviy jihatdan ham taminlaymiz, -dedi Atambaev.

Germaniya Qirg‘izistonning yirik donorlaridan biri hisoblanadi. 1992 yildan to shu kungacha Germaniya Qirg‘izistonga moliyaviy va texnik jihatdan 250 million yevrodan ko‘proq yordam ko‘rsatgan.

Qirg‘izistonda yashagan etnik nemislarning ham mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi katta bo‘lgan. Jumladan, millati nemis bo‘lgan Iordan Qirg‘iziston Bosh vaziri lavozimida ishlagan, Gertsen Qirg‘izistonning buyuk rassomlaridan biri hisoblanadi, Fere birinchi qirg‘iz milliy operasi muallifi bo‘lgan, professor Radlov esa eng birinchilardan bo‘lib “Manas” eposini qog‘ozga ko‘chirgan.

XS
SM
MD
LG